AQShda norozilik namoyishlari bo‘lishi mumkin

Shu haftadan boshlab AQShning barcha shtatlari va Vashingtondagi Kapitoliyda qurolli norozilik namoyishlari rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi, deb yozmoqda ABC News jurnalisti Aaron Katerskiy.

Unda aytilishicha, bunday holat 16 yanvardan Amerika shtatlari Qonunchilik yig‘ilishi binolarida, 17-20 yanvar kunlari saylangan Prezident Jo Baydenning inauguratsiyasi rejalashtirilgan Kapitoliyda bo‘lishi mumkin.

Federal qidiruv byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, ularga ma’lum bo‘lgan qurollangan guruh 16 yanvar kuni Vashingtonga yo‘l olishga shay.

"Ular 25-tuzatish orqali Kongress prezidentni lavozimidan chetlashtirsa, katta qo‘zg‘olon bo‘lishi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ular barcha ittifoqdoshlarini Tramp inauguratsiyadan oldin lavozimidan chetlashtirilgan taqdirda, sud va ma’muriy binolarni bosib olishga chaqirmoqda”, deb yozadi jurnalist.

Eslatib o‘tamiz, 6 yanvar kuni Donald Tramp Vashingtondagi mitingda tarafdorlarini Kapitoliyga bostirib kirish, prezident saylovlariga qarshi chiqishda "zaif respublikachilarga yordam berish"ga chaqirdi. O‘sha kuni olomon Kapitoliyni qurshovga oldi, binoga bostirib kirib, Jo Baydenning g‘alabasi tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan Kongres qo‘shma majlisini to‘xtatdi.

Dushanba, 11 yanvar kuni demokratlar Kongressga - vitse-prezident Mayk Pensga Konstitutsiyaning 25-tuzatishidan foydalanib, prezidentlik vakolatlarini unga o‘tkazishga chaqiradigan rezolyusiya taqdim etdi. Buni Pens va Kongressning yarmidan ko‘pi Tramp o‘z vazifalarini bajara olmasligini tan olgan taqdirda amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Ushbu masala bo‘yicha quyi palatada ovoz berish bugun, 12 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, demokratlar Vakillik Palatasiga ig‘vogarlik va tartibsizliklar qo‘zg‘ashda ayblab, amaldagi prezidentga impichment e’lon qilish to‘g‘risidagi moddani taqdim etishdi. Bu bo‘yicha ovoz berish ertaga, chorshanba kuni o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

G.XOLDOROVA tayyorladi.