Ariq bo‘ylarini tartibga keltirish zamonaviy loyihalar asosida amalga oshirilyaptimi?

Obi Mashhad kollektori - Toyloq tumanidan oqib o‘tadigan Shovdor kanalidan ajralib chiqib, Samarqand shahrini kesib o‘tadi. Uning umumiy uzunligi 15,5 kilometr bo‘lib, Panjakent ko‘chasidan boshlangan 5,4 kilometri Obi Mashhad deb nomlanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, ilgari ariqda yuzlab buloqlar bo‘lgan.

- Keyingi 30 yil ichida ariqdagi deyarli barcha buloqlarning ko‘zi yopilib ketdi, - deydi Obi Mashhad mahallasida istiqomat qiluvchi Rayim Sohibov. – Bunga Samarqand tumani va shahar aholisi tomonidan tashlanayotgan oqova suvlar sabab bo‘lmoqda. Agar ariq ustiga qurib olingan noqonuniy qurilmalar olinib, ichi tozalansa buloqlar ko‘zi ochiladi. Chunki ayrim joylarda yer ostidan tiniq suvlarni qaynab chiqayotganini ko‘rish mumkin.

Ariqning shahar ichidan oqib o‘tgan qismida beshta yirik avtomobil ko‘prigi bo‘lib, e’tiborsizlik oqibatida ularning osti chiqindiga to‘lib, suv oqimi pasayib qolgan. Ayniqsa, Zehniy ko‘chasidan o‘tgan ko‘prik aholi tomonidan tashlangan qurilish va maishiy chiqindilarga to‘lib qolgan. Obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari tomonidan ikki mashina chiqindi tashib olib ketildi. Mazkur ko‘chadan Shovot ko‘chasigacha bo‘lgan hududda aholi tomonidan ariq ustiga 5 ta uy-joy, 7 ta qo‘shimcha bino qurib olingan.  

- Viloyat hokimining tashabbusi bilan boshlangan tozalash ishlari tufayli shahrimizdagi barcha ariqlar ustida qurilgan noqonuniy qurilmalar olinib, ariq bo‘yida uyilib yotgan chiqindilardan tozalandi, - deydi Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi tarkibidagi kanallar va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish bo‘limi boshlig‘i Nuriddin Solihov. - Ayrim xonadon egalari qo‘lida ariq ustida qurilish ishlarini olib borishga ruxsat berilgan qarorlar bor. Ammo, shahar mikroiqlimini ta’minlash va ekologiyasini asrash maqsadida Samarqand shahar hokimligi va prokuraturasi tomonidan qarorlarni bekor qilish to‘g‘risida fuqarolik sudiga protest kiritildi. Hozirda shahar sudi tomonidan ariqning muhofaza hududida qurilgan barcha qurilmalarni olib tashlash xususida qaror chiqarilgan. Ammo bu qarorlardan imoratlari buziladigan xonadon egalari norozi bo‘lmoqda.

Zehniy ko‘chasi 6-uyda yashovchi Ravshan Vafoyev I guruh nogironi. Turmush o‘rtog‘i ham bir necha yildan beri insult tufayli to‘shakka mixlanib qolgan. Taqdir taqozosi bilan hovlisining 62 kvadrat metri, jumladan, 26 kvadrat metr maydonida qurilgan hojatxona, hammom va oshxonasi aynan Obi-Mashhadning muhofaza zonasiga tushib qolgan. Sud ularning hovlisiga qo‘shib olingan noqonuniy yerlar uchun chiqarilgan qarorni bekor qilgan.  

Obi Mashhad kollektori yoqasida 87 ta qo‘shimcha bino va inshoot qurilgan bo‘lib, ular buzilgan taqdirda egalariga 21 milliard so‘mdan ziyod tovon puli to‘lanishi kerak bo‘ladi. Bu esa bitta ariq yoqasini tozalab, obodonlashtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘. Xuddi shunday ariqlar soni shaharda anchagina.

Samarqand shahridagi Zehniy ko‘chasi 8-A uyda yashovchi O.Kim tomonidan ariq bo‘yidagi 60 kvadrat metr joy o‘zlashtirib olingan ekan. Bir necha yillar ilgari esa shahar hokimligi hamda shahar yer tuzish va kadastr idorasi tomonidan rasmiylashtirilgan. Shuningdek, mazkur ko‘chadagi 6-uy egasi ham xuddi shunday hujjatga ega. Ularga ham sud o‘zboshimchalik bilan egallab olingan hududlarni bo‘shatib qo‘yishlari to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Ammo ayrim xonadon egalari bu ishni amalga oshirishga shoshilmayapti. Hatto shahar hokimligi va obodonlashtirish boshqarmasi ishchilariga ariqni tozalashga xalaqit bermoqda.

- Ayrim xonadon egalari ariqni o‘zboshimchalik bilan har tomondan o‘rab olgan, - deydi shahar obodonlashtirish bo‘limi irrigatori Shamsiddin To‘rayev. – Texnikalarimiz ariq yoqalab harakatlanishi va tozalashining iloji yo‘q. Mahalla faollari bilan uyma-uy yurib tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Hatto ayrimlari sud qarorini ham pisand qilmayapti. Ularga nisbatan jiddiyroq chora ko‘rish kerakka o‘xshaydi.

Ayni shu vaqtda bizga hamrohlik qilayotgan shahar obodonlashtirish bo‘limi vakillariga Muqimiy ko‘chasidagi ayrim xonadon egalari tomonidan belgilangan tartibga rioya qilmasdan, o‘z holicha ariqning ikki yoniga beton tashlayotganligi haqida xabar berishdi. Zudlik bilan o‘sha yerga bordik.

Darhaqiqat, Muqimiy ko‘chasi 52-uyda yashovchi I.Akramovga tegishli xonadon egalari noqonuniy qurilmalar olib tashlangach, Chashma arig‘ining muhofaza zonasiga o‘zboshimchalik bilan beton ariq qurishga chog‘lanayotgan ekan. Mutasaddilar xonadon egalari va quruvchilar bilan suhbatlashib, ariqqa tegishli bo‘lgan hududda qurilish ishlari olib bormasliklarini, aks holda jarima to‘lashlariga to‘g‘ri kelishini tushuntirishdi. 

- Sud qarorlarini o‘z vaqtida bajarlishini ta’minlash bo‘limimiz mutaxassislari zimmasiga yuklatilgan, - deydi majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Ibrohimov. - Ayni paytda xuddi shunday holat yuzasidan 20 dan ziyod ishlar ko‘rilayotgan bo‘lsa, 17 xonadonda belgilangan 15 kun ichida noqonuniy qurilmalari olib tashlandi. Uchta hovli egalariga esa eng kam ish haqining 10 barobarigacha miqdorda jarimaga tortildi.

Ayni paytgacha Samarqand shahrida yuzlab xonadon egalariga noqonuniy qurilmalarini o‘z vaqtida olmaganligi uchun jarimalar solindi.

Mazkur ko‘chadagi 1-boshi berk ko‘cha 2-uy hamda Kichik Maroqand ko‘chasi 26-uy sohiblari ham ariqning ustiga uy qurib olishgan. Sud bu binolarni buzishga qaror chiqargan. Ammo ular sud qaroriga norozilik bildirib, qayta ko‘rib chiqishlarini so‘rashmoqda.

- Ariqlarimiz tozalanayotgani yaxshi, - deydi Ustozlar mahallasi faoli F.Mansuriyon. – Ammo, ariq yoqasidagi qayta qurish ishlari ma’lum bir loyiha asosida olib borilmayapti. Bu esa yana ariq muhofaza hududi qisqarib ketishiga sabab bo‘lyapti.

- Ariqlar ochilib, tozalash ishlari olib borilgach, shu hududdagi xonadon egalari yana ko‘prik va beton lotoklar o‘rnatishmoqda, - deydi N.Solihov. - Bunga obodonlashtirish bo‘yicha yagona loyiha bo‘lmaganligi sabab bo‘lmoqda. Aniq bir loyiha bo‘lsa, xonadon egalari shunga qarab, devor va boshqa qurilmalarini tartibga olishlari mumkin.

Dilmurod TO‘XTAYeV,

«Zarafshon» muxbiri.