Zamonaviy texnikalarning yashirin imkoniyatlari o‘rgatildi

Kombayn zavoddan chiqayotganda baraban masofasi 20 millimetr holida joylashtiriladi. Bu o‘rtacha me’yor sifatida qabul qilingan. Ammo hosildorlik gektariga 70 sentnerdan ortganda shu kichik jihat texnikani qiynalib ishlashi, tez ishdan chiqishi va ko‘p yoqilg‘i sarflashiga olib keladi.

Bu kichik elementga ko‘pchilik e’tibor qaratmaydi. Aslida baraban masofasini 12-14 millimetr qilib joyshtirilsa va o‘rim paytida biroz tezroq harakatlanilsa, donning iflos bo‘lishi va nobudgarchiliklar kamayadi. 

Qishloq xo‘jalik vazirligi va Germaniyaning “Klass” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnikalardan foydalanish samaradorligini oshirish” mavzusidagi seminarda shu jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. 

Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlaridan kelgan fermer va klaster korxonalari vakillari ishtirok etgan seminarda “Klass” kombaynlari va “Orion” yuqori unumli yer haydash traktorlarining kam foydalanilayotgan qulayliklari bo‘yicha tushuncha berildi. 

- Biz duyonning 100 dan ortiq davlatiga mahsulot sotamiz va ularning iqlim sharoitidan kelib chiqib mahsulot turini tavsiya etamiz, - deydi kompaniyaning mutaxassislarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Sergey Butov. – Hozirda kompaniyamizda asosan 2 xil turdagi kombaynlar ishlab chiqariladi. O‘zbekiston issiq va yozi quruq bo‘lgani uchun gibrid kombaynlar emas, balki barabanli texnikalar mos keladi. Mamlakatingizda ishtilayotgan texnikalarimizni ish jarayonini kuzatdik va fermerlar texnikadagi ko‘plab qulayliklardan foydalanmayotganini ko‘rdik. Masalan, “Klass dominator-260” kompaniyamizda ishlab chiqariladigan kichik hajmli kombaynlardan biri. Bu texnikada donni sifatli ajratish funksiyalari, iflos donni qayta ishlashga yuborish imkoniyatlari mavjud, lekin ko‘pchilik buni bilmaydi yoki foydalanmaydi. Yuqori unumli haydov traktorlarimizda ham yumshoq va qattiq yerni haydash, haydov chuqurligini belgilash, tirkamani ko‘tarib tushirish, yoqilg‘i sarfini nazorat qilish kabi funksiyalardan deyarli foydalanilmayapti. Shu bois, bugungi seminarda bu kabi qulayliklar haqida kengroq tushuncha berdik.

O‘ktam Xudoyberdiyev.