Avtosalondan olingan shartnomani boshqaga sotish joiz emas. O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu bo‘yicha fatvo berdi
UzAuto Motors Cobalt, Lacetti, Damas avtomobillari sotuvini e’lon qilgach, shartnomalar bir kunda tamom bo‘ldi. Ammo ayrim “tadbirkorlar” o‘zi uchun olgan shartnomalarga ustama qo‘yib, OLX sayti orqali pullamoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi avtosalonlardan shartnoma olib, boshqa shaxsga ma’lum bir mablag‘ evaziga sotish holati bo‘yicha fatvo berdi.
Birinchidan, bu yerda bir qarashda shartnomaning o‘zi sotilayotganga o‘xshab ko‘ringani bilan, aslida shartnoma predmeti bo‘lgan mashina savdo moli bo‘lib, unga qilinadigan to‘lov shartnoma egasining nomidan amalga oshiriladi va mashina ham uning nomiga chiqadi. Ya’ni, sotuvchi hali qo‘liga kirmagan mashinani ustiga foyda qo‘yib sotadi. Bu ish esa, shar’an joiz emasdir.
Ta’kidlanishicha, mashinaga to‘lov qilayotgan shaxs shartnoma egasining nomidan to‘lov qilgani uchun mashina ham shartnoma egasining nomiga chiqadi. U notarial idora orqali xaridor nomiga o‘tkazib bermagunicha mulk ham uning ixtiyorida bo‘ladi va xaridor aldanib qolish ehtimoli mavjud. Bu esa shariatda man qilingan g‘arar — aldov ustiga qurilgan savdo hisoblanadi.