Behbudiy hikmatlari millatga xizmat qiladi

«Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

Quyida ma’rifatparvar bobomizning hanuz eskirmagan, millat rivojiga xizmat qiladigan, hikmat darajasiga chiqqan iboralaridan hukmingizga havola qilamiz.

***

Boshqa millatlarga qaralsa, ko‘rilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham o‘qilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur.

***

To‘y va ta’ziyag‘a sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimizda, dinimizda obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur.

***

Zamona har kuni yangilashur. Yangi ilm va yangi fikrlar va fununi zamoniyani darbar (o‘zida saqlagan, tashuvchi) qilgan odamlarni talab qilur.

***

Bovurlar! Bilingki, hozirda Turkistondagi barcha xalqlar uchun muxtoriyat e’lon qilindi va siz bilingki, haq olinur, berilmas. Inchunin, muxtoriyat-da olinur, berilmas… Biz bo‘shlik qilsak va Turkistondagi xalqlar birlashib, muxtoriyat yo‘liga sa’y qilmasak, albatta, hozirgi qog‘oz ustidagi muxtoriyatimizni ham yo‘q qilurlar….

***

Aziz hamshaharlarimg‘a, mo‘’tabar ahli vatanim, hammangiz bir bo‘lub, xalq va dinning rivoji uchun birlashub, oradagi nafratlarni tashlab, Xudoning bergan hurriyat ne’matidan naf’lanmoq harakatida bo‘lmoq kerak va al’on (hozirgi holatda) bizning harakatsizligimiz hurriyatni ketkurub, yana boshqalarga bizni asirlik darajasiga tushurur va yuz yillar ila keyin ketarmiz. Bizning avlodimiz hamda xalqi olam bizga rahmat o‘rnig‘a la’nat o‘qurlar.

***

Siyosiy, ilmiy, maishiy va askariy yo‘llarda zamon bizdan ko‘p ishlar talab etadur… Ammo bizda ishlayturg‘on odam oz va bori ham ishlamaydur va yoinki egri ketadur. Bu fursatlar o‘tganlaridek o‘tib ketar. So‘ngra pushaymonlikdin boshqa qo‘lda bir narsa qolmas….

***

Davlat dumasi nari tursin, sudga va rasmiy mahkamalarga kirib, bizni mudofaa qiladurg‘an kishimiz yo‘q. Boshimiz og‘risa do‘qtirga boramiz, ammo dardimizni aytmoqg‘a til yo‘q. O‘zimizdin do‘qtir yo‘q. Imorat qilmoqchi bo‘lsak, plon-loyihasi lozimki, injinerga muhtoj bo‘larmiz. Ammo biz hanuz “muhandis” ismini bilmaymiz.