Bayram yil nomiga mos bo‘ldi

Bayramning yil nomlanishiga mutanosib tarzda o‘tkazilishi har doim kuzatilmaydi. Bu yil shunday bo‘ldi. 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni hali bahor kirib kelmasidanoq boshlandi: maktabgacha ta’lim ishtirokchilaridan tortib, o‘quvchi, talabalar o‘rtasida o‘z yoshiga mos tarzda viktorinalar o‘tkazildi. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil oladigan talabalar, faoliyat yuritayotgan olimalar uchun ilmiy anjumanlar o‘tkazilib, ularning ilmiy ishlari namoyish etildi.

Shuningdek, minglab xotin-qizlarning Samarqand shahrining tarixiy obidalariga sayohati, bayram dasturxonlari tashkil etildi.

Viloyatning asosiy bayram tantanalarida jamiyatning turli sohalarida namunali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, faollar, mehnat faxriylari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi E.Turdimov yig‘ilganlarni, ularning timsolida barcha viloyat xotin-qizlarini bayram bilan qutlar ekan, ayolning oiladagi o‘rni xususida to‘xtaldi.

- Birgina ayolga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyat uning butun oilasi, farzandlari kelajagi uchun mustahkam zamin bo‘la oladi, - dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. - Ayol o‘z bilimi, dunyoqarashi bilan bir oilani obod qilishi, shu orqali ham jamiyatga katta nafi tegishi mumkin. Shuning uchun ham keyingi yillarda xotin-qizlarning ta’lim olishiga alohida imtiyozlar berilmoqda. 2022 yilda oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi 3103 nafar xotin-qizga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.

Oliy o‘quv yurtlarida bugungi kunda 498 nafar iqtidorli talaba qizlar tahsil oladi. Shulardan 4 nafari Prezident stipendianti, 21 nafari nomdor davlat stipendiantlari, 4 nafari viloyat hokimi stipendiantlaridir. 41 nafar iqtidorli magistrant xotin-qizlar, 111 nafar doktorant xotin-qizlarimiz o‘qish va ilmiy ish qilish bilan shug‘ullanmoqda.

Shuningdek, ayollarning bandligini ta’minlash, ularga kredit, subsidiyalar ajratish, sog‘ligini tiklashdan tortib, kasb-hunarga o‘qitish kabi qator masalalarda ham tizimli yordam berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Bu ishlarning mexanizmi shakllantirilgani tufayli u doimiy ravishda davom etishi ko‘zda tutilgan.

Anjuman davomida bir guruh onaxonlarga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirildi, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

- O‘ttiz yildan beri daladaman, fermerlik bilan shug‘ullanaman, - deydi Oqdaryo tumanidagi “Fozilov Sobir bog‘i” fermer xo‘jaligi rahbari Lola Bahromova. – O‘qituvchilik ham qilganman, boshqa tashkilotlarda ham ishlaganman, ammo yer bilan ishlaganchalik biror sohada zavq tuymaganman. Dalaga borsam, kuch olaman, ekinlarni ko‘rsam, yana ishlagim keladi. To‘g‘risi, ilgari faqat yer, hosil, ish deb, bayramlarga ham ko‘p e’tibor bermas ekanman. Bu yil viloyat miqyosidagi bayramga qatnashib, ko‘nglim ko‘tarildi, e’tibordan quvvat oldim.

Bahor kayfiyati, yoqimli kuy-taronalar, badiiy chiqishlar, faol ayollarning o‘zaro suhbatlari anjumanga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Gulruh MO‘MINOVA.