Davr fidoyilari: Ayollarga hayotni o‘rgatgan tadbirkor
Tadbirkorligini bor-yo‘g‘i 2 dona tikuv mashinasidan boshlagan ishbilarmon ayol – pastdarg‘omlik Gulbeka Qo‘chqorovani samarqandliklar yaxshi bilishadi. Hatto o‘nlab ishchilari-yu, tikuv mashinkalari bilan ko‘chada qolgan paytlari bo‘lgan.
Ammo o‘ziga bo‘lgan ishonch tufayli Gulbeka Qo‘chqorova bugun yuzlab xotin-qizlarni ish bilan ta’minladi. Imkoniyati, sharoiti og‘ir bo‘lgan yuzlab xotin-qizlarga kasbini o‘rgatdi, bugun ular shuni ortidan non topyapti. Murakkab vaziyatga tushib qolgan, qariyb ko‘chada qolgan o‘nlab ayollarga yordam berdi. Uning yordami faqat non-osh bilangina o‘lchanmadi, u ayollarga bir oyga yo bir yilga yetadigan emas, bir umrga tatiydigan hunar o‘rgatdi. Bugun ularning ko‘pchiligi opani yo‘qlab keladi, yaxshiligini unutmaydi.
Gulbeka Qo‘chqorova asos solgan “Beka-Charos” korxonasida 50 ga yaqin ishchi mehnat qilib, 90 turdan ortiq kiyim-kechaklar tayyorlanmoqda. Viloyat Kengashi deputati sifatida tadbirkor ayollar, o‘zi saylangan hududdagi aholi muammolarini o‘rganish, ularni hal etish yo‘lida o‘ziga xos bir usulda yondashmoqda.
-Tikuvchilik shunchaki hunar emas, deb o‘ylayman, - deya ko‘p takrorlaydi Gulbeka Qo‘chqorova. – U ayol kishiga hayotni, sabrni, turmush sinovlarini mardonavor yengishniyam o‘rgatadi. Yaratilgan liboslardan bahramand bo‘lib, yaratuvchanlikka undaydi. Yana pul ham keltiradi.
Gulbeka Qo‘chqorova deputat sifatida o‘tgan yil mobaynida saylovchilar bilan uchrashuvlarda tushgan murojaatlar yuzasidan 10 ga yaqin tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yo‘llagan.