AYYoR EKAN, AYYoR EKAN …

(qasida)

Dard tug‘ildi, nomi mashhur: tojdor ekan, tojdor ekan,
Hukmi qat’iy, sharti majbur, bojdor ekan, bojdor ekan.

To‘ng‘iz yili, qish yuz ochdi, noxush xabar zahrin sochdi,
Musibatdan xayol qochdi, oh-zor ekan,oh-zor ekan.

Shov-shuvlardan titrar zamin, ahli jahon bo‘ldi amin,
Aytolmay xalq dilda g‘amin bedor ekan, bedor ekan.

Mish-mish ko‘pchib qanot qoqdi, shov-shuv daryo bo‘lib oqdi,
Elda tashvish o‘tin yoqdi, ayyor ekan, ayyor ekan.

Ul ko‘rinmas zarra derlar, ziyoni ming karra derlar,
Sinov –so‘nggi marra, derlar, ozor ekan, ozor ekan.

Ayni avjga chiqdi-ya dard, niqobda yetti milliard–
Sinovdan o‘tdi ahli mard, xor-xor ekan, xor-xor ekan.

Topilmadi dardga davo, yetishmadi tekin havo,
Ko‘rdimi yo taqdir ravo, asror ekan, asror ekan.

Ko‘pirdi ishtonsiz yolg‘on, quchog‘ ochdi to‘zg‘ib gumon,
So‘z aytolmay rost sargardon, axbor ekan, axbor ekan.

Tahlikada kunlar o‘tdi, musibat o‘zni unutdi,
Tobutlar ham navbat kutdi, mozor ekan, mozor ekan.

Ul bir dardki, o‘pkaga o‘ch, sovuqlikdan oladi kuch,
Nogoh unga kim kelsa duch, abgor ekan, abgor ekan.

Qo‘lga tushsa, muhtoj qilar, qisqa-qisqa yo‘taltirar,
Bildirmayin ichga kirar, murdor ekan, murdor ekan.

Bo‘shashtirib yotqizadi, tandan kuchni ketkizadi,
Zahrin pinhon yutqizadi, atvor ekan, atvor ekan.

O‘z ishini xo‘b biladi, ishtahani yo‘q qiladi,
Ko‘zlaringni luq qiladi, qahhor ekan, qahhor ekan.

So‘ng issig‘ing oshiradi, ter bostirib toshiradi,
Alahlatib shoshiradi, dushvor ekan, dushvor ekan.

Harorat qirq, g‘olib yo‘tal, go‘yoki qo‘lida cho‘tal,
Eshik qoqib turar ajal, gap bor ekan, gap bor ekan.

Niqobni taq, yov–darg‘azab, qo‘llarni yuv, yuv, cho‘zma gap,
Hujumga shay, sal bersang chap, tayyor ekan, tayyor ekan.

Ul murakkab bir tilsimot, ermish vaboga uzoq zot,
Derlar: “kovid -19” ot, makkor ekan, makkor ekan.

Yillar aytsin, tarix guvoh, davo topmay qulmi u shox,
Minglab o‘lib ketgan, evoh, tezkor ekan, tezkor ekan.

Yo‘liqmay deb balolarga, arz ayladim bobolarga –
Davo topgan vabolarga, oshkor ekan, oshkor ekan.

Dars ham oldim daholardan, Jolinusday donolardan,
Ulug‘ Ibn Sinolardan, darkor ekan, darkor ekan.

Boshlanmayin hali era, paydo bo‘lgan ul xolera,
Qirg‘indan dil hanuz yara, g‘addor ekan, g‘addor ekan.

Vabodan ming yil ilgari, besh kundan oshmayin nari,
O‘lib ketgan yoshu qari, hazor ekan, hazor ekan.


O‘lat sanqib, dillar xijil, dardga sira topmayin til,
Qirilgan el, qirilgan el, takror ekan, takror ekan.

Tarqab nogahon ebola, ko‘kka yetgan ohu nola,
Boshga solgan ming bir balo, beor ekan, beor ekan.

Kim bu dardni kashf aylagan, biling, o‘zni mahf aylagan,
Do‘zax o‘tini tanlagan xunxor ekan, xunxor ekan...

U “u”, dedi, bu “bu”, dedi, “dedi-dedi” o‘zni yedi,
Mish-mish edi, mish-mish edi, inkor ekan, inkor ekan.

Oradan o‘n oy ham o‘tdi, shov-shuv yer yuzini tutdi,
Ming-ming odam shahid ketdi, bisyor ekan, bisyor ekan.

Sahar xushxabar yo‘lladi, so‘ng matbuot ham qo‘lladi,
AQShda ham ma’qulladi, izhor ekan, izhor ekan.

Kanallarda bo‘ldi e’lon, eshitdi-ya ahli jahon,
Yashnab ketdi Yeru Osmon, iqror ekan, iqror ekan.

–Dardga davo topildi, a?
– –Topildi-ya?
– –Topildi, ha!
Mish-mish og‘zi yopildi, ha, bozor ekan, bozor ekan.

E’zozda deksametazon, remdesivir, hindi o‘g‘lon,
Tillarda doston Hindiston, viqor ekan, viqor ekan.

Og‘ir kunlar bo‘ldi sodir, xizmatda ne-ne bahodir,
Ulug‘ ishda Abduqodir sardor ekan, sardor ekan.

Haq istamay unmaydi bog‘, tiklanmaydi haybatli tog‘,
Bo‘lmas shunday go‘zal bir chog‘, nisor ekan, nisor ekan.

Ko‘kka uzat qo‘lni, Ismat, taqdirda bor neki qismat,
Shukr qil, bu buyuk xizmat, mador ekan, mador ekan.


LUG‘AT VA IZOHLAR

ASROR (a.) – sirlar
AXBOR (a.) – xabarlar
BISYoR (f.) – ko‘p
VIQOR (a.) – ulug‘vorlik
DUShVOR (f.) – qiyin, og‘ir, mushkul
MURDOR (f.) – nopok, harom
NISOR (a.) – bag‘ishlash, sochish
XOR-XOR (f.) – tikan
XUNXOR (f.) – qonxo‘r
QAHHOR (a.) – qahr qiluvchi, g‘azab qiluvchi
G‘ADDOR (a.) – berahm, zolim
HAZOR(a.) – ming

Ismat SANAYeV.