Avtomobil salonlariga rezinali gilamcha ishlab chiqaruvchi sexda yong‘in sodir bo‘ldi

2019 yilning 3 oktyabr kuni soat 11:26 da Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Nurafshon MFY, Oxunboboyev ko‘chasida joylashgan Kvint MChJga qarashli avtomobil salonlariga rezinali gilamcha (polik) ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

Xabar asosida voqea joyiga 7 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar chaqirilgan manzilga yetib borganda, ishlab chiqarish sexining faoliyati to‘xtatilgan yordamchi binosi ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Yong‘in soat 12:05 da o‘rab olinib, 13:38 da bartaraf etilgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘indan sexning 300 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmagan. Yong‘in oqibatida ishlab chiqarish sexi yordamchi binosining 150 kvadrat metr maydoni yonib zararlangan.

O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasining xabar berishicha, yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.