AQShning 17 shtati saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha da’voni qo‘llab-quvvatlamoqda

AQShning 17 shtati Texasning Oliy sudga prezidentlik saylovlari natijalarini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi da’vosini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Sud bayonotiga ko‘ra, respublikachilar partiyasining vakillari hukumat tepasida bo‘lgan shtatlar da’voga rasman qo‘shilmadi, faqat o‘z fikrlarini bildirishdi, xolos.

Ta’kidlanishicha, Texas shtati ma’murlari AQSh demokratik partiyasidan nomzod Jo Baydenga ovoz bergan to‘rtta beqaror shtatdagi saylov natijalarini bekor qilish talabi bilan sudga murojaat qilgan. Texas bosh prokurori Ken Pekstonning aytishicha, Pensilvaniya, Jorjiya, Viskonsin va Michigan shtatlarida ovoz berishda qoidaga zid holatlar kuzatilgan. Ularda saylov qonunchiligiga koronavirus pandemiyasi bahonasida o‘zgartirish kiritilgan.

Ilgari AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp mahalliy qonunchilik organlarini saylovni muhokama qilish uchun yig‘ilishga chorlab, Jorjiya shtati rahbariyatidan prezident saylovi natijalarini qayta ko‘rib chiqishda ko‘mak so‘ragan edi. Trampning aytishicha, pochta orqali yuborilgan byulletenlardagi saylovchilar imzosi tekshirilsa, Jorjiyada u «tez va oson» g‘alabaga erishadi.

2020 yil 3 noyabr kuni AQShda navbatdagi prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ovozlarni hisoblash va ushbu masala bo‘yicha sud jarayoni hali ham davom etmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden g‘alaba qozonish uchun kerakli miqdordagi saylovchilar ovozini olgan va shu tariqa Trampni ortda qoldirgan. Demokrat allaqachon o‘zini AQShning saylangan prezidenti deb e’lon qildi.