Ayollarning dini noqis, aqli kalta(mi?)

Yaqinda davralarning birida shu haqda gap ketdi. Kimdir bu haqda hadis bor, bu tortishadigan mavzu emasligini aytdi. Yoshi ulug‘roq bu ziyolining gapi bir ovozdan ma’qullandi...

 Men esa bu fikrga qo‘shilmadim. Davrada jur’atsizlikdan emas, odob yuzasidan qarshi fikr bildirmadim. Ammo o‘ylab ko‘rsam, jamiyatda ko‘pchilikda shu fikr bor.

Vaholanki, feminizm, gender tenglik kabi zamonaviy tushunchalardan ko‘ra ayollarga yuksak e’tibor ko‘rsatgan bobolarimiz bu darajada tor fikrlamaganliklari tayin.

To‘g‘ri, sarlavhadagi jumlaga mos hadis bo‘lishi mumkin. Lekin u ayni ma’noni bermasligini o‘ylab ko‘rishmagani dilni xira qiladi. Chunki dini noqis deyilganda xotin-qizlar hayz va nifos davrida ibodatdan (namoz o‘qish va ro‘za tutish) ozod qilingani ko‘zda tutiladi. Bu qayd qilingan vaqtda qon yo‘qotish tufayli holsizlangan ojizalarga ko‘rsatilayotgan ehtirom emasmi?!

Aqli kaltaligini xotin-qizlardan ikki nafarining guvohligi bir er kishining guvohligi bilan teng bo‘lishi aytiladi. Jiddiy o‘ylab ko‘rilsa, bu yerda ham erlar ko‘klarga ko‘tarilmayapti, ayollar avaylanyapti...

Aslida bu anchayin katta mavzu. Ammo ajdodlarimiz hayotida ona, turmush o‘rtog‘i bo‘lgan ayollar doim qadrlangan. Jamiyatda ularning o‘z o‘rni bo‘lgan. Oddiy misol, Amir Temur ayoliga qanday munosabatda bo‘lgani hech kimga sir emas. Yoxud sulton Jaloliddin Manguberdining buvisi saroyda qanday ta’sirga ega bo‘lganini ko‘pchilik biladi.

Bugun ham oramizda shunday ayollar borki, ularning birgina gapi hayotingizda o‘chmas iz qoldirishi mumkin...

Xokisorlik, kamtarlik namunasi

Ishonch bilan aytishim mumkinki, bunday sharoitda yashay olmaysiz. Aniqki, shunaqa sharoitdagi insonni avval ko‘rmagansiz, eshitmagansiz va bilmaysiz...

O‘ylamang, ta’na qilayotganim yo‘q, xayolimdan o‘tgani shu bo‘ldi. Ortda qolgan 7-8 yilning ichida qayta bunday holatni ko‘rmadim.

O‘shanda nufuzli bir guruh tarkibida aholi xonadonlarida o‘rganishlarda qatnashdik. Eski uylarning biri yonidan to‘xtab, bu hovlida kim yashashi bilan qiziqdik.

Bu qiziqish esa Shayx Abdulqodir Jiyloniyning o‘sha mashhur gapini yodga soldi: “Allohga yaqin qiluvchi turli yo‘llarga nazar soldim. Lekin ular orasida xokisorlik, kamtarlik yo‘lining bo‘sh ekaniga guvoh bo‘ldim”. Ya’ni, insonlarning ko‘pi bu yo‘ldan yura olmaydi.

- Kelinglar, - deb yog‘och hassasini do‘qqillatgancha keksa ayol qarshi oldi. Suhbat davomida bu kishining Jiyloniy hazratlari aytgan yo‘lda ekanligiga ro‘y-rost ishonganman.

Lekin voqelik eski xotira bo‘lgani uchun suhbatimiz so‘zma-so‘z yodimda yo‘q. Esimda bori shuki, bu kishi nogiron qizi ikkalasi yasharkan. Hovli o‘z yo‘liga, xonadonning tashqi ko‘rinishi ham ichkarida ahvol qandayligini anglatib turardi. Shunday joyda nogiron farzandi bilan yashayotgan keksa onaxonning rangi-ro‘yi bir ahvolda edi...

To‘g‘ri, keyinchalik u kishiga moddiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. Esimda, saxovatli kishilar uning hovli-joyida ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirgandi. Men esa hamon o‘sha kamtarlik namunasi bo‘lgan onaxondan qarzimni uzolganim yo‘q.

O‘shanda unga achingan kishi bo‘lib, nega mahallaga chiqmasligi, nega moddiy yordam so‘ramasligiga qiziqdik. O‘zimizcha, u kishiga hukumat ijtimoiy nochor kishilarga berayotgan ko‘mak haqida tushunchalar bergan bo‘ldik. Keksa ayol esa bir og‘iz gap bilan javob qildi:

- Bolam, men birovdan yordam so‘rashga istihola qilaman...

Qimirlatib qo‘yganda, qimirlab turaylikchi...

Ishonasizmi, bu gapni kitoblarda ham o‘qimaganman, o‘sha kungacha biron joyda hatto eshitmaganman ham. O‘shanda ham parlament deputatlari bilan aholi turmush sharoitini o‘rganayotgan edik.

- Kelinglar, marhamat!

Hashamatdan xoli, lekin ancha batartib xonadon bekasi darvoza qoqayotgan men va sherigimni nabirasi kabi yaqin olib, ichkariga taklif qildi. Ahvolini bilish uchun kelganimizni eshitgach, “Xudoga shukur, kunimiz o‘tib turibdi”, deb javob qildi.

- O‘g‘lim va kelinim ishga ketgan, nevaralar bari darsda, - dedi yolg‘izligiga ishora qilayotganimizni tushunib. - Sizlar choy ichib turinglar, hali zamon bobongiz (cholini nazarda tutayotgan edi) ham kelib qoladi.

U shunday deya mo‘’jaz hovli etagidagi issiqxonaga kirib ketdi. Qiziquvchanligim tutib unga ergashdim. Keksa ayolning chaqqon harakati hayratlantirgan bo‘lsa-da, issiqxonaga kirgach, battar dong qotdim. Chunki bu yerda turli-tuman gul ko‘chatlari o‘stirilayotgandi. Qizig‘i, gulning butasimonlari ham uchraydigan bu maskanda nafaqat har qarich yerdan, balki havo hududidan ham unumli foydalanilayotgan edi. Ya’ni, sotishga mo‘ljallab o‘stirilayotgan gullar uch, ayrim o‘rinlarda to‘rt qavat edi.

Onaxon (endi uni bundan boshqacha aytishga til bormaydi) issiqxonada qaysidir gullarni o‘tdan tozaladi, qaysilarigadir dori berib, ostini yumshatdi, ba’zilariga suv quydi. Boya aytganimday, u bu ishlarni favqulodda chaqqonlik, ayni damda nazokat bilan amalga oshirardi.

- Endi, bolam, o‘rtog‘ingni yoniga borib o‘tir. Men asalarining oilasini ajratishim kerak, ular begonani yoqtirmaydi, - dedi.

Ilojsiz hovli chetidagi supada choy ichib, shirinlik yeb o‘tirgan sherigimning yoniga chiqdim. Onaxon aytilgan yumushini bajarib bo‘lmasidan tashqarida mashina to‘xtagani sezildi. Zum o‘tmay, darvoza ochilib, nuroniy otaxon kirib keldi.

Hovlida yana biror soatcha bo‘ldik. Ko‘p narsalar xususida suhbatlashdik. Bu o‘rinda ular muhim emas, ahamiyatlisi, oxirgi savolim bo‘ldi.

- O‘g‘il-qizlarni uy-joyli qilib bo‘lgan ekansizlar, chol-kampir oyoqni uzatib yashamaysizlarmi?

Savolimga berilgan javob uchun katta bir kitob yozish mumkin. Men esa jo‘yali maqola ham yozmadim, afsus...

To‘g‘ri, voqelikka to‘rt-besh yil bo‘ldi. Ammo o‘sha yoshiga yarashmagan chaqqonligi bor onaxonning oxirgi gaplari hech qachon yodimdan chiqmasa kerak:

- Qabrda yotganlarni o‘ylang, bekorchilikdan bezor bo‘lib ketishgandir. Modomiki, Xudo imkon berib, qimirlatib qo‘ygan ekan, qimirlab turaylik...

Yoqubjon MARQAYeV.