“Yoshlar kuniga tuman hokimligi o‘g‘limning to‘yini o‘tkazib berayapti”

Ertalabdan telefonimga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Raqam tanish, odatda undan har bayramda qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Qo‘ng‘iroq egasi bayram bilan tabriklab, ishlarimga rivoj tilaydi. Har holda birorta bayram shu qo‘ng‘iroqsiz o‘tmagan. Ba’zida tabrikdan so‘ng biryo‘la muammolarini ham aytib o‘tardi. Doimiy qo‘ng‘iroq egasi - Urgut tumani, Xo‘jayduq mahallasidan Xurshida opa. Bir necha yillar avval tahririyatga oilaviy ahvoli yaxshi emasligi, ikki nafar ruhiy xasta bolalariga qarayotgani, ammo ularning holidan hech kim xabar olmasligi, ulardan biri 20 yoshga to‘lsa-da, hanuz nogironlik guruhi berilmagani haqida murojaat qilgandi. Murojaat joyida o‘rganilgach, tegishli tashkilotlarga so‘rov jo‘natganimizdan so‘ng, masala hal bo‘lgan, farzandlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, nogironlik guruhi berilgandi. Bu voqeaga ham besh yillar bo‘lib qoldi. O‘shanda qancha joyga arz qilsada, ammo hech kim jiddiy e’tibor qaratmagani tufaylimi, tahririyatning e’tibori opaning ko‘nglida qolib ketgan, shekilli, hanuzgacha biror muammosi bo‘lsa albatta qo‘ng‘iroq qilib turadi.

Bu safar Xurshida opa bayram bilan tabrikladi, qaysi bayram ekan, deb ikkilanib turgan paytim «Yoshlar kuni muborak bo‘lsin, singlim», dedi. Yoshlarni yoshida bo‘lmaganim uchun avvaliga hayratlandim, so‘ng, demak biror muammosi bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim. «Yoshlar kuniga tuman hokimligi o‘g‘limning to‘yini o‘tkazib berayapti, tabriklang, singlim», deya quvnoq ovozda suyunchiladi. O‘z navbatida opani tabriklab, farzandlari kamolini ko‘rishni tiladim. Ko‘pincha e’tiborsizlikdan nolib qoladigan opaning xushkayfiyatdagi ovozi menga ham ijobiy quvvat berdi.

Yoshlar kunidagi bu tashabbus - xayriya tarzida nikoh, sunnat to‘ylarining o‘tkazib berilayotgani bu yil viloyatda keng quloch yozdi. Umuman, turli tadbirlar - hokim uchrashuvidan tortib, sport musobaqalari, ma’naviy ma’rifiy anjumanlar ko‘tarinki o‘tmoqda. Shunchaki, o‘tdimi, o‘tdi qabilidagi tadbirlardan farqli ravishda yoshlar, aholi ko‘ngliga yaqin, majburiy bo‘lmagan anjumanlar kishida rostdan ham bayram kayfiyatini uyg‘otdi. Ehtimol shuning uchundir, Xurshida opa bayram bilan qutlashni istab qolgandir.  Men ham farzandlarimni sana bilan tabriklab, ular bilan shahardagi ko‘ngilochar maskanga borishga va’da berdim.

Yoshlar kuni muborak bo‘lsin, hamyurtlar!

Gulruh Mo‘minova.