Baliq iste’mol qilish nega inson uchun bunchalik muhim?
Baliq go‘shtida A darmondorisi mol go‘shtiga qaraganda bir necha baravar ko‘p. Shuningdek, u C, V1, V2, V6, V12 darmondorilariga boyligi bilan ham qimmatli. Mahsulot inson tanasi uchun zarur bo‘lgan fosfor, kalsiy, kaliy, natriy, magniy, oltingugurt kabi ko‘plab minerallarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, baliq go‘shtida kam miqdorda temir, mis, marganets, kobalt, rux, molibden, yod, brom, ftor mavjud. Baliq go‘shtining afzalliklari uning mana shunday boy tarkibiga bog‘liq. Vitaminlar, mikro va makro elementlar, kislotalar ko‘plab kasalliklar oldini olishga yordam beradi. Parhezshunos mutaxassislar qaynatilgan baliqni muntazam iste’mol qiladigan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklari ehtimoli 30% ga kamayishini ta’kidlashadi.
Baliq go‘shti fosforga boy, odam organizmida fosforga bo‘lgan ehtiyojning oshib ketishi holsizlik va diqqatning susayishi bilan namoyon bo‘ladi. Baliqni pishirishda imkoni boricha undagi foydali moddalar saqlanib qolishiga e’tibor berish zarur. Baliq pishirishning organizm uchun eng yaxshi usuli qanday?
Qovurilgan baliqni tez-tez iste’mol qilish uning tarkibidagi yog‘lar miqdori evaziga qaynatilgan baliqdan farqli o‘laroq, yurak kasalliklarining paydo bo‘lishiga hissa qo‘shar ekan. Darhaqiqat, har qanday qizarib pishgan ovqat qovurish paytida chiqariladigan kanserogen moddalar sababli tanaga zarar hisoblanadi.
Qaynatilgan baliq mahsulotlari esa organizm uchun rohati jondir. Ayniqsa, keksa yoshdagilar bu taomga boshqalarga qaraganda ko‘proq muhtoj bo‘lishadi.
Qaynatib pishirilgan baliq nimasi bilan foydali?
Qaynatilgan baliq to‘yinmagan yog‘li kislotalarga boy, shuning uchun u, ayniqsa ayollar uchun juda muhimdir. Ushbu oziq moddalar organizmning umumiy immunitetini oshiradi, qon tomirlarini tozalashga va ularning o‘tkazuvchanligini yaxshilashga yordam beradi, vitaminlarni o‘zlashtirishga va tana hujayralarini yangilashga hissa qo‘shadi. Parhezshunoslar qaynatilgan baliqni kundalik taomnomaga qo‘shish ko‘plab yurak kasalliklari rivojlanishining oldini olishini ta’kidlashadi.
Qaynatilgan baliq, ayniqsa, sog‘liq uchun foydalidir. Mahsulot qovurilganda esa tarkibidagi foydali moddalar qizdirilgan o‘simlik yog‘i ishlab chiqqan kanserogen moddalar hisobiga ancha kamayadi.
Ammo, boshqa tomondan esa qovurilgan baliqdek ishtahabop taom bormi?! Mahsulot dimlab va qaynatib pishirilganda undagi foydali moddalar ko‘proq saqlanib qoladi va albatta bunday taomlar iste’moli organizm ish faoliyatini mustahkamlaydi, umrni uzaytiradi. Baliqni yog‘siz, maxsus idishda, past olovda o‘z yog‘iga dimlab qovurish foydali bo‘ladi.
Baliq go‘shtining eng muhim sifati tarkibida yog‘li kislotalarning mavjudligidir. Ular Omega-3 deb ham ataladi. Bunday birikmalar hayvonlar go‘shtida ham, sabzavotlarda ham, mevalarda ham uchramaydi. Barcha turdagi baliq go‘shtlarida mavjud yana bir muhim ozuqa fosfor hisoblanadi. Organizmda ushbu mineral yetishmasa, tishlar, suyaklar va xotiraning susayishi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi. Shuning uchun baliqni bir haftada kamida uch marta iste’mol qiling, deyishadi parhezshunoslar.
Yurak-qon tomir kasalliklari bemorlari salomatligini tiklashda qon tomirlarini to‘sib qo‘yadigan xolesterin tiqilmalarni bartaraf etish lozim bo‘ladi. Bu ishni baliq go‘shti tarkibidagi Omega-3 to‘yinmagan kislotalari a’lo darajada uddalashadi.
Kaliy omega-3 yog‘ kislotalari bilan birgalikda qon bosimini tartibga soladi, qon tomir mushak to‘qimalarining bo‘shashishiga ta’sir qiladi. Omega-3 esa miya faoliyatiga foydali ta’sir ko‘rsatishi, xotira va diqqatni yaxshilashi bugungi kunda hech kimga sir bo‘lmay qoldi.
Baliq go‘shti tarkibidagi mo‘l-ko‘l D va B guruhi vitaminlari, Omega-3 yog‘ kislotalari inson markaziy asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi.
Muntazam baliq iste’mol qilish ayollar uchun, ayniqsa, foydali ekan. Bu ularning sababli kunlarida jismoniy va ruhiy muvozanatni yaxshilaydi. Terini yoshartiradi, sut bezlari va jinsiy a’zolar kasalliklari rivojlanishining oldini oladi. Baliq go‘shtidagi D vitamini suyak to‘qimalarining mineral muvozanatini tiklaydi va osteoporozning oldini oladi.
Kalsiy, temir moddalari tos a’zolari faoliyati uchun foydali bo‘lsa, tirnoq, soch, suyak va tishlarning salomatligi va sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Baliqning erkaklar salomatligi uchun ham katta foydasi bor.Masalan, mahsulot tarkibidagi D vitamini testosteron ishlab chiqarishni faollashtiradi. Baliq go‘shti tarkibidagi magniy, natriy, ftor, oqsil erektil funksiyani, genital organlarning qon aylanish tezligini oshirishga va saraton rivojlanishining oldini olishga yordam beradi.
Erkaklar yurak-qon tomir kasalliklariga ayollardan ko‘ra ko‘proq moyil bo‘lishadi. Shu sababli baliq ularning ratsionlarida majburiy element bo‘lishi kerak.
Bolalarni foydali moddalar bilan oziqlantirish uchun ularga haftada ikki-uch marta dimlab yoki qaynatib pishirilgan baliq tavsiya etiladi. Muntazam baliq iste’moli bolalarda ko‘rish faoliyatini oshirib, xotira va diqqatni yaxshilaydi.
Baliq tutilgan havza hamda har bir baliq turini tarkibidagi yog‘ miqdoriga qarab mazasi turlicha bo‘ladi. Chunki baliqlar o‘zi boqilgan havzadan barcha moddalarni go‘shtiga singdiradi. Shuning uchun baliq tanlashda e’tiborli bo‘lgan ma’qul.
Baliq go‘shti yengil hazmi, vitaminlarga boy tarkibi bilan insonlarga uzoq umr va’da etadi. Uni uyda pishirishni an’ana tusiga kirishi esa farzandlarga sog‘lom ovqatlanish maktabi vazifasini o‘taydi.
Dilora Xoliqova tayyorladi.