Behbudiyga baxshida hikoyalar
Taniqli yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Nusrat Rahmatning «Jadid» (Behbudiyga baxshida hikoyalar) asari (Toshkent shahri, «Noshirlik yog‘dusi» nashriyoti) nashrdan chiqdi.
Alloma va adib Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan mazkur roman Turkiston jadidchilik harakati va jadidlarning ma’rifatparvarlik g‘oyasi, xalq ongiga milliy ruh, ma’naviyatni singdirishdagi harakati qalamga olingani bilan ham e’tiborli.
- Qo‘lingizdagi asar an’anaviy qissa yoki roman janriga unchalik mos kelmasligini tan olishim kerak, - deydi muallif. - Ammo bugun G‘arbning nomdor yozuvchilari eski qoliplarni buzib, sarguzashtlar, afsonalar, detektivlar, publitsistikaga yo‘g‘rilgan asarlar yozishayotganini ham e’tibordan chetda qoldirish o‘rinli bo‘lmas. Muhimi, bu asar, undagi hikoyalar O‘zbekistonda yashovchi har bir kitobxon uchun qadrli. Chunki biz jadidlar hayotini chuqur bilmaymiz, ulardan ibrat olishga jazm etmaymiz. Bugungi mustaqillikning tamal toshini jadidlar qo‘yganligini yoshlarga uqtirmaymiz.
Roman faqat Behbudiy yoki jadidlar haqidagina emas, maorif va ma’naviyat uchun jonini tikkanlar, tamadduni baland yoki nochor bo‘lganlar, ular orasidagi tafovutlar, ziddiyatlar haqida hamdir. Asarda 1868 yilda Samarqandning chor askarlari tomonidan vahshiyona bosib olinishi, 1917 yilda Turkiston muxtoriyatini xoku turob qilinishini Nusrat Rahmat birinchi bor badiiy notalarda tasvirlab bergan.
Asarni o‘qir ekansiz, beixtiyor XX asr boshidagi hayot ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga jadidlar avlodining bugungi hayoti “Noma’lum odam monologi”da baland mahorat bilan chiziladi. Ularning taqdiri sizni befarq qoldirmaydi.
Akram BO‘RIYeV.