Eng xavfli dushman – sobiq do‘stingiz

Bugun O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Mamatqul Hazratqulov 78 yoshini qarshiladi. M.Hazratqulov 1947 yil 1 fevralda Urgut tumanida tug‘ilgan.

Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O‘zbekiston Milliy Axborot agentligida faoliyat yuritgan. Ayni paytda “Guliston” jurnalida bosh muharrir vazifasida mehnat qilmoqda.

M.Hazratqulovning “Oq qush”, “Cho‘li iroq”, “Hayotning bir parchasi”, “Intizor”, “Quyosh men tomonda”, “Qo‘zichoqning ko‘z yoshlari”, “Jur’at”, “Eshiklar ochiq”, “Ko‘kko‘l”, “Diydor”, “Sevgi sozi” kabi hikoya va qissalar to‘plamlari chop etilgan.

“Mehnat shuhrati” va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangan.

Quyida yozuvchining yon daftaridan olingan hayotiy qaydlarni o‘qiysiz.

***

*  O‘tmishga loqayd qaragan odam kelajakka ham e’tiborsiz bo‘ladi.

*  Yomg‘ir – osmonning ko‘z yoshlari.

*  Sening ko‘zlaringga termulsam, butun olam go‘zal ko‘rinadi.

*  Ortiqcha kamtarlik – manmanlikning bir ko‘rinishi.

*  Hech bir xayrli ishni ertaga qilaman, deb orqaga surmang. Ertagacha kim boru, kim yo‘q.

*  Eng xavfli dushman – sobiq do‘stingiz.

*  O‘tmishingni unut, deyishadi. Buning iloji bormikan?..

*  Har bir insonning o‘tmishi o‘zi uchun o‘xshashi yo‘q bir maktab. Bu maktabda olgan saboqdan foydalanish har kimga ham nasib etavermaydi: kimningdir umri yetmaydi, kimningdir aqli...

*  Jurnalistlar ko‘pincha hayotingizni boshqattan boshlash imkoniyati bo‘lganda yana shu yo‘lni tanlarmidingiz, degan savol berishadi.

Imkoni yo‘q narsa haqida gapirishdan qanday foyda bor? Vaqt behuda sarf bo‘ladi, xolos 

*  Inson uchun berilgan eng buyuk ne’mat, meningcha, vaqt, ya’ni, umr. Afsuski, eng ko‘p behuda sovuradiganimiz ham vaqt. Umrimizning qanchasini bekordan-bekorga o‘tkazamiz – havoga sovuramiz. Loaqal bir haftamizni, bir oyimizni tahlil qilib ko‘raylik. Umrimizni shu bir haftasi, bir oyining necha foizi bekor ketibdi. Chuqurroq o‘ylasak, yuragimiz uvishadi. Essiz, vaqt... essiz, umr...