Xorijda emas, Samarqandda davolanishni istovchilar soni ko‘paymoqda
Yaqinlargacha Turkiya, Hindiston, Rossiya, Xitoy, AQSh va boshqa zamonaviy tibbiyot rivojlangan davlatlarning tibbiy klinikalarida davolanishni istagan o‘zbekistonliklar haqida ko‘p eshitganmiz. “Katta pulga Xitoyda yuragimga stent qo‘ydirib keldim, Janubiy Koreyada yuragimni koronografiya uskunasida tekshirtirdim, AQShda yuragimda noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazdim” degan gaplardan so‘ng, nahotki o‘zimizda buni iloji bo‘lmasa, axir, bizda ham iqtidorli shifokorlar, tibbiyotchi olimlar ko‘p-ku, deb o‘ylab qolardim.
Biroq so‘nggi yillarda yurtimizda tibbiyot sohasiga bo‘lgan e’tibor kuchaygach, bunday gap-so‘zlar kamaya boshladi. Endi yurtdoshlarimiz o‘z salomatliklarini respublikamizning deyarli barcha viloyatlarida joylashgan ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiy markazlarida tiklashga intilishmoqda.
- Yaqinda turkiyalik bir guruh tibbiyotchi olimlar kelib, markazimizda yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganib, noyob jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etishdi, - deydi Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand mintaqaviy filiali direktori o‘rinbosari Rustam Qo‘shnazarov jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda. – Shifoxonamizdagi eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy jarrohlik va diagnostika asbob-uskunalarni ko‘rib, “endi bildik, o‘zbekistonlik bemorlar nima uchun ko‘p mablag‘ sarflab Turkiya klinikalarga bormasdan shu yerda davolanishni istayotganlariga, deb qolishdi. Chunki ilgari sarson bo‘lib chet elga borib kelgandan ko‘ra, shu yerning o‘zida amaliyot o‘tkazishni ma’qul ko‘rishmoqda.
Shu paytgacha Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi qo‘shni davlatlardan yuzdan ziyod bemorlar kelib, kardiologiya markazida davolanib ketishdi.
- Bir necha yildan buyon kuchli yurak og‘rig‘idan aziyat chekib kelaman, -deydi Jizzax viloyati Zomin tumanidan kelgan 67 yoshli bemor Erkin Sariboyev. – Xorijdagi klinikalarga borib davolanishga imkoniyat topolmayotgan edim. Joriy yildan boshlab, order o‘rniga tibbiy ijtimoiy sug‘urta tizimi qo‘llanila boshlangach, shu yerga murojaat qildim. Tajribali shifokorlar yuragimda noyob ochiq jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdi. Ikkilanib kelgan edim, endi tik oyoqda chiqib ketyapman. Xursandchiligimni cheki yo‘q. Bizning vrachlarimiz ham xorijdagi klinikalarning shifokorlaridan qolishmas ekan.
Bugungi kunda mintaqaviy filialning 262 o‘rinli 13 ta bo‘limida 92 nafar malakali shifokor, 209 nafar hamshira va 181 nafar kichik tibbiy xodim aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Vrachlarning 17 nafari chet eldagi nufuzli klinikalarda, 21 nafari esa Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot va respublika Milliy tibbiyot markazlarida malaka oshirib kelishdi. O‘tgan yili xorij klinikalarning 5 nafar olim va professorlari kelib mutaxassislarimiz uchun «master klass» amaliyoti va mahorat darslarida saboq berdi. Turkiya, Belarus va Rossiya davlatlaridagi taniqli klinikalar bilan o‘zaro xalqaro hamkorlik dasturi loyihasi bo‘yicha memorandumlar imzolangan.
2024 yilda markazda davolangan 12488 nafar bemorning 8670 nafarida yuqori texnologik, 7700 nafarida endovaskulyar, 5145 nafarida esa koronagrafiya, 1544 nafarida qon tomirlarini stentlash amaliyotlari o‘tkazildi. Shuningdek, markazda sun’iy qon aylanish, chuqur gipotermiya va sirkulyator arest sharoitida o‘pka arteriyalaridan tromboektomiya, chap torakotomiya mini invaziv mammaro-koronar shuntlash kabi 10 dan ortiq jarrohlik amaliyotlari ilk bor amalga oshirildi. Jumladan, “krioablatsiya” amaliyoti turkiyalik malakali mutaxassislar hamkorligida amalga oshirildi.
O‘tgan yili 80 dan ortiq zamonaviy UTT, exokardiografiya, EKG, “Xolter” uskunasi, vaqtinchalik tashqi kardiostimulyator kabi 100 ga yaqin zamonaviy texnologiyalar olib kelindi.
-Joriy yildan boshlab muassasamizda ilk bora 24 soatlik tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati tashkil etildi, - deydi maslahat poliklinika va diagnostika bo‘limi boshlig‘i Jahongir Sanaqulov. – Endi yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri markazimizga olib kelish mumkin bo‘ladi. Bemorlarga 3 kun davomida bepul diagnostika va davolash xizmatlari ko‘rsatiladi.
Dilmurod To‘xtayev,
Husan Eltoyev (foto).