Azaldan yaxshi tashabbuslar yoshlardan chiqqan. Jamiyatdagi muammolarni hal etishda ularning imkoniyatlaridan foydalanish zarur

Asosiy tayanchimiz hamisha yoshlar bo‘lib kelgan. Biz barcha ishlarda ularga suyanamiz. Imkoniyatlardan unumli foydalanib, iqtidorini foydali mashg‘ulotlarga sarflayotgan, ilm yo‘llaridan ketayotgan, hunar egallayotgan, oilasiga, yaqinlariga, jamiyatga xizmat qilayotgan yigit-qizlar millatning va davlatning mulki, xazinasi sanaladi.

Faoliyatim bevosita ta’lim muassasasida kechgani sabab yoshlarni ko‘p kuzataman. Ba’zan bir xulosaga kelish qiyin. Shunday talabalar borki, oilasi va institutning faxri, bir necha tillarni biladi, maqsadi qat’iy. Kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib, shu yurtga xizmat qilishni xohlaydi. Ba’zi birovlar esa “yeng ichida” ish bitirishni istaydi, dars-mashg‘ulotlarga kelmaydi, imtihonlar paytida paydo bo‘lib, ko‘pchilikning asabini egovlaydi. Ayrim “ustozlari” (afsuski, oramizda shunday buyuk nomga dog‘ tushiruvchilar ham bor) ko‘magida “baho”sini olishga intiladi.

Oliy ta’lim tizimida bu kabi muammolarni bartaraf etishga, korrupsiyani yo‘qotishga intilyapmiz. Ammo aholisining 60 foizdan ko‘pini yoshlar tashkil etuvchi mamlakat uchun bu ancha og‘riqli masala. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlar har doim millat va mamlakat uchun, uning taraqqiyoti, buguni, ertasi uchun yo‘lchi yulduz, mayoq vazifasini o‘tashi kerak, nazarimda.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning yangi yilning birinchi ish kunida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan uchrashuvida ushbu fikrlarim yanada qat’iylashdi.

 Yoshlarimizdan ko‘p narsani kutamiz. Hukumatimiz tomonidan ular uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar qachon o‘z natijasini ko‘rsatadi?

Bugungi yoshlar bundan 10, 20 yil oldingilaridan keskin farq qiladi, albatta. Bu farq nimalarda ko‘rinadi? Albatta taraqqiyotda, kishilarning dunyoqarashi o‘zgarganida, turmush sharoitlari yaxshilanganida, texnika va texnologiyalarning mukammallashganida.

Bugun kishilik jamiyati internet asrida, yuksak texnologiyalar rivojlangan zamonda yashayapti. Demak, imkoniyatlar ham shunga yarasha yuqori. Ammo yoshlar bu imkoniyatdan unumli foydalanyaptimi? Vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlarda safsata sotib o‘tkazayotganlarga achinasan, kishi. Internetning kuchidan oqilona foydalanmaslikning bunday oqibati xayrli bo‘lmasligi aniq.

Tadbirda talaba-yoshlar viloyatda ular uchun Mediamarkaz ochish taklifini ilgari surdi. Viloyat rahbaridan yana ko‘p narsalarni tashkil qilib berishini so‘radilar. Bu takliflar albatta, juda yaxshi takliflar  bo‘lishi mumkin. Ammo ular yana bir narsaga e’tibor berishsa, o‘zlaridagi mavjud imkoniyatlarni ishga solishsa, samaraliroq bo‘ladi.

E’tibor bering, qo‘lingizdagi mittigina qurilma (mobil telefon) qanday mo‘’jizalar yaratishga qodirligini anglab yetayapsizmi? Birgina, mobil telefon apparati bilan ham ko‘p ishlarni bajarish mumkinligini o‘zingiz ham bilsangiz kerak.

Avval ana shuni bajarib olaylik, ish ko‘rsataylik! Hamma sharoitlar muhayyo bo‘lsa-yu, ish ketmasa bundan yomoni yo‘q.

Muammoni suratga oling, ijtimoiy tarmoqqa joylang, unga jamoatchilik e’tiborini qarating - bu sizning jamiyatdagi muammolarga befarq emasligingizni ko‘rsatuvchi omil! So‘ng Sizga bundan-da yaxshiroq, boshqa sharoitlarni yaratib berishsin.

Yodimda, bundan bir necha yillar burun Moskva shahridagi yoshlar bir tashabbus bilan chiqib, uni muvaffaqiyatli amalga oshirgandi. Ularning xatti-harakati natijasida Rossiya poytaxtidagi jamoat transporti muammolari ancha tartibga keldi.

Dunyoga mashhur shahrimizda ham shunday muammo mavjud. Nega samarqandlik ko‘ngilli yoshlar jamoat transporti muammolarini o‘rganib chiqmaydi? Qaysi bekatga, qaysi avtobuslar qachon kelishi, yo‘nalishlari, har necha daqiqada kelishi, ularning monitorlarda aks ettirilishi va hokazo muammolarni talabadan ziyod his etadigan, duch keladigan yo‘lovchi yo‘q. Agar bu masala tizimli o‘rganib chiqilsa, muammolar bartaraf etilib, transport qatnovi ancha tartibga tushadi, aholining noroziliklari ham kamayadi. Bu ham e’tibor berishimiz kerak bo‘lgan ijtimoiy muammolardan biri emasmi? Dunyo e’tiborida bo‘lgan va sayyohlarning qadami yil bo‘yi uzilmaydigan qadim shahrimiz uchun bu juda muhim masala.

Tarixdan ma’lumki, ko‘pincha yoshlardan yaxshi tashabbuslar chiqqan. Biz kattalar bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga va sizga ko‘mak berishga hamisha tayyormiz.

Xudoynazar YuNUSOV,

biologiya fanlari doktori, professor.