Avtomobilning kanalga tushib ketishi oqibatida bir oilaning to‘rt nafar a’zosi hayotdan ko‘z yumdi

Kecha, 18 oktyabr kuni soat 23:00 da Angor tumani Qorabog‘ mahallasi hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1433-kilometrida 1993 yilda tug‘ilgan haydovchi “Neksiya-3” rusumli transport vositasini «Samarqand-Termiz» yo‘nalishida boshqarib kelib, boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘nalishdan chiqib, yo‘l bo‘ylab oqib o‘tuvchi kanalga tushib ketgan va avtomobilda yong‘in kelib chiqqan.

Oqibatda transport vositasi haydovchisi I.I., uning 1993 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i F.A. hamda voyaga yetmagan farzandlari 2016 yilda tug‘ilgan S.O‘. va 2017 yilda tug‘ilgan S.I. lar og‘ir darajadagi tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etishgan.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 19 oktyabr kuni Angor tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati.