Ayollar bayrami ziyorat bilan boshlandi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik bayrami hamda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan kasaba uyushmalari tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun “Muqaddas ayol” nomli  madaniy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda turli sohalarda faoliyat olib borayotgan 800 nafardan ortiq xotin-qizlar, kasaba uyushmalari faxriylari uchun Samarqand shahridagi muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalarga sayohat uyushtirildi. Shundan so‘ng Samarqand shahridagi bazmgohda bir piyola choy atrofida xotin-qizlar uchun madaniy tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Zebo Saidova, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov ishtirokchilarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik bayrami va xotin-qizlar bayrami bilan muborakbod etdi. Xotin-qizlarning ijtimoiy siyosiy faolligini oshirish, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni ta’minlash, ayollar salomatligini mustahkamlash, ayniqsa, ehtiyojmand ayollarni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi yillarda olib borilayotgan tizimli amaliy ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tildi.  

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston kasaba uyushmalari laureati sohibi Farhod Saidov o‘zining kuy-qo‘shiqlari bilan tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.