Armon...

A’zamjon ulg‘aygan sari, tarbiyali, intizomli, aqlli bola bo‘lib o‘sdi. Har yili maktabdan unga, ota-onasiga tashakkurnoma berilardi. Uning bilimi kuchli bo‘lib, tarix, matematika, fizika, adabiyot ustozlari fan olimpiadasiga olib chiqishga talashar edi.

A’zamjonning, ayniqsa, adabiyotga mehri baland  bo‘lib, she’r va hikoyalar mashq qilib turardi. Bunday iste’dod unga otasidan o‘tgan edi. Rahmatli otasi kuchli shifokor, xirurg edi. Garchi hirurg bo‘lsa-da ko‘plab she’rlar, ayniqsa A’zamjonning onasi, Farog‘at xolaga atab yozgan she’rlari talaygina edi.

U yigit yoshiga yetganida o‘zidan ikki yosh kichik Gulruhga ko‘ngil qo‘ydi. Ular fan olimpiadasining viloyat bosqichida ko‘rishib, tanishgan edilar. Gulruh mahallada mansabdor kishining qizi bo‘lib, A’zamjonning onasiga xush kelmas, A’zamjon esa onasiga bor haqiqatni aytib, vaqti kelganda Guruhga uylanishini aytib o‘tardi.
Maktabni tugatib, universitetda onasi kabi tarix yo‘nalishida o‘qidi, yigitlik burchini ado etish maqsadida, harbiy xizmatga borib keldi. Bu orada Gulruh ham universitetni oxirgi kursida tahsil olayotgan edi.

Gulruh har safar A’zamjonga, uyiga ko‘plab sovchilar kelayotganini, ular A’zamjondan sovchi kutishayotganini aytar edi.
A’zamjonning onasi qat’iy bir qarorda turib oldi. “Men boyvuchcha qiz, Gulruhni kelin qilmayman“, deb, o‘g‘lining ko‘ngliga qarab ham o‘tirmadi. Opasini yoniga olib uzoqroq qarindoshlarinikiga sovchilikka borishdi. Ular ham qizlarini A’zamjonga  berishga rozilik bildirdi.
Kunlar, kunlar ketidan ikki oy ham o‘tib, to‘y kuni yaqinlashdi. Dilshodaga ko‘ngli ilimasa ham, onasi unga yomon qizni ravo ko‘rmasligini juda yaxshi tushungan A’zamjon yaxshi kayfiyatda yurishga harakat qildi.

To‘ydan bir kun oldin ZAGSdan o‘tish uchun yo‘lga chiqqan kuyov navkarlarning mashinalari katta tezlikda harakatlanganligi sababli kattakon "Kamaz" tagiga kirib ketgan edi. Hamma to‘yda, shod, xurram, negadir A’zamjonning onasi Farog‘at xolaning qo‘lidan kosasi tushib chil-chil sinib tushdi. Buni ko‘rgan to‘yboshilar “Kelgan balo shunga ursin“ deb qolishdi.
Dilshodaga hamma havas bilan qarashadi. U maktabda boshlang‘ich sinflarga dars bera boshlaganida Farog‘at xola uni kelin qilishini aytib o‘tardi. Shu zaylda pinhona sevgisini 5 yil kutib orzusi ushalayotganidan mamnun edi. Oppoq libos kiyib sevgilisini kutayotgan Dilshoda, negadir ko‘ngli g‘ashligini yaqin dugonasiga aytib turgandi.

Hamma yetkazilgan xabardan lol qoldi, avariya tufayli A’zamjon va shofyor yigit mashina oldi tarafida o‘tirganligi tufayli halok bo‘lgan edi.
Hammani armonda qoldirgan A’zamjonni onasi Farog‘at holaning so‘zlari hali-hanuz qulog‘im oldida jaranglaydi:
- Men o‘g‘limning ko‘nglidagi qizni olib bermaganim bir armon bo‘lsa, uning baxtini ko‘rolmaganim, menga ming armon bo‘ldi. «Bo‘zlab-bo‘zlab bo‘zlaganim, meni ra’yimni qaytara olmagan, ko‘nglimga qarab, chizgan chizig‘imdan chiqolmagan, go‘shanga ko‘rmay ketgan bolam...», deb uvvos solib yig‘lardi.
Bu xabardan keyin Dilshoda bir zum qotib qoldi. "Nega, nega, ey hayot, shunday qismat yozding, mening aybim, ayniqsa, A’zam akaning nima gunohi bor edi, bunday holga tushdik", deya karaxt axvolga tushgan edi.

A’zamjonning ta’ziyasi kuni Gulruh Farog‘at xolaning qo‘liga qo‘lda tikilgan ro‘molcha berib ketdi, shunda xolam Gulruhni quchoqlab, yana bo‘zlab-bo‘zlab qoldi. Bu ro‘molcha Farog‘at xola keliniga atab tikkan ro‘molcha edi...

Nargiza Tojibayeva.