Avtobus bilan bog‘liq YTHda jarohat olganlar ham bo‘lgan

Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi 11 fevral kuni Jomboy tumani hududida sodir bo‘lgan avtobus halokati yuzasidan qisqa bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, hodisada faqat bitta qurbon bo‘lganligi aytilgan, ammo jarohatlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
“Milliy” telekanali jurnalistlari esa voqea joyidagi shifokorlar bilan gaplashib, rasmiy ma’lumotdan farq qiluvchi tafsilotlarni aniqlashdi.
Shifokor: “Aslida 22 kishi jarohat olgan”
Jurnalistlar mahalliy shifoxonaga yetkazilgan jabrlanuvchilar haqida ma’lumot olishdi. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida shifoxonaga 23 nafar ayol keltirilgan. Ulardan biri hodisa joyida halok bo‘lgani tasdiqlangan, qolgan 22 nafari turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
“Bizga olib kelingan 23 ayoldan biri allaqachon vafot etgan edi. 16 nafari jarrohlik bo‘limiga joylashtirildi, 2 nafari esa og‘ir ahvolda reanimatsiyaga yotqizildi” – deydi u. Qayd etilishicha, YTHga uchragan yo‘lovchilar Toshkent shahriga - konsertga ketayotgan bo‘lgan.
Avariya sababi nima?
Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, YTH avtobus haydovchisining noto‘g‘ri harakatlari sabab sodir bo‘lgan. U yo‘l sharoitini inobatga olmasdan tezlikni oshirgan, so‘ng keskin tormozlagan va oqibatda transport ag‘darilgan.
Rasmiylar nega real ma’lumotni oshkor qilmadi?
Shubhali vaziyat yuzaga kelmoqda: mahalliy YHXB jarohatlanganlar haqida nega sukut saqladi? Bu e’tiborsizlikmi yoki atayin ma’lumotni yashirishmi? Rasmiylar hozircha faqat quruq bayonotlar bilan kifoyalanmoqda, biroq hodisaning guvohlari va shifokorlar aytayotgan ma’lumotlar rasmiy “versiya”dan keskin farq qilmoqda.