Arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazishdan maqsad nima? Bunday tadbirlar bir kunlik bo‘lmasligi kerak

Avvalo, shahar aholisi uchun qishga kerakli oziq-ovqat mahsulotlari jamg‘arishga imkoniyat yaratish, narx barqarorligini ta’minlash, xaridor dehqondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri arzon va sifatli mahsulot olishini ta’minlash uchun tashkil etiladi. Samarqand shahar kuni arafasida aholiga yanada qulaylik yaratish uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilgan.

Yarmarkaga barcha tumanlardan fermer xo‘jaliklari meva-sabzavot, baliq, parranda, mol va qo‘y go‘shti, tuxum, asal hamda boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari keltirishgan. Masalan, oqdaryolik asalchilar mahsulotini kilogramini eng arzon narxda 50 ming so‘mdan sotishmoqda, qo‘shrabotlik chorvadorlar keltirgan go‘shtning kilogramini ham yarmarkadagi eng arzon narxda - 50 ming so‘mdan taqdim etishmoqda. Oqdaryo tumani hokimligi mas’ullarining ma’lumotiga ko‘ra, tumandagi 10 dan ortiq fermer xo‘jaligi kuniga 33 turdagi 25-30 tonnaga yaqin mahsulot keltirib, bozordan 15-20 foizgacha arzon narxda sotishmoqda.

Ammo yarmarkada ayrim tumanlarning rastalari nomigagina turibdi. Kechagina arzon narxda istagancha topilgan mahsulotlar bugun siyraklashgan.

- Kecha narxlar ancha arzon edi, bozordagi olibsotarlar kelib mahsulotlarni ko‘tarasiga arzon narxda sotib oldi. Bugun esa o‘zlari qimmat narxda sotishmoqda, - deydi Samarqand shahrida yashovchi xaridor Matlyuba opa. – Uch kundan buyon kerakli mahsulotlarni xarid qilyapman. Bugun kechagi sifatli va arzon mahsulotning tamomila aksi. Balki bunday yarmarkalarni olibsotarlardan himoya qilish uchun ham mahsulot xaridi miqdorini cheklash kerakdir. Shunda biz kabi keksa insonlarga ham sifatli va arzon mahsulot xarid qilish imkoniyati ortadi.

Yarmarkaga “Jomboy oil” mas’uliyati cheklangan jamiyati bitta “Damas” avtomobilida kungaboqar yog‘i keltirganligi tufayli turnaqator navbat hosil bo‘lgan. Korxona a’zolari 5 litr yog‘ni 60 ming so‘mdan sotishmoqda. Soat 12:30 bo‘lganda “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyatidan yog‘ keltirildi. Ammo yog‘ning sotilish narxi noma’lum, xaridorlar navbattalash. Yarim soatlik qo‘ng‘iroqlardan so‘ng kechagina 60 mingdan sotilgan 5 litrlik paxta yog‘i bugun 61 ming so‘mdan sotilmoqda. Bayram o‘tdi, ko‘radigan mas’ullar ketdi ekanda?! Unda bunday ko‘rgazma yarmarkani bozordan nima farqi qoladi?

O‘.XUDOYBERDIYeV,

B.MUSTANOV.