Turmush chorrahalarida: Qarg‘ish

 

- Shukur aka, tanishganimizga bir yildan oshyapti, turmush qurish vaqti kelmadimikan?

- Yana ozroq sabr qil, - Shukur Mastonani mehr bilan quchdi.

Oradan vaqt o‘tib borar, Shukur to‘y haqida og‘iz ochishga shoshilmasdi.

U uylangani, Mastona bilan shunchaki ko‘ngilxushlik uchun yurganini aytolmasdi.

- Shukur aka, - dedi u erkalanib, navbatdagi uchrashuvda,

- sizni tabriklayman, to‘yni tezlashtiring, yaqinda ota bo‘lasiz!

Shukur taxtaday qotib qoldi.

- Nima? Nima deding? Bunday bo‘lishi mumkin emas, - u o‘ziga kelib, jazavaga tushdi. - Homilangni yo‘q qil!

- O‘ylab gapiryapsizmi, axir u bizning farzandimiz-ku, sen bilan baxtli bo‘lamiz, shirin-shirin bolalarimiz bo‘ladi, deganlaringiz yolg‘on ekan-da!

- Men… men.., - Shukur dovdirab kalovlandi, - men uylanganman…

- Hali meni aldab yurganmiding, nomard! - buni kutmagan Mastona ho‘ngrab yig‘lab yubordi, Shukurning yuz-ko‘zlarini yumdalab, ko‘kraklariga mushtladi.

- O‘zingni bos, men bunday bo‘ladi deb o‘ylamovdim, sensiz yashay olmayman, deb bo‘ynimga osilib olgan o‘zingmasmi?

- Maraz, ablah, seni ko‘rgani ko‘zim yo‘q. Hali men senga osilibmanmi, tunu-kun ortimdan itday ergashib, sevib qoldim, deb holi jonimga qo‘ymagan, shirin va’dalar bergan sen ablah emasmiding?!

...Shukur o‘sha ayriliq damlarini, Mastonaning telbalarcha qarg‘ishlarini eslar ekan, nomardlik qilganidan, bechora bokira bir qizning nomusini paymol qilgani, qornida homilasi bilan tashlab ketganidan dodlagisi kelardi.

Mastona hozir qayerda ekan, farzand ko‘rgan bo‘lsa, qizmikan, o‘g‘ilmikan? Uni qarg‘ishi urdi, Shukur farzand ko‘rmadi.

“Mastona, qayerdasan, men nomardni kechir!”. Mastona yerda ham, ko‘kda ham yo‘q edi. Dunyo bunchalar shafqatsiz, taqdir ayovsiz bo‘lmasa…

- Mening sendek qizim yo‘q, yo‘qol ko‘zimdan, oq padar, - dedi otasi.

- Boshimizda shunday ko‘rguliklar bormidi, juvonmarg, bizni tiriklayin go‘rga tiqding-ku, sharmanda, - sochlarini yuldi onaizor.

- Homilani endi olib tashlab bo‘lmaydi, ancha katta bo‘lib qolgan, xavfli, - dedi shifokor.

Mastona uydan haydalgach, shaharda bir so‘qqabosh kampirnikidan panoh topdi. Qizi tug‘ildi, unga Oysara deb ism qo‘ydi.

Qizini o‘ylab turmush qurmadi, butun borlig‘ini unga bag‘ishladi.

Oysara ulg‘ayib, otasini so‘raganda “u sen tug‘ilishingdan sal oldin o‘lgandi”, deb aldadi.

Shukur qayta-qayta uylanib ham farzand ko‘rmagach, farzand dog‘ida adoi tamom bo‘ldi. Unga dunyoning qizig‘i qolmagandi.

Yoshlikdagi beboshlik qimmatga tushdi. Taqdir jazosi og‘ir bo‘ldi. U Mastonani qidirib topish, qilgan xatosi uchun tiz cho‘kib, kechirim so‘rash, agar farzand ko‘rgan bo‘lsa, qizmi, o‘g‘ilmi uni bag‘riga bosib boshini silash ilinjida yashadi. Ammo Mastonaning qayerga ketganini, bormi, yo‘qligini hech kim bilmasdi.

Oradan yillar o‘tdi, Shukur buva Mastonani ko‘rishdan umidini uzdi. Pushaymon o‘tida yuragi kuyib ado bo‘ldi…

- Otaxon, kasalingiz ancha jiddiy, yurak bilan hazillashib bo‘lmaydi, sizga asabiylashish, hayajonlanish mumkin emas, - dedi do‘xtir qiz hamshiraga muolaja dori-darmonlarini tayinlar ekan.

Shukur buva do‘xtir qizga qarab yuragi hapqirib ketdi. Nahotki, nahotki? Do‘xtir qiz bir tomchi suvdek Mastonaga o‘xshardi.

Bo‘lishi mumkin emas!

- Qizim, kechirasiz, - dedi istihola bilan, - otangiz bormi?

- Yo‘q, o‘lgan!

- Onangiz-chi, hayotmi?

- Ha, xudoga shukur, hayot!

- Ismi Mastona emasmi?

- Ha, Mastona! Nima, siz taniysizmi?

- Qizim! - Shukur buva ko‘ksini changallab ingrab yubordi, uning yuzi dokaday oqarib ketgandi.

- Otaxon, ko‘zingizni oching, sizga nima bo‘ldi? - Oysara uning ko‘ksini massaj qilishga kirishdi. - Hamshira, elektroshokni keltiring.

Yurak urishi sezilmayapti.

Qo‘lida o‘lim bilan olishayotgan bemor chol onasining qarg‘ishi urgan otasi ekanligi Oysaraning xayoliga ham kelmasdi.

Tog‘aymurod Shomurodov.