Aytishuv teletanlovi: An’analar davom etadi
Bir paytlar har qanday to‘y maqom yo‘nalishida kuylanadigan ashulalarsiz boshlanmasdi. Keyingi paytlarda to‘yda bo‘ladimi, bayram tadbirlaridami, bunday qo‘shiqlar deyarli ijro etilmayapti, desak xato bo‘lmaydi. Radio va televideniyeda ham aynan hamma eshitishi mumkin bo‘lgan vaqtlarda, asosan, estrada yo‘nalishidagi ashulalar efirga uzatiladi. Shuning uchun ham yoshlarimiz estrada xonandalarining qo‘shiqlarini tinglab ulg‘ayyapti.
Noyob madaniy meros an’analarini davom ettiradigan maqom san’atiga aholi, xususan, yoshlarimizning qiziqishini oshirish masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb. Shu maqsadda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi viloyat hududiy bo‘limi tashabbusi bilan Samarqand viloyati teleradiokanali hamda viloyat musiqali drama teatri hamkorligida “An’analar etadi davom” deb nomlangan aytishuv teletanlovi o‘tkazilyapti.
Aytishuvda pastdarg‘omlik taniqli san’atkor Bekmurod Safarov hamda oqdaryolik iste’dodli xonanda Azim Quvondiqov ishtirok etadi.
- Bu teletanlov ilk bor 2006 yilda taniqli jurnalist Farmon Toshev tomonidan tashkil etilgan, - deydi Azim Quvondiqov. – Keyinchalik bu ko‘rsatuvga ustozimiz Baxtiyor Omonov mualliflik qila boshladi. Orada biroz to‘xtalish bo‘ldi-da, bugungi kunda teletanlov O‘zbek milliy maqom san’ati markazi viloyat hududiy bo‘limi mas’ullari Abdunabi To‘xtayev hamda Baxtiyor Omonov tomonidan yana davom ettirilyapti.
Ertaga, 29 mart kuni o‘tkaziladigan aytishuvga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilyapti. Unda har ikkala san’atkor tomonidan yettitadan 14 ta ashula jonli ijro etiladi.
E’zoza Meyliyeva,
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.