Ayolning ziynati - ma’rifat

Garchi bahor bu yil qorli kelgan bo‘lsa-da, ammo ko‘klamga, yashillikka intiqlik tabiatga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Bahorning ilk kunlari keng miqyosda nishonlanadigan Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida esa quyosh charaqlab, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Bu yil bayram ilm-ma’rifatga uyg‘un anjumanlar bilan boshlandi. Ta’lim muassasalarida, turli korxona va tashkilotlarda ma’naviy tadbirlar, olimalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” shiori ostidagi mashvaratlar shunchaki emas, yoshlarni ruhlantiradigan, ularning maqsadlariga ta’sir etadigan darajada ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi. Jomboylik 14 yoshli Nargiza Muhammadiyevaning bir necha kun avval “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida yuqori o‘rinni egallab kelgani haqidagi xushxabar shu ma’rifiy uchrashuvlarga mutanosib keldi. Samarqand akademik olimalar yetishtirib beradigan zaminga aylanishi niyat qilindi.

Shuningdek, bayram arafasi ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar holidan xabar olindi, faxriylar e’zozlandi. Turli sohalarda faoliyat yurituvchi, sharoiti og‘ir xotin-qizlar uchun O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga sayohatlar uyushtirildi.

Viloyatning asosiy tantanalari ham ma’rifiy anjuman, ya’ni xotin-qizlarning teatrga tashrifi bilan boshlandi. Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan ijro etilgan “O‘jar qaynona” spektakli tadbir ishtirokchilarini ushbu asarni oilaviy yana bir bor tomosha qilish kerak, degan xulosa bilan ketishiga turtki berdi.

Asosiy tantanalarda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokchilarni, ular timsolida viloyatning barcha xotin-qizlarini bayram bilan tabriklar ekan, nutqining avvalida asosiy urg‘uni ma’rifatga qaratdi.

- Oilada o‘g‘lingni o‘qitsang, bir kishiga ta’lim bergan bo‘lasan, ammo qizingni o‘qitsang, butun jamiyatni o‘qitasan, degan fikr bejiz aytilmagan, - dedi hokim xotin-qizlar o‘z tabrigini yetkazar ekan. – Haqiqatan ham ayolning ma’rifatli bo‘lishida hikmat ko‘p. U ilmi, ma’naviyati bilan jamiyatga nafi tegishi barobarida oiladagi sog‘lom muhitni ham asray oladi. O‘g‘li va qizi ta’lim-tarbiyasidagi e’tibori ham boshqacha bo‘ladi. Bugun viloyatda xotin-qizlar erishayotgan natijalar, yutuqlar salmoqli. Fidoyilik bilan o‘z ishini vijdonan bajarayotgan ayollar mehnatini qadrlash har birimizning vazifamizdir.

Anjumanda mana shunday fidoyi, turli sohalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Shuningdek, yana bir guruh ayollarga “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.

- 58 yil maktabda rus tili va adabiyotidan dars berdim, hozir ham uyda o‘quvchilarga o‘z fanimni o‘rgatib kelaman, - deydi Paxtachi tumanidan kelgan mehnat faxriysi Rimma Nadirshina. – O‘qituvchiga nisbatan ilohiy bir kishidek qarash aslida davr bilan bog‘liq emas, bevosita o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq. Turli asrlar rus adabiyotini o‘tar ekanman, ko‘pchilik menga xuddi o‘sha asrdan kirib kelganday tuyulasiz, derdi. Ha, har bir o‘qituvchi o‘z fanini sevib, hurmat qilib o‘tsagina o‘quvchida o‘sha fanga ham, o‘qituvchiga ham hurmat bo‘ladi.

- Bayram anjumani spektakl bilan boshlanishi yaxshi tashabbus bo‘ldi, - deydi “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi Mo‘’tabar Yo‘ldosheva. – Biz bu amaliyotni tumanlarda ham, chekka qishloqlarda ham targ‘ib qilishimiz, tashkillashtirishimiz kerak.

Tantanali kechaga samarqandlik va poytaxtdan tashrif buyurgan san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari bahoriy kayfiyat va shodlik ulashdi.

G.MO‘MINOVA.