Behbudiy Turkiston parlamenti tuzishning tashkilotchilaridan bo‘lgan edi

1917 yil fevralda oqposhsho Nikolay Romanov taxtdan tushirildi. Muvaqqat hukumat tuzilib, Rossiya siyosatchilarini birlashtirgan partiyalar hokimiyat uchun kurashga kirishdilar. Bu tarixiy lahzalarni Turkiston jadidlari hurriyat nasimlari sifatida qabul qildilar.

Mahmudxo‘ja Behbudiy ham yeng shimarib, ishga kirishdi. “Xudoyi taolo bizga hurriyat berdi. Diniy va milliy islohot va taraqqiyimiz uchun harakat va say’ etmoqg‘a yo‘l ochiqdur” (Muhtaram Samarqandiylarg‘a xolisona arz // «Hurriyat» gazetasi, 1917 yil 13 may).

Lekin bu hurriyat ne’matidan unumli foydalanish zarurligini,  “qadima ig‘vo va fasodni” unutib, birlashib harakat qilmoq lozimligini muntazam da’vat etib turdi. Muvaqqat hukumat davrida vaqtinchalik hurriyatga erishgan xalqni parokanda qilishga bo‘lgan fitnalar va uning kelajakdagi fojialaridan ogoh etib yuqorida ta’kidlangan, shuningdek “Ittifoq kerak”, “Bayoni haqiqat”, “Qozoq qarindoshlarimizg‘a ochiq xat” kabi maqolalarini yozdi, siyosiy ishlarda ishtirok etib, barchani birlashishga chorladi.

1917 yil yozida (oktyabr to‘ntarishigacha hali besh oycha vaqt bor) Rossiya o‘z muammolari bilan ovora bo‘lib turgan davrda Behbudiy Turkiston xalqlari kelajagini o‘ylab yangi taklif bilan chiqadi: «Biz istaymizki, butun Russiya musulmonlari muxtoriyat (federatsiya) usuli yuzasidan tirikchilik qilsunlar... Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda... Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizni majlisi mushovaratimiz (parlamentarizm) bo‘lsun» (Bayoni haqiqat. «Ulug‘ Turkiston» gazetasi, 1917 yil 12 iyun.)

Mahmudxo‘ja Behbudiy huquqlari teng fuqaroli mamlakatning qonun chiqaruvchi parlamenti va undagi a’zolar sonidan boshlab, mahalliy va nomahalliy a’zolar sanog‘igacha o‘z fikriga ega edi. Parlamentdagi o‘rinlarni har bir millatning sonidan kelib chiqib taqsimlaydi. Tabiiyki, turkistonli bo‘lmaganlar juda oz joyni olishardi. Ularning orasida, albatta, ruslar ham bor edi: «Samarqand shahrining rus va musulmon xalqidan 60 nafar kishi saylanib balada (shahar – H.S.) idorasig‘a ish qiladilar va ul nafarlar, albatta, xalqning nufus va adadig‘a qarab bo‘linur. Masalan, nufusg‘a taqsim qilganda mazkur adadlarni 15 nafari ruslardin, bir necha nafari yahudiylar bo‘lur. Sababi shulkim, biz ko‘bdurmiz. Zamoni hozira va adolat shuni talab qilur»(«Ittifoq kerak»// «Hurriyat» gazetasi 1917 yil, 3 iyun).

Bu taklifga birinchi bo‘lib chorizmdan qolgan «burjuylar» emas, «morozovchilar», bo‘lg‘usi bolsheviklar qarshi chiqadilar. Ular Behbudiyning adolatli hisob-kitobidan xato topa olmaydilar. Biroq uning takliflarini «shoshqaloqlarcha» berilgan deya e’tiroz bildiradilar. Shuningdek, o‘zlarining har jihatdan ustunliklarini ko‘rsatib, shunday xulosa yasaydilar: «Musulmonlar o‘zlarini boshqarishda hali ruslardan ko‘p o‘rganishlari kerak. Dumada ishbilarmon, uddaburon, mehnatsevar kishilar o‘tirsa, unda turli jamiyat va siyosiy guruh talablarini yoqlaydigan kishilar bo‘lsa, shaharda ishlar yaxshi ketadi. Bunday guruhlar ruslarda ko‘p bo‘ladi, musulmonlarda esa bo‘lmaydi... Fikrimizcha, agar musulmonlar va mahalliy yahudiylar saylovchilarning yarmini yuborib, ikkinchi qismini mahalliy bo‘lmaganlarga qo‘yib berishsa ish ravnaqi uchun foyda va haqqoniylik buzilmagan bo‘ladi» (Qarang: Samarkand 27 iyunya // gazeta «Samarkand’», 30 iyunya 1917 g.).

«Morozovchilar»ning fikricha, musulmonlar shu zamin uchun begona bo‘lganlarga dumadagi 50 foiz joyni ajratib berishlari kerak, aks holda... Mana sizga «chor Rossiyasining kirdikorlarini, mahalliy amaldorlarning xalqqa nisbatan adolatsizliklarini ayovsiz fosh qilgan» «demokrat»larning shovinistlarcha chiqargan «adolatli» xulosalari.

“...1917 yilning 26-29 noyabrida Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lka musulmonlari qurultoyi chaqirildi. Qurultoy o‘tkazish uchun boshlangan joy tasodifiy emasdi. Bundan ancha ilgari, 1917 yil mart oyida Toshkentda Turkiston musulmonlari qurultoyi o‘tkazilib, Turkiston musulmonlari sho‘rosi milliy markazini saylagan edi. Unga O‘rta Osiyoning hamma mintaqalaridan vakillar kirgandi. O‘sha paytda Turkiston o‘lkasining ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblari — Mahmud Behbudiy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Nosirxon To‘ra, Muhammad Tinishboyev, O‘roz Sardorlar milliy markazda edilar. Ammo Toshkentda ruslarning nufuzi kuchli bo‘lganligi, bu yerda qudratli garnizon joylashgani uchun milliy markazning keng siyosiy ish olib borishi qiyin bo‘ldi. Qo‘qonda esa, asosan o‘zbeklar va boshqa mahalliy millat vakillari yashab, milliy an’analar, islom qadriyatlari ruhi kuchli edi”(Ibrohim Karim. Madaminbek. T.:“Yozuvchi”, 1993).

Yuqoridagi parchadan Behbudiy milliy markazning asosida turganligi, bolsheviklarning qarshiligiga qaramay Qo‘qon muxtoriyatini yoqlaganligi anglashiladi.

Behbudiyning o‘ziga murojaat qilamiz: “3-s’yezd noyabr oyida Toshkentda yana “Ulamo jamiyati” tarafidan barpo bo‘ldi. Bu bolshevik harakati qo‘zg‘olg‘oni edi. Samarqand va hukumati Turkiston Xo‘qandda qizg‘in muzokaralar bo‘lib, oxiri kaminaning taklifim ila duma shu qarorni chiqarib «Ulamo jamiyati»ga boraturg‘on vakillarga ushbu qarorni berdi:

“Turkiston hukumati bolsheviklar qo‘linda bo‘lmay, balki xaloyiq qo‘linda bo‘lsun. Ba’zi musulmon va ruslardan ham soldat-ishchilardan o‘ttiz nafar, yahudiy va armanidan ikki nafar, jami’ 32 nafar kishi Turkistondan saylanib, Turkiston hukumatini idora qilsun va qonunlar chiqarmoqqa haqli bo‘lsun”  (“Hurriyat” gazetasi, 1917 yil, 19 dekabr).

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonni boshqarish bo‘yicha kutilmagan g‘oyani ilgari suradi. Ma’lumki, u muftilik, qozilik vazifalarida ishlagan, demak, shariat ilmining bilimdoni bo‘lgan. Ana shu dindor inson o‘zi orzu qilgan ozod yurtda parlament – Millat majlisini tashkil etish, har bir hududning o‘ziga xosligi inobatga olingan qonunlar tuzish niyatini bildirgan. Ozodlikka bo‘lgan intilishini, uni kutganligini «Turkiston muxtoriyati» sarlavhali maqolasidagi birgina ko‘chirmadan bilib olishimiz mumkin: «27 noyabrda Ho‘qandda Turkiston muxtoriyati Umumiy musulmon s’yezdida e’lon qilindi. Muborak va xayrli bo‘lsun! Kamina ham majlisda bo‘lish uchun iftixor etaman. Yashasun, Turkiston muxtoriyati!»(«Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 19 dekabr).

Behbudiy xalq saylagan vakillar tomonidan e’lon qilingan muxtoriyat boshqalar tomonidan tan olinadi, butun millat himoyalansa qon to‘kilmaydi, deya ishongan edi. Bu fikrga boshqalarni ham ishontirishga harakat qildi.

“...Shundoq bilmoq kerakki, butun Turkiston xalqi ittifoq etsa, qon to‘kilmas. Yer va amlok ham taqsim bo‘lmay qolur. Din ham rivoj topur. Ming karra dodu bedodlik ixtilof etmoq uchun ittifoq etganmiz va ixtilofimiz sababi ila badbaxtliqg‘a duchor bo‘lurmiz. Butun Turkiston ittifoq etsa, 15 miliyunlik bir quvvat ummong‘a kelurki, shunga yer titraydur. Agar so‘zumni fahmlatolgan bo‘lsam o‘zimni baxtli hisoblardim” (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Turkiston muxtoriyati//“Hurriyat” gazetasi, 1917 yil, 22 dekabr).

Afsuski, 1918 yilning fevralida Turkiston muxtoriyatini qonxo‘r bolsheviklar toptab tashladilar...

Behbudiy Qo‘qondagi voqealarni eshitib, tushkunlikka tushsa-da, millat manfaati yo‘lida tinmay kuyinganini maqolalari va rasmiy vazifalardagi faolligi orqali yaxshi bilamiz. Uning umid bilan ishlashi 1919 yil martigacha davom etdi. Mart oyida esa... Turkistondagi ahvolni “tartibga solish” uchun bolsheviklar hukumati Frunze qo‘mondonligida Turkiston frontini tashkil qiladi. Xalq boy va kambag‘allarga ajratiladi. “Bosmachi” yorlig‘i ishga tushadi. Tashviqot ishlari ham keng yo‘lga qo‘yiladi. Zukko Behbudiy hammasini tushunib yetgandi...

U xudosiz jamiyat qurishni maqsad qilgan, begunohlarning qonini ayovsiz to‘kkan, aholi mulkini tortib olgan “bolshavoylar” hukmidan xalqini ozod qilish yo‘lidagi navbatdagi harakati vaqtida fitna qurboni bo‘ldi. Bu haqda matbuotda ko‘p chiqishlar bo‘ldi, lekin uning o‘limi tafsiloti va qabri noaniqligicha qolmoqda.

Halim SAIDOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

(Davomi bor)