Ayrim obidalar restavratsiyasida sementdan foydalanilgan
Keyingi yillarda yurtimizga sayyohlarni jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, qadimiy obidalarni asl holida saqlash, ularni restavratsiya qilishda xorijlik mutaxassislarning jalb etilayotgani bu jabhadagi ishlarning rivojiga turtki bo‘ldi.
Ammo shu bilan birga ayrim holatlarda bu qadimiy binolarning tarixiy davri, restavratsiya talablariga e’tiborsizlik, o‘rtamiyona restavratsiya qilinishi xalqimizning ko‘p asrlik merosini xavf ostida qoldiryapti.
Samarqand shahridagi Amir Temur jome masjidida Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan xorijlik restavratorlar ishtirokida o‘tkazilgan seminarda ayni shu jihatlar tilga olindi.
Avvalo, har bir narsani o‘z nomi bilan atashni o‘rganishimiz lozim, - deydi Madaniy meros agentligi direktori o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev. – Biz turgan ushbu qadimiy obida mustamlaka davrining mafkurasi ta’sirida Bibixonim nomi bilan atala boshlangan. Xalq tilida ham bu nom ommalashdi. Ajablanarlisi, xorijlik sayyohlar bu manzilni o‘z nomi bilan - Amir Temur jome masjidi deb so‘rab keladi. Endi bunday xatolarni tuzatib borishimiz lozim. Mutasaddilar, mutaxassislar, ziyolilar uni o‘z nomi bilan aytay boshlasa, bu sekin-asta xalq tiliga ko‘chadi, barchasi o‘z o‘rniga tushadi. Ko‘pchilik ahamiyatsiz deb bilgan bu narsa aslida juda muhim jihat. Asosiy mavzuga to‘xtaladigan bo‘lsam, Turkiya, Eron kabi davlatlar tarixiy, madaniy rivojlanishi, me’morchilik an’analari biz bilan eng yaqin mamlakat va xalqlar hisoblanadi. Shu sababdan ushbu davlatlardan mutaxassislarni ko‘proq jalb qilyapmiz. Bugungi kunda Turkiya restavratsiya maktabi dunyodagi eng yaxshi maktablardan biri hisoblanadi.
Seminarda ishtirok etayotgan turkiyalik mutaxassis Ali Husayn bu jabhada o‘z yurtida olib borilayotgan restavratsiya ishlari, keyingi yillarda qayta tiklangan qadimiy obidalar haqida ma’lumot berdi. Xususan, Sivajko‘k madrasasi, Oqsaroy shahrida XI asrda qurilgan Sultonxonim karvonsaroyi, Mehribon Sulton jomesi shular jumlasidan. Xorijlik mutaxassis amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi.
Restavratsiya o‘ziga xos ilm, alohida malaka talab qiladi, - deydi Ali Husayn. – Va eng muhimi, uni o‘z vaqtida bajarish. Men Toshkentdagi ayrim qadimiy obidalarda ham bo‘ldim. Mustamlaka davrida madaniy merosga vahshiyona munosabatda bo‘lingan. Ta’mirlash ishlari ham restavratsiya talablariga bepisandlik bilan, oddiy ustalar tomonidan bajarilgan. Masalan, ayrim obidalarda sementdan foydalanilganini ko‘rdim. Ma’lumki, sement o‘ziga nam tortuvchi qurilish materiali. Oqibatda binoning barcha qismlari zararlangan. Menga aytishlaricha bu 50 yoki 70 yil avval yuz bergan. Ammo hozir bu xatolarni tuzatishning imkoni bor. Bizni qadim va buyuk Samarqandga - restavratsiya ishlariga taklif qilganidan minnatdorman. Albatta, bu o‘rinda mahalliy restavratorlarning tajribalaridan ham unumli foydalanish kerakligini aytishim lozim. Kuzatishimcha, Samarqanddagi mavjud qadimiy obidalarning ayrimlari ta’mirtalab holatga kelgan. Mahalliy rahbarlarning ta’kidlashicha, ularni ta’mirlashda YuNESKOning ruxsati, talab va tavsiyalarini olish lozim ekan. Bizda bunday talab yo‘q, Eronda ham. Ajdodlarimiz qurgan, o‘zimizga tegishli osori-atiqalarni tashqaridan kimdir ruxsat berishini kutib o‘tirish shart emas aslida. Turkiyada madaniy merosni asrash ilmiy ekspertiza kengashining xulosasi asosida zarur paytda restavratsiya ishlari bajariladi.
Yana bir muhim jihatga e’tibor berish lozim. Masalan, biz turgan ushbu obida Amir Temur jome masjidi deyiladi. Demak, u o‘z davrida qaysi maqsadda qurilgan bo‘lsa, bugun ham shu vazifani bajarishi lozim. Masjid bo‘lsa masjid, madrasa bo‘lsa madrasa shaklida, albatta ma’lum talablar asosida. Shundagina bugungi avlodlar oldida uning ahamiyati qadri oshadi, bu bilan ushbu qadimiy obidaning umri ham uzayadi.
Ilmiy-amaliy seminarda viloyatimizdagi madaniy meros ob’yektlarida restavratsiya ishlarini olib borgan mahalliy restavratorlar ham madaniy meros ob’yektlarida amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari haqida ma’lumot berdi. Obidalarni ta’mirlashda asl holatni saqlab qolishga harakat qilinayotgani ta’kidlandi.
Sulaymon Mardiyev.
Jasur Shukurov (surat)