Avtomobildan voz kechish orzusi yoki “qora o‘lim”dan global isishgacha
"Global isishga hissa qo‘shmoqchimisan?"
Avtomobil xarid qilishim kerakligi haqida eshitgan do‘stim kutilmaganda ana shu savolni berdi. Savolomuz nigohini biroz tikib turib, mashina kerak bo‘lsa, elektromobil olishim kerakligini ta’kidladi. Men esa Hyundai qachon Qo‘qonda elektrda harakatlanadigan avtomobil ishlab chiqarishini o‘ylab qoldim.
Hyundai elektrokarlari Janubiy Koreyada yangilik emas, tez-tez uchratamiz. Ularga qator imtiyozlar berilgan, ayrim soliqlardan ozod qilingan. Chunki ular tabiat uchun beziyon. Do‘stimning so‘zlari menga qarshimizda turgan muqarrar halokatni eslatib yubordi.
* * *
2019 yilning iyun oyi sayyoramiz tarixida kuzatilgan eng issiq oy deb topildi. Bu to‘g‘rida Yevropa Ittifoqining Sun’iy yo‘ldosh agentligi xabar bermoqda.
Kopernik iqlim o‘zgarishi xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning iyunida xalqaro miqyosda kuzatilgan o‘rtacha issiqlik darajasi Yer tarixida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich deb topildi.
Misol uchun, Yevropada mazkur oydagi issiqlik darajasi normal holatdan 2⁰ S daraja yuqori bo‘lgan. Biroq Fransiya, Ispaniya va Germaniyadagi ahvol bir oz tang. Bu davlatlarda o‘tgan oyda normal holatdan 6⁰-10⁰ C daraja yuqori issiqlik kuzatilgan.
Bunga qadar sayyoramizdagi eng issiq davr 2016 yilning iyunida qayd etilgan. Yangi ko‘rsatkich avvalgisidan 0.1⁰ C daraja yuqori.
Ekspertlarning fikricha, issiqlik darajasining ko‘tarilib borayotgani inson omili sabab ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. Shuning natijasida, jahonning ko‘plab mamlakatlari issiq havo oqimidan jabr ko‘rmoqda. Misol uchun, iyunda Fransiyada kuzatilgan 45.9⁰ C darajadagi issiqlik ko‘pchilikning xavotiriga sabab bo‘ldi.
Olimlar bir necha o‘n yillardan buyon fabrika va zavodlardan, avtomobillardan havoga ko‘tarilayotgan is gazining kelajakda iqlim o‘zgarishi va haroratning oshishiga sababchi bo‘lishini ta’kidlab keladilar. Afsuski, shu vaqtga qadar hukumatlar bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishmagan.
Iqlim o‘zgarishi quyosh, Yer, ummonlar, tabiat o‘zaro mushtarak bo‘lgan tizimdir. Yerning tobora isishi yomg‘irlarning ko‘payishi oqibatida to‘fonlarni keltirib chiqarmoqda. Antarktika muzliklarining erishi oqibati okeanlardagi suv sathi ko‘tarilib, orol va qirg‘oq davlatlari suv ostida qolmoqda.
Bundan ham tashvishli holat bor, bu – yozning tobora jiddiy xavf solayotgan jaziramasi, ya’ni global isish. Yer atmosferasida o‘rtacha haroratning asta-sekin o‘sib borishi ko‘pchilik olimlarni tashvishga solmoqda. Global iqlim o‘zgarishi bois hayvon va o‘simlik olami qirilib, kasalliklar avj olmoqda, aholi daromadi pasayib, davlatlar iqtisodi zarar ko‘rmoqda.
To‘xtang, boshidan boshlaymiz ...
Yer atmosferasi misoli issiqxonaga o‘xshaydi: ko‘rinmas ulkan qobiq orqali quyosh nuri yerga kirib keladi va sayyoramiz isiydi. Mana shu tizim ishdan chiqsa, Yer sovib ketadi. Global isish esa bu issiqxonadagi haroratni oshirmoqda. Gap shundaki, quyoshdan Yerga keladigan quvvat (issiqlik) fazoda tarqalmayapti va atmosferada qolib ketyapti.
Tabiat bu gal o‘zini o‘zi davolay olmaydi, chunki ...
Bundan taxminan 1500 yillar ilgari Yer sayyorasida sodir bo‘lgan global sovish davri katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan. Ikki yirik vulqonning ketma-ket otilishi natijasida atmosferaga yirik miqdorda qora qurum ko‘tariladi va atmosferani quyosh nurlaridan to‘sib qo‘yadi. Harorat pasayib, o‘simliklar quriydi va odamlar ochlikdan halok bo‘ladi. O‘sha yillari jahon tarixida "Qora o‘lim davri" nomi bilan kirgan. Qora qurum vaqt o‘tgani sayin samodan yerga tushgach, quyosh yana yerni isitish imkoniga ega bo‘ladi, hayot iziga tushadi.
Bugun esa insoniyat oldida yuqoridagi holatga qarama-qarshi muammo ko‘ndalang turibdi. Yer issiqxonasida qolib ketayogan havo harorati har qachongidan ham jadal ko‘tarilmoqda. Bu galgi tabiiy hodisaning bosh sababchisi inson va uni davolashga tabiatning qurbi yetmaydi.
Global iqlim tizimidagi elementlar o‘zaro bog‘langan. Ortiqcha issiqlik quvvati barcha elementlarga birdek ta’sir qiladi. Misol uchun, Yerning asosiy qismi ummonlar bilan o‘ralgan. Ummonlarning isishi ortiqcha suvning bug‘lanishiga olib keladi. Bu esa yog‘ingarchilik va bo‘ronlarga olib keladi. O‘z navbatida cho‘l hududlarida joylashgan, dengiz va ummonlardan uzoqda joylashgan hudularda qurg‘oqchilik kuzatiladi. Qutb muz qopqog‘idan tortib, tog‘lar va Antarktikadagi ulkan muz po‘stlog‘ining erishi dengizlarning sathini ko‘tarib yubormoqda.
Qurum yana ko‘tarilmoqda, bu gal bizning xatomiz tufayli ...
Bir guruh olimlarning so‘zlariga ko‘ra, uglerodli gazlardan samoga ko‘tarilayotgan zarralar – "uglerod qurumi" quyi atmosferani qoplamoqda va bu iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘lmoqda.
Insoniyat tufayli sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishi jarayonining ibtidosi XVIII asr oxiri, XIX asrning boshiga, ya’ni ko‘mirdan ilk marotaba ommaviy foydalanilishi bilan bog‘lanadi. Ayni shu paytdan "uglerod qurumi" yerdagi harorat almashinuviga ta’sir o‘tkaza boshlagan. Undan keyin neftning, tabiiy gazning o‘zlashtirilishi, kimyo sanoati, fabrika va zavodlar vaziyatni yanada taranglashtirdi.
So‘nggi 3 ming yillikda kuzatilgan harorat darajasi o‘rganilganida, sayyoramizda sanoat davridan so‘ng issiqlik darajasi 4⁰ C darajaga ko‘tarilgani ma’lum bo‘ldi.
Bunday gazlar asosan qazilma yoqilg‘ilardan, ya’ni avtomobillardan tarqaladi. Ilm-fanda bular "issiqxona gazlari" deyiladi. Samoda to‘planib qolayotgan bunday zarralar yuqorida boshqa bir gumbazsimon issiqxonani tashkil qilib, quyoshning nurini atmosferada tarqalib, havoning mo‘’tadillashuviga to‘sqinlik qilyapti.
Iqlim o‘zgarishini to‘xtatishning imkoni yo‘q. Hozircha uning ta’sirini kamaytirish mumkin.
Har bir davlatda yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishni kamaytirish, bosqichma-bosqich ekologik xavfsiz muqobillariga o‘tish, o‘rmonlarni ko‘paytirish bo‘yicha uzoq muddatli loyihalarning tatbiq qilinishi maqsadga muvofiq.
An’anaviy avtomobildan voz kechish lozim ...
O‘zbekistonda Hyundai elektrokarlarini ishlab chiqaradigan zavod faoliyatini tezroq yo‘lga qo‘yish kerak. O‘zbekiston yoqilg‘ida yuradigan avtomobil ishlab chiqarishdan to‘liq voz kechadigan ilk avtomobilsoz davlat bo‘lsa ham ajab emas. Axir shahar va qishloqlarimizda yurgan millionlab transport vositasi kelajak avlodning zavoliga sababchi bo‘ladigan tahlikaga sababchi bo‘lmoqda.
Shuhrat Sattorov.