Behbudiy haqiqati

Adabiyotshunos olim Bahodir Karimov Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan “Behbudiy va boshqalar” kitobini nashrdan chiqardi.
Ushbu kitobda Turkiston jadidlari yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiyning adabiy-ma’rifiy dunyosiga xos fazilatlar, jadid adabiyotining turli qirralari, shuningdek, Behbudiyga maslakdosh, safdosh, shogird bo‘lgan bir qator jadid muallim va adiblar to‘g‘risidagi adabiy-ilmiy maqolalari jamlangan.
E’tiborlisi, kitobda jamlangan maqolalar kecha yoki bugun yozilmagan. Balki olim bu maqolalarini keyingi o‘ttiz yil davomida respublikamizda bosiladigan matbuot nashrlari – gazeta va jurnallarda ilmiy jihatdan izlanishlari natijasida chop ettirgan. Biz Behbudiy tegrasida jamlangan ziyolilar hayoti va ijodi bilan qiziquvchi siz kabi o‘quvchilar uchun ushbu maqolalarning ayrimlarini saytimizda e’lon qilishni ma’qul ko‘rdik.
***
O‘z hayotiy faoliyati, ijodiy merosi – adabiy-badiiy asarlari bilan haqqoniyat, to‘g‘rilik, adolat, eng muhimi, hurriyat yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan shaxsiyatlarning nomlari ham, asarlari ham oradan yillar o‘tsa-da unutilmaydi. Ularning qadri yuksaladi, nomi abadiylashadi, tarixiy xizmatlari e’zoz topadi. Har qanday ziyoli ma’lum bir makon va zamonda tug‘iladi, ijod etadi va odamlarga o‘zidan bebaho hikmat durdonalari bilan go‘zal xotiralar qoldiradi. E’zozga munosib xotira – tirik. Uzoq-yaqin tariximizda kimki o‘z hayotini tahlikalarga qo‘yib bo‘lsa-da, Vatan istiqboli, el-yurt obodligi, millat taraqqiyoti yo‘lida ishlagan ekan, buning oqibati fayzli, savobi beqiyos, albatta.
1875 yilda Samarqandda tug‘ilib, o‘z ongli hayotining yigirma yillarini el-yurti, millati xizmatiga sarflagan Mahmudxo‘ja Behbudiy nomi tilga olinganda odamning xayolidan shunday ezgu fikrlar kechadi. Turkistonda birinchilar qatori usuli jadid – yangicha ta’lim metodiga asoslangan zamonaviy maktablar ochilishida Behbudiy tashabbuskor bo‘ldi. Shu maktab o‘quvchilari uchun dastlabki darslik va o‘quv qo‘llanmalarni Behbudiy yozdi. Gazeta, jurnali, kutubxona, nashriyot tashkil etdi. Birinchi o‘zbek dramasining muallifi ham – Behbudiy.
Taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev o‘z vaqtida Behbudiyga munosib baho berdi: “Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning o‘sha vaqtdagi jadidlaridan unga teng keladigani yo‘q deb o‘ylayman”. Zero, bu adabiy-ijtimoiy shaxsiyatning qismat bitigida, hayoti yo‘li va ijodiy faoliyatida eslashga, e’zozga arziydigan, ibratga munosib jihatlar ko‘p. Muallim, noshir, dramaturg, jurnalist, siyosiy arbob, mufti, bir so‘z bilan aytganda, Behbudiy faoliyatining negizi, jadidlarga xos ma’rifat tushunchasi ana shunday serqirra asosga qurilgandir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy ikki yuzdan ortiq maqola yozdi. Ular dastlab “Turkiston viloyatining gazeti”da, keyinchalik Turkiston va undan tashqarida chop etilgan jadidlarning “Ulfat”, “Tarjumon”, “Tujjor”, “Xurshid”, “Sho‘ro” va boshqa vaqtli matbuot nashrlarida bosildi. 1913 yili Behbudiyning o‘zi “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalini tashkil etadi. Gazetaning jami qirq beshta, jurnalning esa oltmish sakkizta soni chiqadi; so‘ngra yopiladi. Har ikki nashrdan maqsad dunyo bilan tanishmoq, ilmga da’vat, musulmonlarning zamon bilan hamqadam bo‘lishlariga targ‘ib va tashviq edi, albatta.
Behbudiy ijodidagi qalamga olingan har qanday muammo boshlab oriflik, ilm-ma’rifat, zamonaviy bilim, taraqqiy etgan dunyo ahli bilan baravar bo‘lish, so‘ngra hurriyat va muxtoriyat kabi masalalar bilan uyg‘un muhokama qilinadi. Birgina “Padarkush” dramasi nomiga “o‘qimagan bolaning holi” ilovasining qo‘shilishida ham o‘qishga, ma’rifatga undash bor. Unda o‘qimagan bolaning kelajagi barbod bo‘ladi, el-yurtiga foydasi tegmaydi, oxir-oqibat otasining qotiliga aylanadi, degan g‘oya o‘zining badiiy-sahnaviy talqinini topgan. O‘z otasini o‘ldirgan Toshmurod obrazi – bu o‘qimagan bolaning ojiz, ayanchli qiyofasi. Yangicha fikrlaydigan Domullo “Bu badbaxtlik va musibatga sabab jaholat va nodonlikdur, bema’nilik va tarbiyasizlikdir. Uyingizni nodonlik buzdi”, desa, keyingi ko‘rinishda Behbudiy o‘zini qiynab kelgan, o‘nlab maqolalarida ta’kidlagan haqiqatni Ziyoli obrazi vositasida dramaning tuganchida shunday bayon etadi: “Agar bularni otasi o‘qutsa edi, bu jinoyat va padarkushlik alardan sodir bo‘lmas edi... Oh, haqiqatda boyni o‘ldirgan beilmlikdur. Bizlarni honavayron, bachagiryon va bevatan va bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdur: bevatanlik, darbadarlik, asorat, faqru zarurat va xorliklar hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidur. Dunyoga taraqqiy qilgan xalq ilm vositasi ila taraqqiy qiladi...”. Hamma zamonlarda jaholatu qabohat ilmu ma’rifat, odobu axloq dushmani bo‘lib keldi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘ziga maslakdosh, ezgu dasturlari ijrosi, millat taraqqiyoti yo‘lidagi asosiy kuch sifatida ulamoni ko‘radi; ularning faoliyatidan umid qiladi. “Har millat va din ahlining boshchi va hodiysi ulamodurlar. Ulamo hazrati, albatta, tullab (talabalar – B.K.) ichidan yetishib chiqadi. Ulamo hazrati millat uchun diniy va dunyoviy ishlarg‘a yo‘l ko‘rsatuvchi va tarbiya etuvchidirlar...”. Behbudiy “Oh va hasrat” maqolasida xalqning turmush tarzini ulamo isloh etishiga, ta’lim-tarbiya uchun ular mas’ul ekaniga urg‘u beradi, olimlarga “varasai anbiyo” – payg‘ambarlarning vorislari sifatida qaraydi. Ta’sir uchun ta’birni kuchaytirib yozadi: “Xaloyiqni hech kim go‘ridan chiqarib ulamo isloh etmas. Ulamo, maktab va madrasa isloh etar, vale maktab, madrasa ahli muni o‘ylamaydurlar...”. Ilmsizlik, qoloqlik, beparvolik, dangasalik, fikrsizlik, loqaydlik – bularning barchasi Behbudiyning “oh va hasrati”ga sababchi omillardir. Bilim va taraqqiyot tushunchasi unga jon bag‘ishlaydi, quvontiradi, qalbida umid uyg‘otadi. Shu bois o‘z orzulari uchun birinchi navbatda olimlarga umid bog‘laydi. Aslida ilmi amaliga mos olimlar insoniyatga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan foydali ilmni meros qoldiradi. Aslida chin ziyolining, orifning, olimning jamiyatdagi o‘rni va vazifasi yulduzlarning koinot-galaktikadagi o‘rni va vazifasiga o‘xshaydi. Olimlar – yer yuzining yulduzlaridir. Ziyo taratadi, zulmatni yoritadi. Shaytonlarga toshlar bo‘lib otiladi. Jadidlar va ularning rahnamosi bu haqiqatni teran angladi. Shu bois hali Turkiston mustamlaka holida ekan, Behbudiy o‘z ahliga qarata: “Bizg‘a lozimki, o‘z nafsimiz uchun ruscha bilayluk, hukumat maktablarinda o‘quyluk. Davlat mansablariga kirayluk. Vatanimizg‘a va o‘z dinimizg‘a xizmat etayluk. Musulmon bo‘lub turub, taraqqiy qilayluk...”, deb murojaat etadi. U “Ey, hazrati ulamo”, “Ey, Turkiston musulmonlari”, “Muhtaram birodarlar”, “Ey, yoshlar”, “Ey, tujjor” kabi chaqiriqlari izidan ularni birlashishga, o‘zi va dunyo holiga ibrat nazari bilan qarashga, Vatan ahlining rivoji uchun xizmat qilishga, o‘zaro ziddiyat, nifoq va dushmanlikka bahram berishga chorlaydi.
Ravnaq uchun, Behbudiy qarashicha, millat moddiy va ma’naviy jihatdan yuksalishi, o‘rtadan nifoqlar ketib, yoshlar bilan kattalar birlashishi lozim. Bil’aks, o‘z zamonasida muxtoriyatdan ham, hurriyatdan ham bebahra qolish mumkin. Shuning uchun ham: “Xalqimizning hozirgi ixtilofi meni dilxun etar, ma’yus etar. Boshqa millatlar ittifoq ila ishlaganda, biz bir-birimiz ila dushmandiqg‘a tursak, voy bizning holimizg‘a...”, deb o‘rtanib yozdi.
Behbudiy Turkiston jadidlarining chin rahbari edi. Dunyoqarashi bag‘oyat keng va o‘z shogirdlarini shunday cho‘ngqir fikrlashga undar edi. Behbudiy fikri-zikrida millatning taraqqiyoti yo‘lida din va dunyo ilmlarini tugal bilish, maktablar ochish, teatr tashkil etish, kitoblar nashr etish, gazeta va jurnallar chiqarish bilan ma’rifat tarqatishni o‘yladi, Vatan kelajagi uchun qayg‘urdi. U yoshlardan umid etib, talabalarning kamoloti, saodatli damlarini orzu qildi.
Behbudiy o‘zi tashkil etgan jurnalini “Oyina” deb atadi. Odam oyinaga har kuni qaraydi; gazeta va jurnallar ham o‘z vaqtida olimdan to oddiy odamgacha ko‘zgu vazifasini bajardi. Behbudiy teatrni ibratnamo, oyina, ibratxona, deb atadi. Mushaxxas-artistlarning diologi va monologlari, xatti-harakatlari va imo-ishoralaridan sahnada turli tabiatli insonlar bo‘y ko‘rsatadi, o‘zaro gurunglar izidan voqelik yaxlitlashadi, tabiiyki, undan ibrat olinadi. Behbudiy ta’kidicha, teatrda “Qulil haqqa valav kana murran”, ya’ni “Achchiq bo‘lsa ham haqiqatni so‘zla” hadisi sharifining “mazhari”, ya’ni zohir bo‘lishi kuzatiladi. Ibratxona –teatr shu zaylda o‘zining ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-maishiy vazifasini bajaradi. Bir maqolasida samarqandlik ko‘ngilli mushaxxaslar “Padarkush”ni sahnaga qo‘yib, “hosili mablag‘lari”ni maktablar uchun sarf qilganini mamnuniyat bilan esga oladi.
Behbudiy dunyo xalqlari ilm-ma’rifat bilan favqulodda bir rivojlanish bosqichlariga kirganidan mudrab yurgan ahli ilm, ahli tujjorlarni ogohlantirdi. Millatni uyg‘oqlikka chorlab, tevarak-atrofidagi xalqlarning holiga bir nazar tashlashga, tegrasida aylanayotgan olam voqeligining shiddatli ahvolini tafakkur ko‘zi bilan ko‘rishga da’vat qildi. Shuni inobatga olgan germaniyalik olima, professor Ingeborg Baldauf: “Mahmudxo‘ja Behbudiyni O‘rta Osiyodagi barcha jadidlarni birlashtirishga intilgan yirik namoyanda, desak xato qilmaymiz. U butun chor Rossiyasidagi hur fikrli, ma’rifatparvar musulmonlar bilan muntazam aloqada bo‘lib turar, ayniqsa, Ismoilbey Gaspralining ashaddiy muxlisi edi”, deb Behbudiy faoliyatiga baho beradi.
Dunyoni bilish uchun turli tillarni o‘zlashtirish lozim. Shu ma’noda til bilish masalasida “Ikki emas, to‘rt til lozim” deb “turkiy, forsiy, arabiy va rusiy” tillarni o‘rganish zaruratini aniq dalillar bilan isbotladi. Muhimi, bu o‘rinda ham Behbudiy o‘z fikrini o‘qish va uqishga, ilm va ma’rifatga keltirib taqaydi. Ilm insonga sharaf keltiradi, olim zoti tiniq fikri, muhokamalari bilan o‘ziga maslakdoshlar topadi va oddiy odamlarni ezgu g‘oyalar bilan ilhomlantirib, o‘zlariga ergashtiradi.
Bir tarafdan qaraladigan bo‘lsa, Behbudiy o‘z zamonasida ko‘targan ayrim ijtimoiy-maishiy va ma’rifiy masalalar bugun ham kun tartibida turgandek taassurot qoldiradi. To‘ydagi isroflar oqibati ayanchli ekanini yozadi: “Katta to‘y qilib, xotun olgan bir qism bechoralarni holig‘a yig‘lamoq kerak. Uch kunlik to‘yni azasi ba’zi oilalarda o‘n yil, hatto bir umr surar, balki bevatan va xonavayronlikg‘a sabab bo‘lur” (“Oyina” 1913 yil, 6-son).To‘y va ma’rakalarga qilingan sarf-xarajatni bolalarni o‘qitish uchun xarjlash kerakligini aytadi. “Aqchalik otalar, albatta, to‘y va ma’rakag‘a qizg‘onmaganlaridek bolani o‘qutishg‘a ham qizg‘onmasa kerakdur”.
Boshqa bir misol. Deylik, XX asr boshlarida zamonga mos qayta shakllanayotgan adabiy til, xalq tilining qismati ham Behbudiyni o‘ylantirgan edi. Til sofligi masalasi ko‘tarilganda har qanday til qo‘shni tillarda so‘z olishi tabiiyligini aytadi: “Begona tildan so‘z olmoqdan qutulgan til yo‘q”. Ammo uning me’yorini bilish lozim. Behbudiy 1915 yili “Til masalasi” maqolasida arabchadan o‘zbek tiliga ko‘chgan so‘zlarning ko‘plik shaklini “ulum, funun, ulamo, quzzo” tarzida emas, balki o‘zbekcha tabiatiga mos ravishda “fanlar, ilmlar, olimlar, qozilar” deb yozish kerakligini taklif etadi. Fikr bayoni uchun hamma vaqt yozma adabiy til tushunarli bo‘lishi lozim. “Sodda til nima uchun kerak? Atrofingdagi qavmu qarindoshi ilan so‘ylashmoq uchun. Adabiy va ilmiy til nima uchun kerak? Mavjud ilmu fan va tarixni bilmoq va alardan foydalanmoq uchun”.
1917 yili yozida “Ulug‘ Turkiston” gazetasida bosilgan “Bayoni haqiqat” maqolasi “Bilmoq kerakki: “Haq olinur, berilmaydur!” degan behbudiyona hikmati bilan boshlanadi. Bu ta’bir keyinroq “Haq olinur, berilmas” tarzida boshqa bir maqolasiga sarlavha bo‘ladi va uning tarkibida uch marta takror keladi. Qadim va jadid nizolarini bir yonga qo‘yib, xalq qo‘lni qo‘lga berib birlashsa, “muxtoriyatli hurriyatga noil” bo‘lishi, “o‘z milliy askarlarimiz”, ularning “qiyofat va shakli, libosi va tarzi maishati” xususida yaxshi niyat bilan so‘z yuritadi. Mustamlakachilar uchun hamisha mahalliy aholi, ularning ulamo va fuzalosi ichidan chiqadigan har qanday ixtilof, fitna qo‘l kelishidan afsuslanib, ogoh bo‘lish lozimligidan yozg‘irib yozadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1919 yili 25 martda zamondoshlari xotirlashicha “asrorangiz bir suvratda Samarqanddan” g‘oyib bo‘ladi. O‘limi to‘g‘risida “muxtalif xabarlar” tarqaladi. Nima bo‘lganda ham Mahmudxo‘ja Behbudiy 45 yoshida shahid ketadi. Ammo shogirdlari uning qabrini izlab:
“Belgisiz qabringni qaro tunlarda,
Amalimning shamin yoqib izladim...” (Cho‘lpon), deb ingrab yozdi.
Behbudiyning yaqin shogirdlaridan biri samarqandlik jadid munaqqidi Vadud Mahmud ustozining sirli shahidligi munosabati bilan yozgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” sarlavhali marsiya-mansurasida: “Mahmudxo‘ja Turkiston degan o‘lkaning boshlig‘i edi... Mahmudxo‘ja Turkistonning yangilik davri tarixinda yorug‘ bir chirog‘ edi. Mahmudxo‘janing niyati Turkiston tarixinda ziynatlik mumtoz o‘rin olishg‘a munosib mir’otdir”, deb yozgan edi.
Xulosa qilib aytganda, o‘z vaqtida ulkan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy fikrlarni o‘rtaga tashlagan Mahmudxo‘ja Behbudiy bugun haqiqiy vatanparvar, millatparvar, el-yurt kelajagi uchun qayg‘urgan fikri tiniq ziyoli, qarashlari keng fidoyi inson o‘laroq ko‘z oldimizda gavdalanadi. Tasavvurga erk berilsa, “Moziy istiqbolning tarozusidir”, degan bu inson go‘yo tarix qa’ridan bizga boqib, bugungi mustaqil, hurriyatli, ozod kunlarni, o‘zining mazam orzusi ro‘yobga chiqqan zamonni g‘oyibona ko‘rib quvonib turgandek bo‘ladi.
Bahodir KARIMOV, filologiya fanlari doktori, professor.
2023 yil