Ayol qanday qilib ish topishi mumkin?

Jamiyatda oila manfaati, farovonligi uchun mehnat qiladigan ayollarni ko‘p uchratish mumkin. Ammo ayrim ayollarning ikki-uch nafar farzandi bo‘lsa-yu ta’minlovchi sifatidagi ishongan "tog‘i" bo‘lmasa, ularga oson tutib bo‘lmaydi. Quyida ayollar qanday qilib ish topishi mumkinligi va qayerga murojaat qilishi haqida fikr yuritamiz.

Klassik ish topish usuli

Samarqand viloyatida odamlar didiga mos ish topish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lgan bir nechta muassasa bor. Ulardan biri - rasmiy muassasa sifatida faoliyat yuritayotgan viloyat bandlik bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalaridir. U yerga har kuni yuzlab odamlar ish izlab murojaat qiladi. Yil boshidan buyon bandlikka ko‘maklashish markazlarining hududiy bo‘limlariga 4,5 mingdan ortiq fuqaro murojaat qilgan, lekin bu ularning hammasi ham o‘ziga mosish topdi, degani emas.

Viloyat bandlik bosh boshqarmasi ishsizlarni ro‘yxatga olish, bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Islom Narzullayevning aytishicha, so‘nggi paytlarda internet orqali ish topish imkoniyati paydo bo‘lgani quvonarli. Bir-ikki yil avval mamlakatimizda https://ish.mehnat.uz/ish qidirish platformasi ishlab chiqilgan edi. Unda hudud va sohani tanlab, mutaxassislik bo‘yicha ish topish imkoniyati tug‘ildi. Ayni paytga kelib, elektron ma’lumotlar bazasida viloyat bo‘yicha 20 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni mavjud.

Tanish-bilishchilikorqali ish topish

Ish qidirishning bunday usuli, ko‘pchilik fikriga ko‘ra, bizning mentalitetimiz bilan bog‘liq. Balki shuning uchun ham jamiyatda tanish-bilishchilik tufayli yaxshi ish topish mumkin, degan fikr shakllangan. Bu fikrnihttps://t.me/zarnews_uz/65522 telegram kanalida o‘tkazilgan, 2000 dan ortiq kishi ishtirok etgan so‘rov ham tasdiqladi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 62 foizi ish topishning eng oson yo‘li tanish-bilishchilikdeb javob bergan. Nisbatan kamrog‘i (12 foizi) - bandlik markazlarini ko‘rsatgan. So‘rovnoma ostidagi sharhlari meni ayniqsa hayratda qoldirdi: ko‘pchilik ish topishni "pul + tanishlar"ga olib borib taqashgan va bu ish topishning eng samarali usuli sifatida ko‘rilishi sir emas.

Mardikor bozorida bir kunlik ish

Agar siz "qora" ishchi bo‘lsangiz va sizga erkin jadvalli bir kunlik ish kerak bo‘lsa, u holda xalq orasida "mardikor bozori" deb ataluvchi kunlik mehnat bozoriga borishingiz mumkin. Aynan shu yerga odamlar o‘z xizmatini taklif qilib, qo‘shimcha pul topishga tayyor turishadi. Samarqand viloyatida to‘rtta shunday mehnat bozori mavjud.

Joriy yilda kunlik mehnat markazi rahbariyati tomonidan ishchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Mening ishim” onlayn ilovasi ishga tushirildi. Unda kunlik, mavsumiy ishchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, jumladan, yoshlar, talabalar va nogironlar uchun ish takliflari nashr etiladi.

- Ishchilarimizga qulaylik yaratish maqsadida platformani ishga tushirdik va barchani onlayn platforma malumotlar bazasiga kiritdik. Uning yordamida ish beruvchi aniq toifa tanlab, mutaxassis yoki usta topadi, – deydi Samarqand bir kunlik mehnat markazi direktori Jamshid Salyamov. – Hozirda onlayn platformada 400 dan ortiq ishchilarimiz bor. Afsuski, bu yerda ayollarning profili deyarli yo‘q, chunki Samarqandda mardikor ayollar uchun kunlik mehnat markazi mavjud emas. Yana bir kamchilik - bunday ishda ertaga daromadbo‘lishiga kafolat yo‘qligi.

Chet elda ish qidirish

Agar yuqoridagi usul muvaffaqiyatsiz chiqsa va chet elga ishlashga qaror qilgan bo‘lsangiz, unda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qiling. Ishga joylashish va chet elga qonuniy chiqishni taklif qiluvchi bir nechta idoralar mavjudligiga qaramay, ulardan birortasi litsenziyaga va tabiiyki, fuqarolarni chet elga ishga yuborish huquqiga ega emas. Hozir faqat Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijda ishga joylash bilan shug‘ullanuvchi yagona qonuniy muassasa hisoblanadi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqandshahar boshqarmasi boshlig‘i Sunnatillo Abdusaidovning aytishicha, inson omilini bartaraf etish maqsadida xorijda ish qidirish ham avtomatik rejimga o‘tgan, ammo to‘liq emas. Ish topish yoki bo‘shish o‘rinlari bilan tanishish uchun agentlik filialiga kelish shart emas. Buni Samarqand viloyatida ishlaydigan https://t.me/sammigration telegram kanali yoki https://t.me/migratsiyaagentligi respublika resursiga obuna bo‘lish orqali amalgaoshirish mumkin. Bu yerda tanlov o‘tkazayotgan xorijiy kompaniyalar kastinglari haqidagi e’lonlar chop etiladi. Shuningdek, unda ish beruvchining talab va ehtiyojlariga mos mutaxassisliklar haqida ma’lumotlar mavjud. Maosh va yashash sharoiti asosan joyida muhokama qilinadi.

Ba’zi ish beruvchi e’loni ostida anketalarni qo‘shadi va har kim so‘ralgan hujjatlarni ilova qilgan holda, uni ham to‘ldirishi mumkin. Yil boshidan buyon 120 nafarga yaqin xotin-qiz, o‘tgan yili 295 mingdan ortiq aholi ish topish uchun xorijga ketgan.

Davlatdan yordam kutish kerakmi?

Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash oila va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limining asosiy vazifasi hisoblanadi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonovadan so‘radik.

- Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash muammosi hamon asosiy masala sanaladi,deydi Z.Rahmonova. – Samarqand viloyatida 2 milliondan ortiq xotin-qiz istiqomat qiladi, ularning 53,8 foizi mehnatga layoqatli hisoblanadi, 727 ming nafari rasman ishlamaydi va atigi 9,8 foizi ishlaydi, 0,07 foizi ishsizlik nafaqasini oladi. Ushbu nomutanosiblik mehnat bozorida ayollarning umumiy soniga nisbatan ancha kam ekanligini ko‘rsatadi.

O‘tgan yili viloyat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish bo‘yicha kompleks Davlat dasturi ishlab chiqdik. Mazkur dasturning amalga oshirilishi 2022 yilda viloyatda 94 ming 353 nafar ishsiz xotin-qizni ish bilan ta’minlash imkonini berdi. Mazkur dasturga muvofiq, 20 ming nafardan ortiq xotin-qiz kvotalar bo‘yicha ish bilan ta’minlandi, 7 ming nafarga yaqin xotin-qiz jamoat ishlariga jalb qilindi, 20 ming nafarga yaqini kredit oldi, 15 ming nafari malaka oshirish kurslariga o‘tkazildi. Bu yetarli emasligini tushunamiz, lekin ayollarga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratish maqsadida kichik bo‘lsa-da, qadam tashlashga harakat qilmoqdamiz.

Zamira Boltayeva.