Sudya Navbahor Tursunova: “Qonunlarimiz mukammal ishlab chiqilgan. Faqat huquqiy bilimning yetishmasligi tufayli ko‘pchilik qiyinchilikka duch kelyapti”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, mamlakatimizning bir guruh faol ayollari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Navbahor Tursunova ham bor. U “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.
– Avvalo, sizni ushbu mukofot va Xotin-qizlar kuni bilan tabriklaymiz! Sudyalik kasbini tanlashingizga nima sabab bo‘ldi? Bu soha ayollar uchun qiyin emasmi?
– Tabrik uchun katta rahmat. Maktab davrida o‘qituvchilarimiz o‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma tashkil etib, ularning kelajakdagi tanlaydigan kasbi haqida so‘rar edi. Men doim “Jurnalist bo‘laman”, derdim. Bu so‘rovnoma necha marta o‘tkazilgan bo‘lsa, hammasida bir xil javob yozganman. Jurnalistlikni ijodga mehrim bo‘lgani, ora-sirada she’r yozib turganim uchun yaxshi ko‘rardim. Lekin otamning e’tirozidan keyin men huquq sohasini tanladim. O‘z oldimga maqsad qo‘ydim: “Men, albatta, sudya bo‘laman!”.
Ochig‘i, bunga ota-onam qarshilik qilgan. Chunki ular qiz bolaning bu sohada ishlashini tasavvur ham qila olmas edilar. Umuman olganda, ayollar uchun sudyalik qilishni qiyin va xavfli hisoblaganlar. 1999 yili Samarqand davlat universitetining huquqshunoslik fakultetiga hujjatlarimni topshirib, grant asosida talaba bo‘lganimdan so‘ng, ota-onam qarorimni qabul qilishdi.
Bugun jamiyatning hech bir sohasini xotin-qizlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Menimcha, bir soha ayollarga to‘g‘ri kelmaydi, boshqasi yaxshiroq deyish noto‘g‘ri. Sud tizimida xotin-qizlar sonining ko‘payishi mazkur tuzilmada adolatning yanada mustahkamlanishini ta’minlamoqda. Chunki ayol nafaqat sudya, balki ona hamdir. Shuning uchun u odamlarni yaxshiroq tushunadi.
– Turmush o‘rtog‘ingiz kasbingizga qanday qaraydi?
– Turmush o‘rtog‘im bilan bir sohada ishlaymiz. Ikkimiz ham Samarqand davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini tugatganmiz. Ular mening ishimga hech qachon e’tiroz bildirmaganlar. Aksincha, menga doimo yordam beradi.
Farzandlarim dunyoga kelgach, ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, tarbiyasi bilan shug‘ullanish uchun biroz muddat ishlashni xohlamadim. Shu vaqt ichida kasb taqozosi tufayli turli viloyatlarga tez-tez ko‘chib o‘tdik. Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida dastlab FHDYo bo‘limi inspektori, keyinchalik rahbar lavozimlarida ishladim. 2016 yilda Samarqandga keldik, bir yildan so‘ng Samarqand shahar iqtisodiy sudida sudya yordamchisi bo‘lib ishladim. Bir muddat Ishtixon shahrida ham sudya bo‘ldim, 2021 yil yanvar oyidan Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudiga rahbarlik qilishni boshladim. Bu yil mening besh yillik vakolatim tugadi. Bizning tizimimizda sudyalar besh yillik, o‘n yillik va muddatsiz muddatga tayinlanadi. 2024 yil dekabr oyida Sudyalar oliy kengashining qaroriga asosan ushbu lavozimga qayta tayinlandim.
Ishdan keyin uy yumushlarini bajarishga ham vaqt topaman. Barcha ishim uchun vaqtimni to‘g‘ri taqsimlaganman. Ko‘p hollarda ayollar kun davomida qiladigan ishlarni men ishdan keyin bajaraman. Bu holatga turmush o‘rtog‘im ham, bolalarim ham ko‘nikib qolgan. Qolaversa, qarindoshlar va to‘y-hashamlarga borib, ularning holidan xabar olishga ham vaqt ajratamiz. Vaqt to‘g‘ri taqsimlangan bo‘lsa, hech kim sizdan shikoyat qilmaydi.
– Sizningcha, ayol zamondan bir qadam oldinda yurishi uchun qanday xislatlarga ega bo‘lishi kerak?
– Bugungi kun ayoli jamiyatning qaysi sohasi, qaysi tarmog‘iga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar, zamon bilan hamnafas bo‘lishi uchun o‘qib-izlanishi va bilim saviyasini muntazam oshirib borishi kerak. Bilim, mehnat va qobiliyat hamma joyda muhim.
O‘z misolimda aytadigan bo‘lsam, har qanday huquqshunos sudya bo‘lishi mumkin, ammo rahbarlik boshqa masala. Rahbarlikda mas’uliyat ikki barobarga ortadi. Sizning ishxonangiz ikkinchi uyingizga aylanadi. Vazifani sadoqat bilan bajarib, sohada hurmat va e’tibor topishingiz mumkin.
– Hayotdagi shioringiz nima?
– Hayotdagi shiorim – "Mehnat, mehnatning tagi rohat!". Men o‘zimni mas’uliyatli va vatanparvar inson deb bilaman. Chunki menga biror vazifa berilsa, uni tezroq bajarish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman. Hech qachon mehnatdan qochish yo‘lini izlamayman. Qilayotgan ishim zamirida natija bo‘lishini bilaman. Balki kimlardir mehnatni o‘z vaqtida qadrlamas, lekin men har doim o‘z burchimni chin yurakdan bajaraman va xodimlarimni ham shunday qilishga chaqiraman.
– Iqtisodiy sud misolida, bugungi kunda siz guvohi bo‘layotgan ayollarning qanday muammolari bor? Ulardan qaysi turdagi murojaatlar ko‘proq keladi?
– Bugun joylarga borib, rahbariyat qabullarida qatnashganimda, tadbirkor ayollarimizning huquqiy savodxonligi yetarlicha emasligiga guvoh bo‘laman. Bu mening shaxsiy fikrim. Huquqiy bilimning yetishmasligi tufayli ko‘pchilik qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Bizning qonunlarimiz mukammal ishlab chiqilgan. Bizga kelib tushayotgan murojaatlar qonun doirasida to‘liq amalga oshirilganida, hech qanday muammo yuzaga kelmas edi. Qonunga rioya qilmaslik, ularni bilmaslik yoki tadbirkorlarning bila turib loqaydlik qilishi oqibatida ularning ishi sudgacha borib yetyapti. Aholi, ayniqsa, xotin-qizlarimizning bilim saviyasini oshirish borasida Oliy sud va viloyat hokimligi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz qabul qilingan yangi qonunlar haqida tumanimiz miqyosida aholiga o‘z vaqtida ma’lumot berishga harakat qilyapmiz.
Davlatimiz rahbari aytganlaridek, bugun har bir xotin-qiz demokratik jarayonlarning kuzatuvchisi emas, balki uning faol ishtirokchisi va tashabbuskori hisoblanadi. Bu esa bizdan doimiy ravishda malaka oshirishni, siyosiy jarayonlarda o‘z bilimlarimizdan unumli foydalanib, ularda faol ishtirok etishni talab qiladi. Biz, ayollar ajdodlarimiz – To‘maris, Bibixonim va boshqa ulug‘ zotlarga munosib bo‘lishimiz kerak.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Shahzod Kenjayev suhbatlashdi.