XDPning “Eng namunali deputat”i aniqlandi

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra deputatlar turli sohalarda faoliyat yurituvchi, tajribali, fidoiy, jamiyatda hurmat qozongan va obro‘-e’tiborga ega shaxslar orasidan saylanadi. Deputat nafaqat o‘z saylovchilarining, balki tegishli hududda yashovchi barcha fuqarolarning vakili hisoblanadi. Ularning huquq va manfaatlarini ifoda etadi, himoya qiladi va qo‘llab-quvvatlaydi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi faoliyatni kengaytirish, xususan, mahalliy kengashlar vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari, ayniqsa, tuman va shahar mahalliy bo‘limlari bilan yangicha yondashuvlardan foydalangan holda o‘zaro hamkorlik qilishi zarurligi haqida o‘z chiqishlarida ta’kidlab kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining “Tashabbus va g‘oyalarimiz mustaqil, yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun!” shiori ostida “Eng faol deputat” ko‘rik-tanlovi tashkil etilgan. “Kengashlar uyi”da o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichi g‘oliblari o‘zaro kuch sinashdi.

- Keyingi vaqtlarda mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini bera boshladi, - deydi partiya viloyat Kengashi raisi B.Nasriyev. - Shu jihatdan deputatlari o‘rtasida o‘tkaziladigan bu kabi tanlovlar, deputatlarning o‘zaro tajriba almashishi, faoliyat samaradorligining oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Aslida tanlov “O‘zbekiston-2030” strategiyasinining «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid dasturning partiya saylovoldi dasturiga taalluqli bandlari ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari ish samaradorligini oshirish, partiyaning saylovoldi dastur ijrosini ta’minlashda barcha darajadagi deputatlik korpusi salohiyatini takomillashtirish maqsadida tashkil qilingan.

Shunga ko‘ra, tanlov ishtirokchilari 3 ta shart asosida baholab borildi.

Xususan, aholi muammosini hal etishning eng samarali yo‘li, deb belgilangan birinchi shartda deputatlar saylov okruglaridagi aholining ijtimoiy masalalariga oid muammolarini o‘rganish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni qay tarzda yo‘lga qo‘yganini bayon qildi.

Siyosiy hozirjavoblik shartida Konstitutsiya va qonun hujjatlari asosida tayyorlangan savollarga javob berildi. Muammoni hal qilish, xususan, saylovchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish tajribalari sinovdan o‘tkazildi.

- Ikkinchi marta deputatlikka saylanganman, - deydi xalq deputatlari Nurobod tumani kengashi deputati Bahodir Ibodullayev. – Hudud chekka, tabiiyki infratuzilma haminqadar edi. Viloyat hokimigacha chiqdik, biz so‘rov kiritmagan biror davlat tashkiloti qolmadi hisob. Bu harakatlarimiz natijasini bugun Chorvador mahallasi ahli ko‘rib, guvohi bo‘lib turibdi. Xursand qiladigani shuki, hududimiz bugun ishsizsizlikdan xoli bo‘lgan.

Ayni shu jihatlar hisobga olinib, B.Ibodullayev viloyatda eng faol deputat, deb topildi. U tanlovning respublika bosqichida viloyatimiz nomidan ishtirok etadi.

Ko‘rik-tanlovda ishtirokchilar orasidan “Eng shijoatli deputat”, “Tashabbuskor deputat”, “Eng mehnatkash deputat” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar ham partiyaning sertifikat, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Yoqubjon Marqayev.