"Ayollar daftari”: Jomboyda bu tizim qanday samara beryapti?

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Shu bois 2018 yildan ijtimoiy vaziyatdagi opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangicha mexanizmi ishlab chiqildi. Jamiyatimizda “Ayollar daftari” tushunchasi paydo bo‘ldi. Bugungi kungacha ushbu tizim orqali yuz minglab xotin-qizlar turmush sharoiti yaxshilandi. Jumladan,3276 nafar jomboylik xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, 2208 nafarining muammosi bartaraf etilgan.
Tumanimizda bu tashabbus samarali tashkil etilgan. Xotin-qizlarni ro‘yxatga olishda shaffof, ijtimoiy adolat mezonlari qat’iy nazoratga olindi. Subsidiya, imtiyozli kreditlar orqali ularning yashash sharoitlarini yaxshilash asosiy maqsad qilib belgilangan. Yaqinda mazkur jarayonni Juriyat, Sarichashma, Eski Jomboy, Samarqand mahallalari misolida tahlil qildik,
Surayyo Ashurova “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardan biri. Oilaviy sharoitini yaxshilash, o‘zi-o‘zi band qilishi uchun 30 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan 20 bosh qo‘y olib, parvarish qilmoqda.
Juriyat mahallasida yashovchi Farida Joniqulova esa 13 million so‘m imtiyozli kredit hisobiga ikkita tikuvchilik mashinasi olib, kichik sex tashkil qilgan. E’tiborlisi, mahalladagi 6 nafar ishsiz xotin-qizni yoniga olib, hunar o‘rgatmoqda.
Samarqand mahallasida istiqomat qiluvchi Zilola Soliyeva 10 million so‘m evaziga parrandachilik, Zilola Islomova qo‘ychilik yo‘nalishida tadbirkorlik boshladi. Eski Jomboy mahallasida istiqomat qiluvchi Oqila Abduqodirovaga esa 15 million so‘mlik oshxona jihozlari ajratildi.
Hilola Rahimova,
Jomboy tumani hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i.