Arafa kuni Qur’on va duo kechasi onlayn namoyish etiladi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Alloh taolo ulug‘ qilgan Zulhijja oyida qilingan xatmi Qur’onlarning yakuniy tilovati va duosi muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li hazratlari, ulamolar va hofizi Kalomullohlar ishtirokida ado etiladi.
Ushbu marosimni “Uzreport” telekanali orqali 30 iyul, arafa kuni kechki soat 21:00 da to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib, bahramand bo‘lishingiz mumkin. Shuningdek, ITV internet telekanalidagi MuslimTV va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham onlayn namoyish etish rejalashtirilgan.
Xabarda aytilishicha, xalqimiz tomonidan ushbu kunlarda yakuniga yetkazilayotgan xatmi Qur’onlar sanog‘i (78) 150-33-44 raqamli telefon orqali kunu tun qabul qilinadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi barcha yurtdoshlarimizni mana shunday duolar mustajob bo‘ladigan pallalarda o‘lkamizga osudalik, baraka, ahli oilamizga tan-sihatlik, bemorlarga shifoi komil va katta tashvish bo‘lib turgan koronavirus kasalligi tezroq daf bo‘lishini Haq taolodan iltijo qilib so‘rashga chaqirgan.