Mahmudxo‘ja Behbudiy — o‘z davrining haqiqiy ziyolisi, millatning chinakam fidoyisi
Davlatimiz rahbarining 3 yanvar kuni e’lon qilingan “Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ajdodlarimiz merosini o‘rganish va ulardan xalq ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida foydalanish borasida boshlangan savobli ishlarning davomidir.
Darhaqiqat, Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z davrining haqiqiy ziyolisi, millatning chinakam fidoyisi edi. U o‘ziga to‘q va ilmli oilada tug‘ilib o‘sdi. Shu sababli ham butun umrini ma’rifatga bag‘ishlay oldi, o‘ziga qarashli shirkat va yerlardan olinadigan daromadlarni ham xalq manfaati yo‘lida sarfladi. Natijada el orasida yuksak salohiyatga ega bo‘ldi.
Xalq xonliklarning o‘zaro urushlaridan, rus imperiyasi zug‘umlaridan charchaganligini hisobga olib, u eng avvalo millatni, uning farzandlarini savodli, ilmli qilish kerakligini tushunib yetdi. Ana shu g‘oyasi bilan atrofiga o‘ziga o‘xshagan elsevar ziyolilarni to‘play oldi. Tariximizda jadidchlik nomi bilan atalgan bu harakat o‘sha davrda mintaqamizda chinakam uyg‘onish davri edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning siyosiy qarashlari o‘z zamonida nafaqat mamlakat, balki tashqi dunyoda ham e’tiborga molik bo‘lgan. Xususan, “Haq berilmas, olinur” shiori millat fidoyilarini chinakam hushyorlikka chorladi. O‘tgan asrning boshidayoq ma’rifatparvar bu inson Turkiston o‘lkasining ma’rifiy konsepsiyasini yaratishga va uni imperatorga havola qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bundan tashqari “Turkiston muxtoriyati” harakatining yetakchilaridan bo‘ldi. O‘zi ta’kidlaganidek, xalq ozodligi yo‘lida agar lozim bo‘lsa, jonini berishga ham tayyor edi.
Bu insonning yana bir buyuk xizmati shundan iboratki, u o‘z hisobidan maktablar ochdi, alifbo va boshqa darsliklar chiqardi, bu harakati orqali xalq ma’rifatiga sarmoya kiritdi.Eng muhimi, Samarqandda aynan yangi qarashdagi ziyolilar hamkorligida milliy matbuot tamal toshini qo‘ydi. Bu tahririyat atrofida Markaziy Osiyoning turli mintaqalaridan ijodkorlar kelib faoliyat ko‘rsatdilar. “Hurriyat”, “Kambag‘allar tovushi”, “Mehnatkashlar o‘qi” kabi ko‘plab nomlarda chop etilgan nashr bugungi kunda “Zarafshon” nomi bilan faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonda birinchi bo‘lib “Padarkush” dramasini yozdi va bu asarning ommalashuvi orqali xalqqa sahna asari ibratxona ekanligini tushuntira oldi. Tahririyatdagi va, umuman, atrofidagi barcha iqtidorli ijodkorlarni qo‘llab-quvvatladi, ularning boshini biriktirdi. Bundan tashqari, musulmon davlatlari ziyolilarini bir-birini qo‘llab-quvvatlashga chorladi. Binobarin, “Qozoq qardoshlarimga maktub” nomli essesi mintaqada o‘sha davrning chinakam da’vatiga aylandi. Shuningdek, u xalqimizning ilmga intilmaydigan, to‘y va ma’rakalardan bo‘shamaydigan toifasini keskin tanqid qildi.
Davlatimiz rahbari ushbu qaror orqali bugungi davr uchun Behbudiy g‘oyalari, bu allomaga o‘xshash fidoyi ziyolilar nechog‘lik zarur ekanligiga ishora qilmoqda. Negaki, millat ma’rifatiga sarmoya kiritish, uni qo‘llab-quvvatlash zamonamizning eng savobli ishlaridan biridir. Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodi, hayot yo‘lini puxta o‘rgangan rahmatli professor Begali Qosimov, bugungi kunda jadidlar faoliyatini keng tadqiq qilayotgan olimlar Halim Sayid, Qahramon Rajabov, Bahrom Irzayev va boshqalar ham bu jadid bobomiz millat kamoli yo‘lida nechog‘lik ulug‘ ishlarni qilganligini ta’kidlamoqda.
Kamina Mahmudxo‘ja Behbudiy tashkil etgan gazetada bosh muharrir bo‘lib ishlayotganimdan faxrlanaman va bu yumushning nechog‘lik mas’uliyatli ekanligini his qilaman. Nasib etsa, Samarqand viloyat musiqali drama teatri uchun bu ulug‘ alloma haqidagi sahna asarimni o‘quvchilar hukmiga havola qilamiz.
Farmon TOShEV,
viloyat “Zarafshon” va
“Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.