Atambayevni hibsga olish chog‘ida vafot etgan maxsus xizmat jangchisi o‘limidan so‘ng mukofotlandi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni hibsga olish chog‘ida vafot etgan maxsus xizmat jangchisi Usenbek Niyazbekov ko‘rsatgan jasorati uchun o‘limidan so‘ng medal bilan taqdirlandi. Bu haqda Respublika prezidenti matbuot xizmati RIA Novostiga xabar berdi.

“Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov 28 avgust kuni, Qirg‘iziston Respublikasi Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimi polkovnik Niyazbekov Usenbek Niyazbekovich harbiy burchini ado etish chog‘ida ko‘rsatgan jasorati uchun “Erdik” medali bilan taqdirlanganligi haqida  buyruqqa imzo qo‘ydi”, - deb xabar bergan matbuot xizmati.

Qirg‘iziston maxsus xizmati 7–8 avgust kunlari Atambayevni hibsga olish uchun uning poytaxtdan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Koy–Tash qishlog‘idagi qarorgohida tadbir o‘tkazishdi. Sobiq rahbar tarafdorlariga nisbatan ular maxsus vositalar qo‘llashdi. Atambayev tarafdorlari javoban o‘t ochishdi. Birinchi kuni sobiq prezidentni hibsga olishning imkoni bo‘lmadi. Atambayev tarafdorlari qo‘liga olti nafar maxsus xizmat jangchilari asirga tushdi. Ertasi kuni sobiq prezident taslim bo‘lganiga qaramasdan tarafdorlar va maxsus xizmat jangchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar takrorlandi va ertalabgacha davom etdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, maxsus tadbir oqibatida, 136 nafar odam jabrlandi. Bir nafar maxsus xizmat jangchisi – Usenbek Niyazbekov halok bo‘ldi.

Qirg‘izistonning yirik sotsial – demokratlar partiyasi yetakchisi Atambayev hukumatni 2017 yilda o‘tkazilgan prezident saylovlari natijasiga ko‘ra o‘zining vorisi va yaqin tarafdori Jeenbekovga topshirgandi. Biroq ko‘p vaqt o‘tmasdan sobiq prezident guruhi a’zolariga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Atambayevning o‘zi sobiq prezident vakolatidan mahrum qilindi va 12 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblandi. Davlatning sobiq rahbari, unga va uning guruhiga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar siyosiy xarakter kasb etishini bir necha bor ta’kidladi.