Sud ozodlikka chiqarilgan Qirg‘izistonning sobiq prezidentiga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirdi
Namoyishchilar tomonidan ozodlikka chiqarilgan Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi sud tomonidan uy qamog‘iga olish chorasiga o‘zgartirildi. Bu haqda uning advokati Zamir Jooshev ma’lum qildi.
“Almazbek Atambayev, Kanat Sagimbayev, Ravshan Jeyenbekov va boshqa sudlanuvchilar Pervomaysk tumani sudining qarori asosida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasi va 1-tergov izolyatoridan ozodlikka chiqarildi”, deb yozdi Jooshev o‘zining Facebook sahifasida.
U imzo va muhr qo‘yilgan, Bishkekning Pervomaysk tumani sudi qarorini taqdim etdi. Unda sudning qamoqqa olish ehtiyot chorasi sud muhokamasi davomida, ya’ni 2020 yilning 11 noyabrigacha uy qamog‘iga o‘zgartirilishiga qaror qilingani ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, RIA Novosti bergan ma’lumotga ko‘ra, Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan so‘ng muxolifat, o‘tgan hafta yakshanba kuni o‘tkazilgan parlament saylovlari natijalarini bekor qilinishiga erishgan. Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini haqiqiy emas, deb tan olgan.