Ayrim to‘yxonalar talabga javob bermaydi

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida bu borada bir qator kamchiliklar borligi aniqlandi.

Jumladan, Qo‘shrabot tumani Zarkent mahallasida joylashgan “Zarkent lochinlari” xususiy korxonasiga qarashli oshxonada ovqat tayyorlash va idishlarni yuvish bir xonada tashkil qilingan.

Idishlarni yuvish uchun sharoit yaratilmagan, yuvish ketma-ketligiga rioya etilmagan. Birlamchi xom mahsulotlarni saqlash, ishlov berish xonalari alohida-alohida tashkil qilinmagan. Ishchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, maxsus kiyimlar tashkil qilinmagan.

“Zarmitan bunyodkori” xususiy korxonasiga qarashli oshxonaning ovqat tayyorlash xonasi devorlari mog‘orlab ketgan. Bu yerda ham ovqat tayyorlash va idishlarni yuvish bir xonada amalga oshirilmoqda. Shuningdek, boshqa kamchiliklar ham aynan takrorlangan.

“Tovmurotov Maqsud Tovmurot o‘g‘li” korxonasiga qarashli oshxonaning ovqatlanish zalida kundalik tozalash ishlari olib borilmagan.

Jomboy tumani Naymantepa qishlog‘ida joylashgan “Abdiraxmon ota” to‘yxonasida ovqat pishirish xonasi, idishlar yuvish xonasida shart-sharoit yaratilmagan: to‘xtovsiz oqib turuvchi issiq-sovuq suv tizimi bilan ta’minlanmagan. Idishlarni yuvish uchun vanna o‘rnatilmagan. To‘yxonada ishlaydigan 7 kishidan 3 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan.

Sarichashma qishlog‘idagi “Burxon bobo”, “Tut” qishlog‘idagi “Hamroqul bobo” to‘yxonalarida ham ahvol shunday.

Shirinkent qishlog‘ida joylashgan “Sultonbek” to‘yxonasi ovqat pishirish xonasi sanitariya qoida va me’yor talablariga javob bermaydi, idish-tovoqlar yuvish xonasida issiq-sovuq suv tizimi yo‘q. Chalaqo‘rg‘on qishlog‘idagi “Dilorom” to‘yxonasida ham idishlarni yuvish uchun shart-sharoitlar yaratilmagan, issiq-sovuq suv mavjud emas, idish yuvish uchun vanna o‘rnatilmagan.

Kattaqo‘rg‘on tumani Jarboshi qishlog‘ida joylashgan “Shohdoston” to‘yxonasida chiqindi tashlash maydonchasi yo‘q. Idishlarni yuvish uchun vanna o‘rnatilmagan, issiq va sovuq suv bilan ta’minlanmagan, zararsizlantiruvchi vositalar zaxirasi yaratilmagan. Ishchilarning 2 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, ular sanitariya kiyimi bilan ta’minlanmagan. Toza hudud bilan shartnoma qilinmaganligi sababli yig‘ilgan chiqindilar belgilangan joyga olib chiqilmagan. Tuman profilaktik dezinfeksiya bo‘limi bilan ham shartnoma tuzilmagan. Mavjud hojatxona ta’mirtalab ahvolda, devorlari gigiyenik qoplamalar bilan qoplanmagan.

Paxtachi tumani Dobusqala mahallasida joylashgan “Shoxsaroy” to‘yxonasida idish tovoqlar yuvish uchun sharoit yaratilmaganligi, yuvuvchi va zararsizlantiruvchi vositalar zaxirasi yaratilmaganligidan tashqari, tez buziluvchi mahsulotlarni saqlash uchun muzlatgichlar o‘rnatilmagan.

Urganji mahallasidagi “Norquvvat ota”, Nayman mahallasidagi “Diydor”, Gulshan mahallasidagi “Visol”, Saroy mahallasidagi “Shohjahon” to‘yxonalarida ham shunday holat kuzatilgan.

Narpay tumani, Salovat mahallasida joylashgan “Odilbek to‘ylar maskani” to‘yxonasining 4 nafar ishchisi maxsus ish kiyimi bilan ta’minlanmagan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan. To‘yxonaga kirish qismida obodonlashtirish, tozalash ishlari olib borilmagan.

Yu.SALIMOV,

To‘y va marosimlar, oilaviy tantanalar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘yicha viloyat muvofiqlashtiruvchi komissiyasi shtabi rahbari.