Ariqni to‘sib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar tufayli ko‘chalar, xonadonlarni suv bosyapti

Joriy yilning 22 mart kuni «SamTVR» kanalida «Shu yilning 20 mart kuni kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibati Samarqanddagi ayrim ko‘chalarni suv bosdi» sarlavhasi ostida videolavha e’lon qilingan edi.

O‘tgan yilning may oyida Samarqand shahar hokimligi fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudiga da’vo arizalari bilan murojaat qilingan. Murojaatda shaharning Termiz, Muqimiy va Mullaqandov ko‘chalaridan oqib o‘tuvchi «Chashma» kanalining har qirg‘og‘idan 10 metrlik muhofaza mintaqasi belgilangan bo‘lsa-da, shu hududda yashovchi qator xonadon egalari ushbu kanal hamda uning kollektor-drenaj tarmoqlarining muhofaza zonalarida o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy bino-inshootlar qurib olganliklari, bu esa kanal bo‘yida tozalash va obodoshlashtirish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli hudud va kanal chiqindilarga to‘lib, yog‘ingarchilik mavsumida fuqarolarning uy-joylari hamda shahar ko‘chalari suv bosishiga sabab bo‘layotganligi bildirilgan. Ushbu noqonuniy qurilmalarni buzdirish va muhofaza mintaqasining yer maydonini ochib berish haqida qaror chiqarishni so‘ragan.

Shahar hokimligining da’vo arizalari fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan qanoatlantirilib, ushbu noqonuniy qurilmalarni javobgarlar hisobidan buzib tashlash belgilangan.

Sud qarorlari asosida chiqarilgan ijro hujjatlari 2019 yilning iyul va avgust oylarida Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limiga kelib tushgan va ijro tadbirlari tashkil qilingan.

Ijro harakatlari davomida har bir javobgar va ularning vakillari bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilgan, ularga noqonuniy qurilmalarni ixtiyoriy ravishda buzib tashlash hamda muhofaza zonasi yer maydonini tozalash uchun muddat berilgan.

Biroq ushbu shaxslar o‘z manfaatlarini qonun talablaridan ustun qo‘yib, sud qarorlari va davlat organlari talablariga, o‘z mahalladoshlarining arzlariga e’tiborsizlik bilan qarab kelganliklari oqibatida 2020 yil 20 mart kuni bo‘lib o‘tgan yog‘ingarchilik vaqtida shu atrofdagi ko‘chalarni va qator xonadonlarni suv bosgan.

Sud qarori talablarini berilgan ixtiyoriy muddatda bajarmagan Termiz ko‘chasining 1-yo‘lagida yashovchi yashovchi O.S. va I.S.lar, Mullaqandov ko‘chasida yashovchi J.K., Muqimiy 1-berk ko‘chada yashovchi L.B. va I.A.lar tomonidan «Chashma» kanalining muhofaza hududida o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy ravishda qurib olingan bino-inshootlar 2020 yil 23 mart kuni Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi xodimlari hamda mutaxassislar ishtirokida majburiy tartibda buzildi.

Hozirgi kunda kanal muhofaza zonasida Termiz ko‘chasi, 1-yo‘lakda yashovchi S.M. va M.Ya., Mullaqandov ko‘chasida yashovchi L.B. hamda Muqimiy 1-berk ko‘chada yashovchi L.O‘. tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurib olingan bino-inshootlarni buzish va kanal bo‘yidagi yer maydonini ochib berish borasida majburiy ijro tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Bahor oylari seryog‘in kelishi kutilmoqda. Bu esa turli ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kecha yoqqan kuchli yomg‘ir ko‘pchilikka og‘ir sinov bo‘ldi. Suv yo‘li sun’iy yopib qo‘yilishi oqibatida to‘plangan suv hovlilarga kirib, yo‘llarni yaroqsiz ahvolga keltirdi.

Shu bois xonadoningiz yaqinidan o‘tgan kanal, ariqlar va boshqa suv yo‘llarini to‘smaslikni, ularning yonida, ariqlar ustida turli noqonuniy qurilishlar olib bormaslikni iltimos qilamiz.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.