Bugun Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan kun: Gazet nadur?
Atoqli adib, jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri, dramaturg va publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yil 19 yanvarda Samarqandda tug‘ilgan.
1919 yil bahorda Shahrisabzda Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinib, Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi.
Quyida Behbudiyning 1907 yil 11 noyabrda "Tujjor" gazetasida chop etilgan “Gazet nadur?” maqolasini e’tiboringizga havola qilamiz.
***
Turkiston, Buxoro, Xivada gazet nima ekanligini hanuz mingdan bir kishi bilmaydur. Agarda mingdan birgina bilsa edi, o‘n uch milyon Turkiston va Buxoro va xivalik qarindoshlarimizdan "Turkiston" va "Tujjor" gazetalarini bir ming uch yuz nafardan, albatta, mushtariysi bo‘lur edi. Holbuki, bu uch mamlakati azima ahlidan ik(k)i gazetni mazkur adadga barobar mushtariysi bo‘lmasa kerak. ("Turkiston…" gazetini hukumat amri-la olaturg‘on qozi va volos(t)noylar bu hisobdan xorijdirlar). Oni uchun gazet nimadur va na foyda etar va qachon chiqdi va ilmlik mamlakatlarga gazet ahvoli va adadi na tariq ekanligi to‘g‘risinda bir oz yozmoqni lozim bildim.
Hoziran 195 sana muqaddam zamonlarg‘a Rum podshohlari keraklik amr va farmoyishlarini qog‘ozga yozib, umumiy xalqqa bildirmoq uchun tarqatib va ko‘runur joylarg‘a osib xalq ma’lumotini ko‘payturmoqig‘a sabab bo‘lurlar edi. Hozirdan 1560 sana muqaddam yana farang hukumatlari orasig‘a har bir yangi ish va keraklik qog‘ozlarni gazet ismlik ikki tiyinlik aqcha badalig‘a sotila ekanki, uning-chun "gazet" atalibdur. 1615 sanayi milodiyagacha gazetlar "dastnavis" va g‘ayri muntazam chiqar ekan. So‘ngra bosma bo‘lib chiqa boshlabdur. Bora-bora barcha ilm va xabarlik mamlakat va hukumatlar xalq orasig‘a jaridai mo‘’tabar bo‘lib, diniy, fanniy, siyosiy, sanoyi, ijtimoiy, ixtiroiy va har guna bahslarni yozmoqg‘a boshlab hozirg‘i darajasig‘a kelturdilar. So‘ngralari ahli islomni mutaraqqiy va mutamaddin mamlakat va hukumatlar xalqi orasig‘a joriy bo‘ldiki, bu kun Misr, Istanbul, Hijoz, Quddus mamlakatlariga har xil gazetlardan yuzdan ziyoda chiqar hind va ibronga ham ko‘paya boshlabdi. Misr, Istanbul, Quddusi sharif mamlakatlarig‘a turkiy, arabiy va forsiy gazetlar xeyli taraqqiy topib, ulamoyi amiro va udabo ko‘b rivod berib, din va millat naflikig‘a iqror qilg‘ondurlarki, olami islomg‘a gazetlarni yetkurgan nafini boshqa vaqt yozarmiz.
Har kun va yo haftada bir necha martaba chiqaturg‘on varaqa axborini gazet, gazeta va olami islom orasida jaridai um ataladur. Haftada va oyinda bir necha martaba chiqaturg‘on va kitobcha shaklinda ibratnamo pand va xabarnoma risolalarni, jurnal va olami islom aro majalla ataladur. Jarida va majallalardan ba’zisi ajoyib va g‘aroyib tasvirot va plonlik bo‘ladur.
Rusiya mamlakatida 1753 sanayi milodiyaga bir necha martaba gazet chiqa boshlab va al-on har nav jarida majallalarni adadi bir mingga yetib, balki, ortadur. Rusiya musulmonlaridan boshlab chiqqan jaridayi muhtaram "Tarjumon"durki, janob Ismoilbek afandini sa’y va g‘ayrati ilan bu kun yigirma besh yoshidur. Rusiyada hurriyati matbuot joriy bo‘lgani uchun 1905 sanasindan boshlab Rusiya musulmonlari g‘ayrati ila 30 dan ziyoda jarida va majallalar Rusiya olami islomiyaga tulu’ qilib, ammo o‘qug‘uvchi va olg‘uvchining ozligi uchun bugungi o‘n qadaridan boshqasi chiqmadi. Ba’zisi doim fuqaro naf va hukumat zararig‘a yozib turgani uchun hukumat tarafidan yopturildi. Va hozirg‘i o‘n qadar jarida va majallayi islomiyalar ham mushtariysizlikdin va xalqimizni o‘qumoq va bilmoqg‘a havas qilmag‘anidan, to‘g‘risi, xalqimizni nodon va bexabarligidan musulmoniy jaridalarimiz jon uzub turmoqda va anqariyb yana ba’zisi chiqmay qolib dunyodagi ilm va xabarlik musulmon qarindoshimizdan va ajnabiy do‘st-dushmanlarimizdan bizlarg‘a ayb va afsus yog‘duradur…
Hafta, yillik bir jarida va majallani chiqmoqig‘a yilinda to‘rt-besh ming so‘m kerakki, bu aqcha mushtariylardan jamlanur. Oni uchun gazet o‘quvchilarni ko‘b va ozlig‘i jaridalarni ko‘b va ozligig‘a sabab bo‘lur. Va har toifa va din ahlini donishmandi va dinga zamona xizmat qilg‘uchisi qancha ko‘b bo‘lsa, jaridasida shuncha ko‘payadurki, bu da’vo ahli ilm va xabar qoshinda sobit va ma’lumdir. Rusiya musulmonlari ichidin ba’zi donishmandlar ko‘b va qattiqchilikni zimmalarig‘a olib bir necha jarida va majallalarni zo‘rg‘a chiqarib turubdurlar. Va ba’zi saxovatlik boylarimiz, zarbg‘a qaramasdan, jarida va majalla chiqarib turubdurki, u jumladan, bokulik janob Hoji Zaynulobidin Taqiyev, o‘renburglik Muhammad Zokir va Muhammad Shokir Romiyeev va toshkandlik Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li janoblari va boshqalardur…
Jaridalarg‘a dunyodagi barcha yangi va eski xabar va ishlar davlatlar orasidag‘i robitayi ixtilof va nizo va har bir davlatni quvvati moliya va harbiya va siyosiyasi va hukumatni har kungi yangi zakun va prikaz va tartibnomalari har bir xalqni va din ahlini taraqqiy yo tanazzuli va sababi va hukumat o‘z fuqarosi to‘g‘risig‘a qilib turgan yaxshi va yomon tadbir va hokimdorlig‘i va muddaosi har bir mamlakatni tijorat, sanoat, ziroat to‘g‘risindagi xabar va mulohazalar uloma, hukamo va udabo tarafidan xalqqa teyishli nasihatlar hukmron va har xil ma’mur va mansabdorlarni adli yo jivar va zulmi va fuqarolarni bul to‘g‘risidagi arz va dodi xulosayi dunyog‘a neki kerakdur va tirikchilikg‘a lozim bo‘ladur jarida va majallalarg‘a yozilib turar, xalqqa daf’i zarar va jalbi manfaat uchun yo‘l ko‘rsatib turar… Har firqani o‘z din va millatig‘a qilaturg‘on xizmat va millatparastlik o‘shal firqani gazeti ila ma’lum o‘lur, har toifani jaridalari o‘shal toifani miqyos va mezonidur. Voizi umumiyasi va nosihi muassiriydur. Sho‘ylaki jarida oyinai jahannamodur. Gazet o‘qiydurg‘on kishi dunyodagi barcha xabar va hodisalarni va har toifani taraqqiy va tanazzuli va uni sabab va illatini, o‘z din va millatig‘a qayu toifa do‘st, qayu toifa dushmanlig‘ini bilur. Hayoti ijtimoiyasiga na lozimdur bilur. Jarida va majallalarni o‘quy bersa, tirikchilikg‘a va hozirg‘i zamonag‘a na kerakdur, barchasig‘a ilm va fikr hosil etar. Muvofiqi zamon sa’y va tadbirg‘a kirar… jarida va majallalar diniy, fanniy, siyosiy, adabiy, latoyif, mazxakiy, iqtisodoiy, harbiy va oliy oxir qismlarig‘a bo‘lunur va ba’zilari musavvirga har xil odam va hayvonot va oshjor va ajoyibot dunyoni surat va plonlarini ko‘rsatur. Har toifani ilm va sa’y va harakati jarida va majallalarning adadi va alardin istifoda qilinaturgan pand va ilm va ma’nosi ila bilinur. Biz bu mahalda dunyodagi ahli ilm va xabar davlat va xalqni jaridalari adadidan namuna ko‘rsatib ushbu maqolamizni tamom qilarmiz.
Va har kim o‘zi, biz, musulmonlarni ilm va xabar to‘g‘risinda qancha keyin ekanligimizni o‘zi fikr qilib bilsa kerak va ushbu tubandagi hisob va raqamlar daloyili muqnaadur. "Tujjor"ni boshqa bir nusxasiga biz yer yuzidagi mutaraqqiy xalqlarni maktab va madrasa va ilmlaridin bayon qilarmiz. Tubanda yozilgan davlatlarni Amerika, Avstraliya va Afriqa qit’alaridagi tobelari zildagi hisobdan xorijdur.
Samarqandiy mufti Mahmudxo‘ja Behbudxo‘ja xatib o‘g‘li.
(Sirojiddin Ahmadning "Mahmudxo‘ja Behbudiy" kitobidan olindi.)