Hayot tuprog‘iga qorishgan oltin
Mahmudxo‘ja Behbudiy hayotida sayohat mavzusi alohida o‘rin tutadi.
Ular orasida haj safarining katta miqdordagi axborotni o‘z ichiga olgani, qolaversa, publitsistning dunyoni anglashi, tahlili, qiyosi, munosabati kabi jihatlari bilan ahamiyatlidir. Negaki, 1899 yilda amalga oshgan birinchi safar uning dunyoqarashini butkul o‘zgartirib yuboradi. Alloma bu sayohati haqida maxsus maqola yozmagan bo‘lsa-da, 1914 yildagi safar taassurotlarini yozishida asos bo‘lgan. Holbuki, u paytda Behbudiy jurnalistik faoliyatga kirishmagan davr edi. Lekin diniy nuqtai nazardan qaraganda, «Amaliyoti islom» (1908), «Tarixi islom» (1909) darsliklarini yaratishda birinchi haj ziyoratining o‘rni beqiyos hisoblanadi.
Behbudiy safarnomasini o‘qigan soddaroq inson uning “dunyo kezib, ba’zan rohatlanib, ba’zan azoblanib kelgan”ini anglasa, chuqur tahlil sohibi bo‘lgan ziyoli odam batamom o‘zgacha xulosalar chiqaradi. Masalan, taniqli jadidshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning “Behbudiy shaxsiyati — xalqimizning vijdoni, ori” maqolasida “...uning 1914 yilda yozgan va bobma-bob “Oyina” jurnalida bosilib chiqqan “Sayohat xotiralari” asari juda katta va o‘lmas qimmatga egadir. Biz Mahmudxo‘ja Behbudiy shaxsiyatining ayrim nozik qirralari haqida so‘ylamoqchi bo‘lib turamiz. Ularni uning asarlari va, ayniqsa, “Sayohat xotiralari”dan xuddi har yerga sochib ketilgan oltin zarralari kabi axtarib topamiz. Ko‘p zamonlar ularga unchalar e’tibor bermay o‘tib ham ketamiz. Chunki oltin zarralari hayot tuprog‘i bilan aralashib yotadi. Ilg‘ab olgangina, oladi”.
Ibrohim G‘afurov ta’kidlagan oltin zarralarini qanday ilg‘ab olamiz? Ular nimalarda aks etgan? Publitsistning dunyoqarashini, voqea-hodisalarga munosabatini qaysi mezon bilan aniqlaymiz, buning uchun uning yashagan zamonini qanday mezon asosida o‘lchaymiz? Bu kabi savollar naqadar murakkab bo‘lmasin, ularga “Sayohatnoma”dagi faktlar, qiyoslar, tasvirlar, fikrlar va boshqa detallar talqinida javob berishga harakat qilamiz.
Buning uchun dastlab “Sayohat xotiralari” asari janriga aniqlik kiritish zarur. Negaki, olimlar tadqiqotlarida ular farqlanadi. Masalan, filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimovda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Sayohat xotiralari” janri haqida shunday fikr bor:
“Sayohat xotiralari har jihatdan g‘oyat muhim bo‘lib, ...ham ma’rifiy, ham adabiy-estetik jihatdan nihoyatda muhim. U adabiyotimizdagi an’anaviy tarixiy-memuar janrining XX asr boshidagi o‘ziga xos namunasidir”.
Marhum ustozning bu ko‘chirmasidan “adabiyotimizdagi an’anaviy tarixiy-memuar janr” degan joyini olib tahlil qilishga harakat qilib ko‘ramiz. Albatta, Begali Qosimov adabiyotshunos bo‘lganliklari uchun “Sayohat xotiralari”ga shu nuqtai nazardan qaraganlari bor gap. Aslida manbalarga murojaat qilsak ham shunday xulosaga kelamiz. Masalan, “TARIXIY JANR, tarixiy mavzudagi asarlar — adabiyot va san’atdagi asosiy janr yoki mavzulardan biri; tarixiy o‘tmish mavzuida yozilgan asarlar turkumi” deyiladi. E’tibor qilinsa, bunda adabiyot va san’atdagi janr haqida fikr yuritilayotgani ma’lum bo‘ladi.
Biroq jurnalistika adabiyotdan ajralib chiqdi. Ikkinchidan, undagi janrlar ham o‘ziga xos qoidalarga amal qila boshladi. Uchinchidan, Behbudiy sayohatnomasida voqea-hodisalar jarayonda kechmoqda.
Jurnalistikamiz tarixining bilimdoni, filologiya fanlari nomzodi, professor Boybo‘ta Do‘stqorayevda bu asar janri haqida shu fikrga monand to‘xtam bor: “Behbudiy hazratlari “Sayohat xotiralari” sarlavhali yo‘l ocherkida musulmon davlatlaridagi beqiyos san’at durdonalari darajasiga yetgan imoratlarni ko‘rganida o‘zini chulg‘agan hayrat va iftixor tuyg‘ularini oshkora bildiradi, bunday noyob obidalarni dindoshlari – musulmonlar yaratganidan faxrlanadi” (Do‘stqorayev B. O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi: darslik. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009. – 380 b.). Demak, “Sayohat xotiralari” jurnalistikadagi yo‘l ocherki janri sifatida talqin qilinmoqda.
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Akbar Nurmatov esa o‘z tadqiqotida “Sayohat xotiralari”ga sof jurnalistik asar sifatida qaraydi: “Safarnoma (yo‘l ocherk)lar – publitsistik janrlarning eng “qadimiy” ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Nomining o‘ziyoq uning xususiyatini ko‘rsatib turibdi. U muallif tomonidan bosib o‘tilgan yo‘l, safar haqidagi tasvirlardan tashkil topadi”.
Shunday bo‘lsa-da, internet manbasidagi “Tarixiy adabiyot, xotiralar (fr. mémoires) — muallif ishtirok etgan yoki unga tanish bo‘lgan odamlar, guvohlardan ma’lum bo‘lgan voqea-hodisalarni hikoya qiluvchi yozishmalardir”, degan fikrni ham inobatga olib, har bir tadqiqotchining asar haqida o‘z talqini bo‘lishi mumkin, deymiz. Biroq biz uni B.Do‘stqorayev va A.Nurmatov kabi publitsistik janr sifatida quyida tahlil qilamiz.
Asarning nomlanishida “xotira” degan so‘z uchrasa-da, uning yo‘l ocherki ekaniga birinchi dalil shundaki, muallif uni sayohatdan qaytgach, xotirlagan emas, balki yo‘lda yozgan. Bu haqda ocherkda alohida ta’kid bor: “To‘rt kecha, to‘rt kunduzni Yofada o‘tkarmoq ko‘p garon edi. Maa fiyhi hamshahriylarni navozishlari soyasinda xafa bo‘lmaduk va bekorlikda sayohatnoma maktublaridan bir nechasini yozib, “Oyina”g‘a yuborduk” (“Oyina” jurnali, 1914 yil 5-son).
Iqtibosdan Behbudiy sayohat fursatidagi bo‘sh vaqtdan foydalanib, yo‘l kechinmalarini yozib, Samarqandga, “Oyina” jurnali tahririyatiga jo‘natganligi ma’lum bo‘lyapti. Shuningdek, dunyo jurnalistlari qo‘llagan publitsistik janr nomlanishiga ham sha’ma bor. Xususan, Behbudiy yozib jo‘natganlarini sayohatnoma deb atamoqda. Bugun inglizzabon nashrlarda “travel journalism” (“sayohat jurnalistikasi”) keng qo‘llanilmoqda. Albatta, bu atamaning izohida ayni paytdagi rivojlangan texnologiyalarning o‘rni nazarda tutilgan bo‘lsa-da, mohiyatan jurnalistning sayohati tafsilotlari hisoblanadi.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)