Ayol bor joyda adolat bo‘ladi

Bu yil xotin-qizlar qutlanadigan bahor ayyomi yomg‘irli kunlar bilan boshlandi. Yomg‘irni kayfiyati uchun yaxshi ko‘radigan ayollardan farqli ravishda uni el-yurt rizqi deb qarab, bu tabiat ne’matiga shukrona aytadigan ayollar soni ko‘proq.
Bu yil viloyat miqyosida o‘tkazilgan bayram tadbirlarida ana shunday, el rizq-ro‘zi uchun jon kuydiradigan, oilasidagi mehr chirog‘ini yoritib, farzandlari tarbiyasi-yu kamoli yo‘lida bor imkonini ishga solayotgan ayollar ishtiroki ta’minlandi.
Turli sohalarda mehnat qilib, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, jamoada hurmatga sazovor bo‘lgan, oilasi xotirjamligini ta’minlab, qo‘ni-qo‘nilariga ibrat bo‘lgan xotin-qizlar jamlangan asosiy bayram tadbiri o‘zgacha shukuhda o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov yig‘ilganlar, ular timsolida samarqandlik barcha xotin-qizlarni bayram bilan qutladi.
- Bugun ayol, ona deganimizda shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakat hayotining barcha jabhalarida birinchilar qatorida yangiliklarni amalga oshirayotgan, oilasi xotirjamligi uchun fido bo‘layotgan mo‘’tabar onalar, opa-singillar ko‘z oldimizdan o‘tadi, - dedi E.Turdimov. – Mamlakatimiz rahbari boshchiligida har yili xotin-qizlarning ta’lim olishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, qolaversa ijtimoiy himoyasi yo‘lida qator yangiliklar amalga oshirilmoqda, ular uchun barcha jabhalarda shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunda viloyatdagi yuzlab tashkilotlarni xotin-qizlar boshqarmoqda, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda 200 nafarga yaqin, tibbiyot muassasalarida 4 ming nafar shifokor ayol faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Men doim ta’kidlayman, ayol rahbarlik qilayotgan tashkilotda adolat, ozodalik, ishga nisbatan mas’uliyat hukmron bo‘ladi.
Anjuman davomida viloyatdagi bir guruh ayollarga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, turli sohalarda mehnat qilib, el-yurt koriga yarayotgan xotin-qizlarning bir guruhiga viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
- “Mo‘’tabar ayol” nishoniga sazovor bo‘lish har qanday e’tirofdan yuksak bo‘lsa kerak, - deydi Qo‘shrabot tumani “Yangi qishloq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari Novvotoy Shodiyeva. – Men bir necha yillardan buyon mahallada ishlab kelaman. Shu yillar davomida ayollarning salomatligi, moddiy ahvoli, ish bilan bandligi masalalari tizimli o‘rganilayotgani va bu o‘rganishlar qog‘ozda qolib ketmay, amalda ham ularga zarur yordam va tavsiyalar berilayotganida bevosita ishtirok etmoqdamiz. Yoshim 70 ga yaqinlashgan bo‘lsa-da, bunday o‘zgarish va yangiliklar meni yanada shijoat bilan ishlashga ruuhlantirib turadi.
Bayram tadbiri poytaxtdan kelgan hamda samarqandlik san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar hamda raqslar bilan o‘zgacha fayzli o‘tdi.
Gulruh Mo‘minova.
Baxtiyor Mustanov.