Avtomobil signali Yevropada hayvonlar uchun chalinadi

Yaqinda "O‘zbekiston" televideniyesida “Munosabat” tok-shousining yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati qoidalariga amal qilish mavzusiga bag‘ishlangan sonini ko‘rdim. Unda taraqqiy etgan mamlakatlarda bo‘lib qaytgan bir mutaxassis avtomobilning signali biz o‘ylagandek piyodalar uchun emasligini aytib qoldi. Masalan, Yevropada yo‘l yuziga chiqib ketgan hayvonlarni yo‘ldan haydash uchun signal chalinar ekan.
Afsuski, shaharmi, qishloqmi, farqi yo‘q, bizda haydovchilar signalni piyodalar uchun ishlatadi. Insonga Yaratgan idrok, farosat, ilm bergan. Shunchaki, uni o‘rganishi, amalda qo‘llashi kerak.
Piyodalar ham yo‘l belgilariga ongli ravishda amal qilishi lozim. Shunda uni haydovchi signal chalib, ogohlantirishiga o‘rin qolmaydi. Ammo ba’zida haydovchilar ham bo‘lar-bo‘lmasga signal chalaverishi kerak emas. Masalan, ko‘pchilik mashina egalari piyodalar o‘tayotgan paytda hali yashil chiroq yonmasidan ularni shoshiradi, maxsus belgilarda piyodalarni o‘tkazib yubormaydi. Bunday bepisandlik haydovchilarning bir-biriga munosabatida ham ko‘rinadi. Svetoforda sariq chiroq yonishi bilan o‘zidan oldinda turgan haydovchini yurishga undab, shoshqaloqlik qilib, kishi asabiga tegar darajada signal bosaverishi ayniqsa, juda xunuk holat.
Menimcha, bu kabi holatlar shu yurtda yashovchi kishilarning bir-biriga munosabatini, o‘zaro hurmat-izzat qay darajada ekanini ko‘rsatadi. Haydovchi va piyoda bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lsa, tushunmovchiliklar, eng muhimi, yo‘l-transport hodisalari, yo‘llarda o‘limlar soni bugungiday fojiali tarzda oshib ketmasdi.
Fayzulla Ismoilov.