Axloqsiz chalamulla, deyilayotgan shaxs aslida firibgar

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Kattaqo‘rg‘onlik chala mulla, o‘zini o‘qitishga kelgan ayolga tegajog‘lik qildi” sarlavhali xabar yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rganish ishlarini olib bordi.

Natijada, mazkur shaxs Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, folbinlik, firibgarlik, ichkilikbozlik kabi dinimizda qattiq qoralangan ishlar bilan shug‘ullanadigan F.H. ismli fuqaro ekani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu shaxs hech qanday diniy ma’lumot yoki diniy rutbaga ega emas. Lavhada aytilgan, “Al-Buxoriy” nomli madrasa ham O‘zbekiston hududida faoliyat olib bormaydi. Arab tili kabi biror o‘quv kurslarda o‘qish shaxsga hech qanday diniy faoliyat olib borish uchun asos bo‘lmaydi.

Demakki, ushbu shaxsga nisbatan “mulla” so‘zini ishlatish mutlaqo noto‘g‘ri, uning dinga va mullalikka umuman aloqasi yo‘q. Aksincha, u folbinlik, firibgarlik, ichkilikbozlik kabi illatlarga ruju qo‘ygan kimsadir.

Ta’kidlash kerakki, “mulla”, “imom”, “madrasa” kabilar Islom shiorlari hisoblanadi. Alloh taolo islom shiorlarini ulug‘lashga targ‘ib qilish barobarida ularni hurmatsiz qilishdan qattiq qaytargan. Ayniqsa, turli noloyiq ishlarni “mulla”, “imom”, “madrasa” kabi islom shiorlariga bog‘lash katta gunohdir.

Xulosa shuki, OAV va ijtimoiy tarmoq yurituvchilari turli voqea-hodisalarni ommani jalb qilish maqsadida din bilan bog‘lab ko‘rsatishdan saqlanishlarini so‘raymiz. Shuningdek, asossiz xabar tarqatish Islom dini ko‘rsatmasiga ko‘ra, katta gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka sabab ekanini eslatib o‘tamiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.