Bank tizimi korrupsiyadan xolimi?

“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tizimida 9 dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan aksilkorrupsiya oyligi o‘tkazilmoqda.

Mazkur haftalik doirasida bankning viloyat bosh boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Aytish joizki, bugun viloyatimizda mazkur bankka qarashli 5 ta hududiy bank xizmati markazi va 7 ta bank xizmati ofisi bo‘lib, ularda 367 nafar rahbar va xodimlar faoliyat yuritmoqda. 1 dekabr holatiga ular tomonidan 577 ming nafar mijozga bank xizmatlari ko‘rsatilgan. Shundan jismoniy shaxslar 564877 nafarni tashkil etadi.

— Bank mijozlari turli yoshdagi, har xil maqsad va istaklarga ega bo‘lgan insonlardir, - deydi “O‘zmilliybank” AJ viloyat bosh boshqarmasi xavfsizlik rejimi va axborotni himoyalash bo‘limi bosh mutaxassisi Sherali Ziyatov.  – Ularning barchasi ham bankka sohaga oid qonunchilikdan xabardor holatda kelmaydi. Shu bois mijozlarga to‘g‘ri ma’lumot va maslahat berish, vijdonan xizmat ko‘rsatish har bir xodimning oldiga qo‘yiladigan asosiy talabdir. Korrupsiya holati nafaqat uni sodir etgan xodim taqdiri, balki butun bank faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Buning oldini olish uchun tizimda rejali profilaktik tadbirlar, tushuntirish va targ‘ibot ishlari o‘tkazib kelinmoqda.

Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Orif Muhammadiyev, viloyat prokuraturasi xodimi Ja’far Sharopov, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi mutaxassisi Shoxruh Shahobiddinov ishtirok etib, mavzu yuzasidan fikr bildirdi. Ta’kidlanganidek, bu illat kecha yo bugun paydo bo‘lgani yo‘q, moddiy va boshqa manfaatlar bor joyda korrupsiyaga ham sharoit topiladi. Unga befarqlik esa ham davlat, ham jamiyat manfaatlariga zarar keltiradi. Shu nuqtai nazardan, bank xizmatida korrupsiyaning oldini olish har tomonlama muhim ahamiyat kasb etadi.

— Joriy yilning o‘tgan vaqtida viloyat bo‘yicha korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etgan 257 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi, - deydi Ja’far Sharopov. - Ular tomonidan davlat manfaatlariga 110 milliard so‘m zarar yetkazilgan bo‘lib, hozirgacha shuning 108 milliard so‘mi undirilgan. Achinarlisi, qonunbuzarlar orasida viloyatimizdagi 7 ta tijorat bankining 41 nafar xodimi ham bor. Ko‘rilayotgan choralarga qaramay bank xizmatlarini ko‘rsatish, ayniqsa, kredit ajratish jarayonida korrupsiyaviy harakatlar sodir etilmoqda. Albatta, jinoyat ertami-kechmi fosh bo‘ladi. Faqat buni qonunni buzishdan oldin anglashimiz kerak.

Tadbirda ba’zi xodimlar o‘zi anglamagan holda iqtisodiy jinoyatlarga aralashib qolayotgani ham aytildi. Mutaxassislar ishtirokchilarga shunday holatlarning oldini olish, korrupsiyaga olib keluvchi omillarni bartaraf etish yuzasidan tushunchalar berdi.