AQShning Hindistonga qarshi 50 foizlik bojlari kuchga kirdi

Tomonlar besh marta muzokara o‘tkazdi, ammo ular samarasiz yakunlandi.
Hozirgi paytda AQShning Hindistonga nisbatan boj stavkalari Osiyodagi eng yuqori ko‘rsatkichga aylangan. Cheklovlar Hindiston eksportining yarmidan ko‘prog‘ini qamrab oladi va avvalo to‘qimachilik hamda zargarlik sanoatiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, elektron mahsulot va farmatsevtika tarmog‘i yangi tariflardan ozod etildi — bu esa, masalan, Apple kompaniyasiga yangi zavodlarga yo‘naltirilgan katta investitsiyalarni saqlab qolish imkonini beradi.
Vashingtonning bunday chorasi Hindistonning Rossiya neftini sotib olishi bilan izohlanmoqda. Shu bilan birga, AQSh hozircha Vladimir Putinga shaxsan sanksiya joriy qilishga shoshilmayapti.
Frankfurter Allgemeine Zeitung nashrining yozishicha, so‘nggi haftalarda AQSh prezidenti Narendra Modi bilan bog‘lanish uchun to‘rt marotaba uringan, ammo Hindiston Bosh vaziri qo‘ng‘iroqlarga javob bermagan.
Nashrning ta’kidlashicha, bu holat Modining AQSh tomonidan joriy etilgan bojxona to‘lovlari va Trampning Hindiston iqtisodiyotiga nisbatan tanqidlaridan noroziligi bilan bog‘liq.