Avtohalokat ishtirokchilari yarashuvi sabab jinoyat ishi tugatildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi raisi J.Arslanov So‘fiyon mahallasida yashovchi sudlanuvchi Ramziddin Ergashevga oid jinoyat ishini sayyor sud majlisida mazmunan ko‘rdi.

Aniqlanishicha, R.Ergashev 2019 yil 18 oktyabr kuni soat 12:30 da “Urgut-Toyloq” avtomobil yo‘lida o‘ziga tegishli “Epika” rusumli avtomashinasi bilan O‘roqboyjar mahallasida yashovchi, voyaga yetmagan A.To‘ychiyevni urib yuborib, o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazgan.

Sayyor sud majlisida R.Ergashev aybiga to‘liq iqror ekanligi, qilmishidan pushaymonligi, sodir etgan qilmishining oqibatlarini anglaganligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplaganligi, hozirda jabrlanuvchini qonuniy vakili bilan biron-bir tazyiqsiz yarashib olganligi haqida ko‘rsatuv berib, jinoyat ishini tugatishni so‘ragan.

Jabrlanuvchining qonuniy vakili I.Bozorov sayyor sud majlisida yarashuv to‘g‘risidagi arizasini quvvatlab, R.Ergashevga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini aytib, jinoyat ishini tugatishni so‘ragan.

Sud R.Ergashevga nisbatan yuritilgan jinoyat ishini yarashilganligi munosabati bilan tugatishni lozim, deb topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi raisi J.Arslanov va sudya A.Axmadov sayyor sud majlisidan so‘ng huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, qabul qilingan sud hujjatlarini tushuntirish bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda, shuningdek, “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish va o‘g‘irlik jinoyatlari tushunchasi, ularning salbiy oqibatlari va mazkur jinoyatlarni oldini-olish choralari” xususida ham so‘z yuritildi.