Asfalt o‘rnida geotekstil

«Urgut erkin iqtisodiy zona»ning Mergancha massivida joylashgan “Sam-Negin” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yangi innovatsion mahsulotlar, xususan yo‘l va uy qurilishi, suv inshootlari, energetika hamda temiryo‘l tizimi, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun asqotadigan geotekstil ishlab chiqarilmoqda.

Ayni paytda iqtisodiy zonaning ba’zi yo‘llariga mana shunday poliefir tolasidan tayyorlangan ekologik xavfsiz noto‘qima mato yotqizilmoqda. Bu to‘shama SN Group brendi ostida 100 foiz mahalliy xom-ashyodan tayyorlanmoqda.

- Korxona Xitoy, Janubiy Koreyaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangani bois mahalliylashtirish dasturiga asosan import o‘rnini bosuvchi mahalliy xom ashyodan eksportga mo‘ljallangan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga kirishganmiz, - deydi korxona rahbari Abdurashid Tursunov. - Pandemiya bo‘lishiga qaramasdan eksport geografiyasini kengaytirishga harakat qilyapmiz. Joriy yilning 5 oyi davomida MDH davlatlari va Afg‘onistonga 630 ming AQSh dollarlik mahsulot jo‘natildi.

Iqtisodiy zonada 2020 yil 1 iyul holatida 73 ta investitsion loyihadan 49 tasi ishlab chiqarishni boshlagan. Ushbu loyihalar doirasida 3288 ta ish o‘rni yaratildi. Mazkur korxonalar tomonidan 470 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 10 million AQSh dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

A.Iskandarov.