ARSLONYURAK SHOIR

* Adib ijodiga bir nazar
Abdusaid Ko‘chimov nazm va nasrda baravar ijod qiladigan, o‘ziga xos salohiyatga ega ijodkorlardan biri. Nazm qalamkashdan jo‘shqinlikni, muxtasarlikni, nasr bayonining teranligi va qamrovdorligini talab qiladi. Kamdan-kam ijodkorlar mana shunday xislatlarni uyg‘unlashtira oladi. Zotan, Navoiy kabi daholar, Bobur Mirzo kabi benazir iste’dod sohiblari, G‘afur G‘ulom va Oybek kabi zabardast adiblar mana shunday noyob salohiyatga ega bo‘lgan.
Vatan mavzusi muqaddas sifatida Abdusaid Ko‘chimov ijodida ham yetakchi o‘rin tutadi. Uyurtimizning betakror go‘shalaridan biri – qadimiy va ko‘hna Urgut farzandi. Abdusaid Ko‘chimov “Zarrada quyosh, senda O‘zbekiston aksi bor”, deya mazkur qadimiy go‘sha farzandi ekani bilan haqli faxrlanadi:
Moviy samoga tutash qoya-yu tog‘laringga,
Ko‘zlarni qamashtirgan mezavor bog‘laringga.
Turnako‘z buloqlaring, toshqin irmoqlaringga,
Qurbon bo‘lsin bu jonim – jondan aziz makonim, –
Orta yurtim – Urgutim,
Bobo yurtim – Urgutim!
Shoir Vatanga muhabbatini ko‘plab zalvorli manzumalarida izhor etadi. Vatanni kuylash, uni ta’riflash oson emas. Hatto Abdulla Oripov kabi buyuk shoir ham ona-Vatanni vafs etishga hatto mening o‘tkir qalamim ham ojizlik qiladi, deb e’tirof etgandi (“Faqat ojiz qalamim manim,/ O‘zbekiston Vatanim manim”).
Abdusaid Ko‘chimovning “Vatan” she’rida ham uni ta’riflashga shoirning lug‘aviy boyligi-yu musavvirning son-sanoqsiz bo‘yoqlari ojiz ekani ta’kidlanadi:
Boshingda osmonu, qoshingda quyosh,
Tasviring chizolmay musavvir halak.
Shoir so‘z axtarib qotiradi bosh,
Buloqday qaynaydi oshufta yurak.
Parivash jamolin qiladi ko‘z-ko‘z,
Bag‘ringda barq urgan har gul, har qiyoq.
Faqat shoiringga yetishmaydi so‘z,
Faqat musavvvirga yetmaydi bo‘yoq.
Shoir Parvardigori olamga “Iltijo”larida ham ona yurtimiz O‘zbekiston baxtu saodatini yolvorib so‘raydi:
Elim deb, yurtim deb yashash baxtini
Nasib et o‘zbegim – jonajonimga.
Mangu nasib ayla iqbol taxtini
O‘zbekistonimga – onajonimga.
Abdusaid Ko‘chimov ona yurtimiz ta’rifini baland pardalarda kuylar ekan, yurtimiz jahon tamadduni ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan son-sanoqsiz allomalar yurti ekanini alohida ta’kidlaydi:
Yulduzlarni sanash mumkindir balkim,
Hisoblash mumkindir sayyoralarni.
Sanab sanog‘iga yetolmas hech kim
O‘zbekzamindagi allomalarni.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoira Zulfiya Mo‘minova Abusaid Ko‘chimov lirikasi va ijodiga xos vatanparvarlikni shoirona ta’riflaydi:
“Abdusaid Ko‘chimov deyilsa, ko‘z o‘ngimga bahor chog‘i saman otini minib, Urgut tog‘laridan tushib kelayotgan o‘g‘lon keladi. Otining yonidagi xurjunning o‘ng qopchasida ravoch, anzur piyozi, kiyiko‘t hamda turli giyohlar, chap tomonida esa alvon ochilgan lolalar.
U qishlokdagilarga har yili bahorni shu tariqa sovg‘a qiladi. U tog‘ning qayerida shifobaxsh giyohlar borligini biladi. Lolalar qayerda ko‘p bo‘lishini shoir sezgisi bilan sezadi. Giyohlarni nuroniylarga ulashar ekan, ularning duolarini oladi. Ravoch, anzur, qo‘zigul, chuchmomalarni bolalarga berib, quvonchini ko‘zlariga ko‘chiradi, lolalar – onalarga, yangalarga, amma-yu xolalarga va qishloq qizlariga!
Chavandozning kayfiyati ko‘tarinki. Chunki u tog‘dan qalbi to‘la ilhom, yuragi to‘la she’r bilan qaytdi. Uyga kiradi-yu ko‘klam ifori taralib turgan tuyg‘ularini qog‘ozga tushirdi:
Boshingda osmonu, qoshingda quyosh,
Tasviring chizolmay musavvir halak.
Shoir so‘z axtarib qoshiradi bosh,
Buloqdek qaynaydi oshufta yurak.
Yuksakda, tog‘lar bag‘rida uning boshi oppoq bulutlarga tegib turdi. Ming ko‘zli buloqlar ming turli ertaklar so‘zladilar unga. Buloqlardan egilib suv ichdi. So‘ng buloq bo‘yidagi chechaklarga boshini qo‘yib osmonga boqqanicha buloq bilan, bahor bilan, osmon bilan gaplashib yotadi va shunday satrlarni bitadi:
Bir nihol ekdingmi Vatan bog‘iga,
Mehringni to‘kdingmi cho‘l, yantog‘iga,
Gullarga chang-g‘ubor qo‘ngan chog‘ida
Arta biloldingmi changu g‘uborni –
Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?
Shoir qalbi – Vatan uchun ochilgan muhabbat gullarining maskanidir. Shoirning tomirlari Vatanning jon tomirlari ila tutashib ketgan.
Aynan Abdusaid Ko‘chimov ijodining biror lahzasini Vatan mavzusidan ayro topmaysiz. Uning baxti ham shunda”.
She’riyatning kuchli jozabasi, hatto qudratli ohanrabosi bor. Shuning uchun ham aksariyat odamlar she’r yozadi, shoir degan yuksak nomga da’vogarlik qiladi. Biroq she’riyat gulshanining darvozasi faqat o‘ziga xos tilsim bilan ochiladi. Bu tilsimni esa hamma ham bilavermaydi. Oqibatda shoirlikka aksariyat da’vogarlar mazkur tilsimni bilmaganliklari sababli she’riyat gulshaniga kira olmay bir umr uning atrofida aylanib o‘tib ketadi.
Shoirdan birinchi galda har bir so‘zga xos sehrni kashf etish talab qilinadi. Qolaversa, so‘zlarni mahorat bilan qo‘llash, obrazlardan o‘rinli va unumli foydalanish, muhimi, bulbul kabi ravon kuylash talab qilinadi. Abdusaid Ko‘chimovning shunday she’rlari borki, ular ravonligi, obrazlarga boyligi, satrlar bir-biri bilan kavsharlanganday payvasta ekani, o‘ynoqi va teran falsafiy mazmun-mohiyati bilan rom qiladi:
Tutdek to‘kilardi, qolmay qilcha iz,
Tutib turmaganda Yulduzni Yulduz.
Bir-biriga sodiq, vafodor-yo‘ldosh,
Ahil oiladir Oy bilan Quyosh.
Mudom bir-biriga halovat izlar,
Vafodor oshiqlar – Kecha, Kunduzlar.
Daraxtning tomiri bo‘lsaydi sayoz,
Qovjirab qolardi kelmasdan ayoz.
Suyab turmasaydi tog‘larni tog‘lar,
Yanchib tashlar edi ularni zog‘lar.
Satrlar aksariyat to‘q qofiyalarga ega mazkur she’riy parcha shoirning “Oila” she’ridan olingan. Shoir “Oy bilan Quyosh”, “Kecha va Kunduz” tashbehlarini qo‘llaganda oilaning ikki ustuni – er va xotinni nazarda tutgani, shubhasiz. She’r mustahkam oila dunyoning ustuni, oila – O‘zbekistonda jon qadar aziz ekani ta’kidlangan holda yakunlangan.
Shoirlarning aksariyati tuyg‘ularini, quvonchu g‘am-g‘ussalarini tabiat tasviri orqali ifoda qiladi. Hamid Olimjonning “O‘rik gullaganda”, Oybekning “Na’matak” she’rlarida shu holni kuzatamiz.
Nafis chayqaladi bir tup na’matak,
Yuksakda, shamolning belanchagida.
Quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul,
Viqor-la o‘shshaygan qoya labida,
Nafis chayqaladi bir tup na’matak...
Oybek domla na’matakning “Quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul, Viqor-la o‘shshaygan qoya labida” nafis chayqalishini ta’kidlar ekan, aslida bu she’rni qandaydir dardu hasratlardan bezgan holda armon bilan yozganini zimdan his qilamiz. Hamid Olimjonning “O‘rik gullaganda” she’ri ham qandaydir shikoyat, armon, ayni paytda ertangi kunga umidvorlik bilan yo‘g‘rilgan.
Buyuk ustozlar an’anasiga sodiqlik bilan qalam tebratadigan Abdusaid Ko‘chimovning “Oqquvray” she’ri ham teran dardu hasrat, ayni paytda o‘zgacha ilhom va jo‘shqinlik bilan yozilgan:
Jonim, taqdir sinovi bo‘ladimi shunchalik,
Yolg‘izlikning azobin hech kim bilmas senchalik,
Bu dunyoda darddoshing, sirdoshing yo‘q tunchalik,
Senga qarab yig‘lar soy,
Unsiz faryod chekar oy,
Ko‘ngli yarim Oqquvray, sumabarim Oqquvray.
Bu she’r shoir muayyan og‘ir taqdir sinoviga duch kelgan, yolg‘izlik azobidan iztirobga tushgan, tundan o‘zga dardkashu sirdoshi yo‘q mushkul vaziyatda yozilgani, shubhasiz. Shuning uchun bu she’r menga alamli taronaday tuyuldi. Ma’lumki, “quvray” - “oqquvray” dasht o‘simligi. Binobarin,bu so‘z aytilishi hamono ko‘z oldingizda ufqlarga tutashgan bepoyon dashtu biyobon namoyon bo‘ladi va qalbingizni qandaydir g‘am-g‘ussa chulg‘ab oladi.
Bu she’rni o‘qir ekanman, ustoz Abdulla Oripovning “Kakligim” she’ri yodimga tushdi. Bushe’r ham alamli armon bilan yo‘g‘rilgan va armon bilan yakunlangan:
Bilmadim ne bo‘ldi – ketding bedarak,
Do‘rmon bog‘larini kezdim jonsarak.
Qushdan do‘st topgandim , ko‘p ko‘rdi falak,
Endi qaylardasan, oshno kakligim.
Abdusaid Ko‘chimov ustoz Abdulla Oripov siymosiga o‘zgacha ixlos bilan munosabatda bo‘lishini ta’kidlash kerak. U “Abdulla Oripov dorilfununi” she’rida ta’kidlaydi:
Har kimning boshiga qo‘nsin baxt qushi,
Har kim sulton bo‘lsin sharaf tojiga.
Ammo chidarmikin har qanday kishi,
Shon-shuhrat atalmish sinov bojiga...
El-yurt muhabbati, Vvtan ardog‘i,
Yo‘lingga quyoshdek to‘ksa nurini;
Sabru qanoatdan bergay saboqni
Abdulla Oripov dorilfununi.
Shoirman, deguvchi har ahli qalam
Abdulla Orifdek yozmog‘i farzdir.
Ranju alamlarga chidamoqni ham
Kamtarin ustozdan o‘rgansa arzir.
Darvoqe, Abdusaid Ko‘chimov ustoz Abdulla Oripovni o‘zgacha hayrat bilan esga oladi:
“– Abdulla Oripov she’rlarini suyib o‘qimagan, yodlamagan, do‘stlariga, tanish-bilishlariga, sevimli yoriga to‘lqinlanib, toshib-jo‘shib aytib bermagan kitobxon bormikan tevarak-atrofimizda? Illo, shoir ijodi, ijodidagi teran falsafa, inson qalbi manzaralari chizilgan inja tasvirlar, diyonatsizlik, xiyonat, sullohlik, meshchanlik, taqlidchilik kabi illatlarga bo‘lgan nafrat, bir so‘z bilan aytganda, Abdulla Oripov fenomeni (Odil Yoqubov iborasi) hali yana necha-necha asrlar o‘ziga mahliyo etguvchi bebaho javohirot ummoni ekani isbot talab qilmaydigan oddiy haqiqatdir. U bilan suhbatda bo‘lgan har qanday inson ulug‘ shoir tafakkuri, yuksak va boy ruhiy olami, keng dunyoqarashi, chuqur ilmiy falsafiy fikr-mulohazalari, o‘t-olov tuyg‘ulari oldida beixtiyor ta’zimga chog‘lanardi. Ijodkor mehnatiga, adabiyotga, hayotga, jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarga, do‘stlikka, oilaga katta mas’uliyat bilan qarashi, zukko faylasufligi, hayotga cheksiz maftunligi, yosh ijodkorlarga hamisha foydali maslahatlar berishi esa havasni keltirardi. Ko‘rinishidan doimo o‘ychan, vazmin bu insonning yaqinlar davrasidagi quvnoq hazil-mutoyibalari, odamgarchiligi, mehmondo‘stligi, gurungdoshligi hayratga solardi”.
Ta’kidlash kerakki, Abdusaid Ko‘chimov she’riyati ham ustoz Abdulla Oripov lirikasi kabi falsafiy teranligi bilan ajralib turadi. Shoir hatto yirik she’rlarida ham faylasuf shoir Sa’diy Sheroziy kabi biron teran hikmat aytishi e’tiborni tortadi. A.Ko‘chimovning ayniqsa, sakkizliklari va to‘rtliklari teran hikmatomuz mazmun-mohiyati bilan diqqatga sazovor hisoblanadi. Binobarin, shoirning “To‘g‘rilar va o‘g‘rilar” to‘rtligi shu jihati bilan ajralib turadi:
Mudom o‘zlarini yurishar ushlab,
Aslo “to‘g‘rimiz” deb, aytmas to‘g‘rilar.
“Bizlar halolmiz!” deb ko‘ksiga mushtlar
Aybi fosh bo‘lishdan qo‘rqqan o‘g‘rilar.
Bu to‘rtlikda shoirning o‘ziga xos sobit hayotiy dasturilamali, hamisha to‘g‘rilar tarafida ekani, o‘g‘rilar bilan esa aslo chiqisha olmasligi ham o‘z ifodasini topgan.
Qur’oni karimda Qalam surasi bor. Albatta, bunda ilohiy Qalam nazarda tutilgan. Mumtoz adabiyotimizda ham qalam o‘zgacha ixlos bilan ta’riflangan. Hazrat Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida uning ta’rifiga maxsus bob bag‘ishlagan. Navoiy qalamni “Tangri hukmi bilan g‘aroyib tilsim”, deb ta’riflaydi:
Qalam parvoz qilar misli tulpor ot,
Azaldan manzili yuksak koinot.
Shiddati gar dilga vahima solar,
Shabdez kabi shitob ko‘zdan yo‘qolar.
Odamzod barmog‘i unda shahsuvor,
Bo‘g‘inlar belbog‘u tirnoqlar uzor.
Chopganda quyrug‘i zafar mayog‘i,
Qulog‘iday tilik boshdan-oyog‘i.
Nainki Shabdez u, qushdir xushovoz,
Qanotsiz ham qilar har tomon parvoz.
Bu qush tumshug‘ida garchi tosh zohir,
Va lekin olamga sochar javohir.
Nainki qush, qushda yo‘q bunday jism,
Tangri hukmi bilan g‘aroyib tilsim.
XX asrning yirik adiblaridan biri Frans Kafka: “Qalam yozuv quroli emas, yozuvchining tana a’zosi” ekanini ta’kidlaydi. Abdusaid Ko‘chimov ham “Qalamga” she’rida unga yuqoridagi ta’riflarga aslo o‘xshamaydigan o‘zgacha ta’rif beradi. Uni hatto o‘zining to‘rtinchi farzandi deb ataydi:
Uch qora ko‘z – bordir uch bolam,
Sen to‘rtinchi bolamsan, qalam.
Quvonch-kulgu, tashvishu nolam –
Sen bor, tengsiz baxtim bor mening.
Shoir bu ta’rif bilan qanoatlanib qolmasdan qalamni qiblagohlariga qiyoslaydi:
Qattiq qo‘lsan otamday doim,
Goh onamdek munis, muloyim,
Shundoq bo‘lib qolgin, iloyim,
Sen bor, tengsiz baxtim bor mening.
XX asr xalqimiz hayotining barcha sohalarida ulkan tarixiy o‘chmas iz qoldirgan yuz yillik hisoblanadi. Mamlakatimiz xalqi mazkur asrda qo‘lga kiritgan yutuqlar bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ayni paytda Fitrat, Qodiriy, Cho‘pon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shukur Xolmirzayev kabi buyuk shoir va adiblar adabiyotimiz yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shdi. Abdusaid Ko‘chimovni ham XX asrda yashab, ijod qilgan qalamkashlar sirasiga kiritish mumkin. U o‘zidan oldingi Abdulla Oripov an’analarini yana bir pog‘ona yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shgan, adabiyotimiz tarixida yetmishinchi yillar avlodi deb nom olgan peshqadam ijodkorlardan biri ekani bilan e’tiborga molik.
Abdusaid Ko‘chimov o‘zini asosan jurnalist deb biladi. Binobarin, uning “Jurnalistlarga” she’rini bevosita o‘ziga nisbatan ham qo‘llash mumkin:
Nongiz goh butun, goho yarimta,
Dilingiz tuhmatdan goh nimta-nimta.
Ammo dardingizni aytmay hech kimga,
Madad bo‘lay deysiz ona halqimga –
Elim deb, yurtim deb yongan jonlarim,
Jurnalist do‘stlarim, qadrdonlarim.
Muhimi, Abdusaid Ko‘chimov o‘zi e’tirof etgani kabi “ona xalqimga madad bo‘lay deya, elim, yurtim deb yonib yashayotgan ijodkorlarning peshqadam safida borayotgan xalqparvar, vatanparvar, adolatparvar shoir va adib hisoblanadi.
Ustoz Abdulla Oripov ichi qora hasadgo‘ylarni “ichida tonnalab ko‘mir bor” deya haqli ravishda malomat qiladi – fosh qiladi. Abdusaid Ko‘chimov esa hasadgo‘ylarga nisbatan “ko‘rolmaydigan baxil kimsalar” iborasidan kelib chiqqan holda o‘ziga xos “ko‘rolmovchilar” so‘zini qo‘llaydi va shu nomda salmoqli she’r bitadi:
Zimiston o‘rmonda duch kelsang sherga,
Yoxud, hujum qilsa bir to‘p o‘qilon.
Berkinish mumkindir allaqayerga,
Ko‘rolmasdan esa.... qiyin, dargumon.
“Noshukur” she’rida qanoatsiz ochko‘zlarning qiyofasini mahorat bilan chizadi:
Daryo bersang simiradi,
Dunyo bersang to‘ymaydi.
Ammo yetim qo‘zichoqdek
Ma’rashini qo‘ymaydi.
Ezgulik nainki shoir va adib, balki oddiy inson sifatida ham Abdusaid Ko‘chimovning bosh shiori hisoblanadi:
Kimsaga elanma, chirog‘im,
Elingni elomon uli bo‘l.
Ulkan ishga kelmasa chog‘ing,
Ezgulikning tanti quli bo‘l.
Hayotning turli sinovlaridan o‘tgan shoir juda o‘rinli ravishda “Ehtiyot”korlikka chorlaydi:
Noshud – ovsardan yomon,
Ovsar – qaysardan yomon.
Johil kimsa baridan
Beshafqat va beomon.
Bundaylarni ko‘rganda
O‘zingni tutgil yiroq.
Ularga teng bo‘lgandan
Bo‘lmaganing yaxshiroq.
Abdusaid Ko‘chimov she’r yozish asnosida ayniqsa irsoli masal, ya’ni maqollar va naqllarni turlicha shaklda qo‘llab o‘ziga xos betakror asarlar yaratadi. Jumladan, xalqimizda tomchi toshni teshar naqli bor. Shoir ayni naqldan foydalangan holda go‘zal to‘rtlik yozgan:
Tomchidan ogoh bo‘l, yomg‘irdan emas,
Tomchi tashvishingga tashvish qo‘shadi.
Bobolar har so‘zni bekorga demas:
Tomchi tomaversa, toshni teshadi.
To‘rtlikning oxirgi satridagi so‘zlarning barchami “t” jarangdor undosh tovushi bilan boshlangani holda o‘ziga xos shoirona musiqiylikni ta’kinlagan.
Ayni paytda Abdusaid Ko‘chimovning to‘rtliklarini o‘ziga xos bitiklar deb ta’riflash ham mumkin. Jumladan, quyidagi to‘rtlikni shamolga bitik deb atash mumkin:
Yengil narsalarni izlaydi shamol,
Yengil narsalarni poylab turadi.
Yengil narsalarni topdimi, darhol,
Ko‘kka olib chiqib, yerga uradi..
Shoirning tutunga to‘rtlik-bitigi ayniqsa o‘ziga xos teran ma’noga ega:
O‘tin yoqsang, hammadan burun,
Alangadan tutun chiqadi.
Xushomadgo‘y bamisli tutun,
Olovdan ham butun chiqadi.
Shoirning “Hovliqma” to‘rtligi masal tarzida bitilgan:
Solaman deb dunyoga dovruq,
Xo‘roz bo‘lib qichqirdi tovuq.
Hayal o‘tmay taqdiri pishdi –
Pat yulinib, qozonga tushdi.
Umuman, u masalmonand, hazilomuz she’rlarni mahorat bilan yozadi.
Abdusaid Ko‘chimov o‘z ijodida xalq laparlaridan ham unumli foydalanadi. Natijada uning she’rlari yana ham xalqchil tus oladi, xalqona ravon ohanglar kasb etadi. “O‘g‘limga” she’ri ana shunday xalqona satrlar bilan boshlanadi:
Onam ekkan gul-rayhon,
So‘lmaydi, deb o‘ylardim.
Otajonim hech qachon
O‘lmaydi, deb o‘ylardim.
O‘n besh yilki, yo‘q onam,
Otam yo‘qdir olamda.
Ko‘nikib qoldik bolam,
Bu judolik – olamga.
She’rning dastlabki bandi mana shunday armon bilan yo‘g‘rilgan. Nihoyasida esa hazilomuz hayot haqiqati yorqin aks etgan:
...Otam tushib yodimga,
Xayol qurg‘ur opqochdi.
Boqma arzu dodimga,
Gap chuvalib, gap qochdi.
Yelvizakda ro‘yoday,
O‘tadigan chaqmoq yo‘q.
Hali-beri dunyodan
Ketadigan ahmoq yo‘q.
Xulosa o‘rnida aytganda, yuragida arslon bedor shoir va adib Abdusaid Ko‘chimov bugungi kunda ustoz ijodkor maqomiga yetdi.
Ustozga ijodiy zafarlar tilaymiz!
Ismat KO‘ChIYeV,
O‘zbekiston va Belarus Yozuvchilari
uyushmasi a’zosi, adib va shoir.
Abduhamid PARDAYeV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir.