Behbudiy ilm-fanni, ma’rifatni, yurt ravnaqini, ozodligini o‘ylagan, uning uchun halovatidan kechgan arbob edi
Behbudiy niyatlarining ruyobi uchun qulay zamonni kutmadi. Hayotining har soniyasida mavjud sharoit talablarini hisobga olib, o‘z maqsadi yo‘lida harakat qildi. Buni biz uning yozib qoldirgan xabar, fiqra va maqolalarida ham ko‘rishimiz mumkin.
Ulardan eng mashhurlari “Hurriyat — ozodlik — svoboda — erkinlik”, “Gosudarstvennaya Duma vakillari xususinda”, “Duma va Turkiston” maqolalaridir.
Bunda Behbudiy milliy fuqaro uchun Dumada joy ajratilganligi va undan yurt manfaati yo‘lida foydalanishmayotganligini tahlil qiladi. Buning uchun Dumaga vakil qilinmish boylarimizning til bilmasliklari, mustamlakachi davlatning qonun-qoidalari o‘rganilmaganligini tahlil qiladi. To‘g‘ri, bugun Chor Rossiyasi Dumasining asl ahvolidan xabardormiz. Biroq, bunda Behbudiyning mavjud sharoitdan chora izlaganini kuzatishimiz mumkin.
Shu paytgacha ko‘pgina ilmiy asarlarda Behbudiy publitsistikasi bir tomonlama yoritilardi. Bunga, avvalo, tuzum sabab bo‘lganligi hammaga ayon. Sobiq sho‘ro davrining qayta qurish zamonidagi bitiklarda ham biryoqlamalik mavjud edi. Bunga sabab maqolalardagi Behbudiy bildirgan fikrlarning tahlilida, aniqrog‘i, u targ‘ib va tashviq etgan ma’rifatda islomiy tartib-qoidalarning ham mavjudligini biz begonalik bilan qabul qilayotgandekmiz. Bu ta’sir hurriyatga chiqqanimizdan keyin ham sezildi. Bu begonalik bizning bobolar dunyoqarashidan, xalq milliyatidan, qadriyatidan ajratib tashlanganligimiz asoratidir. Shuning uchun Behbudiyning aynan o‘zidek qabul qila olmayapmiz. Albatta, bugun bu xatolikni tuzatmoqqa fursat yetdi, ya’ni islomni o‘rganish zamirini ilmiy tushunish, dunyoni bir butun ko‘rish, xususan, islomni ham yaxshi o‘rganish kerak. “Unda taraqqiy etolmaymiz”, deyish ham befoyda. “Dinni, islomni bilmay turib, jadidchilikning mohiyatini tushunib bo‘lmaydi”, degandi Aziz Mirahmedov.
Behbudiy oddiy musulmonlar qatorida emas, shariatning mas’ul kishilaridan edi. Shuning uchun uning ijodini o‘rganishda mana shu jihatga alohida e’tibor berishimiz kerak bo‘ladi. Behbudiy o‘zining har bir maqolasida islom va ilmga tegishli gaplar “shariatga xos”ligini ta’kidlaydi. “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?” maqolasida millat ko‘yida yonib shunday yozadi: “Bir karra diqqat qilib mahalla-ko‘y va qishloq xalqlarig‘a qaralsun. Avomlik, beilmlik naqadar ko‘paygan, biz musulmonmiz. Musulmonlarg‘a ilm lozim, amal lozim, o‘qumoq kerak...”.
“Biz musulmonmiz, musulmonlikg‘a ilm lozim, amal lozim”, deydi Behbudiy. Bu bilan u Qur’oni karimdagi oyatlarga tayangan holda xulosa chiqaryapti. Qur’on hech qachon ilmiy dunyoqarashni, tabiiy ilmlarni inkor qilgan emas. Behbudiy islomni har qanday ta’limotdan yuqori qo‘yadi: “... Islomiyat shunday bir dini mutayyin va qobili taraqqiydurki, naqadar ilmi zamoniy ko‘b o‘qulsa, insonni yana dini islomg‘a shuncha aqidasi mustahkam bo‘lur”.
Bu gaplar ayni kunda G‘arb olamida ko‘p ishlatilyapti. Masalan, ruslarning eng mashhur yozuvchilaridan biri A.Soljenitsin ham islomning quvvati XXI asrda sezilarli bo‘lishini ta’kidlaydi.
Behbudiyga qaytamiz: “Chunonchi, ilmi zamoniy ko‘b o‘qug‘on Ovrupo olimlarining eng nomdor va davlatliklaridan musulmon bo‘lub turganlari jaridaxonlarimizg‘a ma’lumdur. Bas, sobit bo‘ldiki, ilmi zamoniy islomiyatga zarar qilmoq nari tursin, foyda etar...”.
Behbudiyning islomga ishonchsizlik bilan qaraganini hech qachon ko‘rmaymiz. Xuddi shu yerda Behbudiy ijodini o‘rganishdagi ayrim chalkashliklarni aytib o‘tmoqchimiz. Behbudiyning 1917 yil Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng xalq komissarligida ishlaganligi ko‘p manbalarda ta’kidlanadi, lekin tushuntirishga kelganda yuzaki va chalkash fikrlar aytiladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy nomining tiklanishiga katta hissa qo‘shgan Solih Qosimov yozadilar: "...Behbudiyning qarashlari, faoliyatida ma’rifatparvarlik va shariat uzviy birlikni tashkil etadi. Biroq biror sabab bilan o‘z faoliyatini ikki uzvini tanlash ehtiyoji paydo bo‘lganda edi, biz aminmizki, Behbudiy ma’rifatparvarlikni tanlardi...”. Domlaning ushbu fikrlarini bir oz o‘zgartirsak ham “islomiy ma’rifatparvarlikni” deyish mumkin. Zero, uning quyidagi so‘zlari fikrimiz dalilidir: “Haqiqiy islomiyat Qur’oni karim va ta’limi hazrat Rasuli akramg‘a muvofiq e’tiqod va amal qilmoqdur”.
Yana bir fikr. Behbudiy sotsializm nazariyasidan bexabar bo‘lganligi haqida ham domla S.Qosimovda ayrim chalkashliklar mavjud, chunki ul zot yashab, ijod etgan davr — moddiyunchilar davri edi.
“Mahmudxo‘ja va sotsialistik inqilob. Behbudiy nomining sotsialistik inqilob tushunchasi bilan yonma-yon kelishi ba’zi o‘quvchilarga erish tuyulishi mumkin, albatta. Darhaqiqat, Behbudiy sotsialistik revolyusiya nazariyasi bilan tanishmidi? Marksizm nazariyasidan xabardormidi?”. Afsuski, bu savollarga asosan salbiy javob berishga to‘g‘ri keladi. Zero, marksizm bus-butun revolyusion ta’limot. Shubhasiz, Behbudiy bu ta’limot bilan yaxshi tanish bo‘lmagan. Biroq, Rossiyadagi ayrim siyosiy partiyalarning, jumladan markschilarning ba’zi ijtimoiy masalalarga qarashi bilan u shubhasiz, tanish bo‘lgan. Buni, jumladan, uning 1906 yilda yozilgan va “Xurshid” gazetasida e’lon qilingan “Xayr ul-umuru avsatiho” sarlavhali maqolasidan ham ko‘rish mumkin. Unda byurokratik — mustabid firqasi (hukumat partiyasi), mashrutai avomiya — maishati mashruta firqasi (kadetlar), ishtirokiyuni — maishati mushtariqa firqasi (sotsial-demokratiya) va Rossiya musulmonlari ittifoqi partiyalari programmalaridagi ayrim o‘rinlar chog‘ishtiriladi... ayrim e’tiborli mutaxassislar xuddi shu maqoladagi ba’zi fikrlar, chalkashliklar va noaniqliklarni ro‘kach qilib, avtorni badnom etganlari sababli unga bir umrga “bolshevizmning ashaddiy dushmani” degan tavqi la’nat osib qo‘yishgan edi. Afsuski, hech kim bu maqoladan keyin Behbudiy dunyoqarashida yuz bergan o‘zgarish, uning Sovetlar hokimiyatiga munosabati va Samarqand sho‘rosining maorif noziri sifatidagi halol mehnati bilan qiziqib ko‘rmagan”.
Ko‘chirmaning keng olinishiga bir necha sabab bor. Avvalo, muallif marksizm davrida yashab turib, millat fidoyisi — Behbudiyni himoya qilyapti va uni sotsializmdan begona emas, deya sho‘rolar hukumatiga xizmati kattaligini ta’kidlayapti. Muallif aytayotgan “ayrim e’tiborli mutaxassis”lardan biri M.Vahobov edi. Darhaqiqat, u ham ushbu maqolani o‘qigan va uni “O‘zbek sotsialistik millati” kitobida tanqid ostiga olib, Behbudiyning chalkashlikka yo‘l qo‘ymaganligini, balki sotsialistlarning g‘oyalari qandayligini ko‘rsatib berganligini yozadi.
“Behbudiy sotsialistik partiyalar ustida gapirib, bu partiyalar jahonda shaxsiy mulkni tugatmoqchi, hammani ishga tortib, shaxsan ishlamaslikdan kun ko‘ruvchi kishilarni yo‘qotmoqchi, mahsulotni barcha ishlagan kishilarga teng taqsim qilib bermoqchi, dunyoda boylar bilan kambag‘allar degan tushunchani yo‘qotib, hammani teng qilmoqchi, deydi. Sotsialistlarning programmasi, Behbudiy fikricha, islom qoidalariga butunlay zid bo‘lgani uchun musulmon mehnatkashlari bu partiyadan qochishlari kerak emish. Ularning programmasi, - deydi Behbudiy, - hozir amalga oshishi mumkin bo‘lmagan xayoldan iboratdir. Agar bir falokat bo‘lib, ularning programmasi amalga oshib qolsa, qiyomat qoim bo‘larmish”.
Ko‘rinib turibdiki, bu tahlil bolshevik tomonidan tanqidiy ruhda yozilgan. Shunday bo‘lsa-da, Behbudiyning shaxsiy mulkni tugatish odamzodni ne ahvolga solishi mumkinligini aytganligining o‘zi natijani oldindan ko‘ra bilishi emasmi? Sotsialistlarning programmasi ham islom qoidalariga butunlay zidligi, uning xudosizligidadir. Behbudiy qiyomat qoim deganda millatning kelajagi ne ahvolda qolishi, qatag‘onlar bo‘lishi, iymonli kishilarni bu jamiyat halok etishini nazarda tutmadimikan? Hozir xulosa chiqarish oson, lekin voqea-hodisani avvaldan ko‘ra olish donishmandlikni talab qilmaydimi?
Qolaversa, “Ehtiyoji millat”dagi so‘zlar yuqorida nomi tilga olingan maqolasidagi fikrlarini to‘ldiradi: “Zamondin boxabar va hukumat jadida va falsafa hadisadan voqif ulamomiz bo‘lganda dinsiz va dinli tabiyyun va moddiyun, nigilist, sotsialist... yangi faylasuf va dinsizlar afkorini raddiga kitoblar tasnif qilib, masjid va minbar va majlislarga avom va havas ummatni e’tiqodini mahkam tutmoqiga bois va sabab bulurlar”.
Marksist M.Vahobov Behbudiyni tanqid ostiga olishi ma’lum edi. Zero, u o‘ziga xos partiyani tanlagan edi. S.Qosimovning himoyasi ham M.Vahobovning quyidagi asoslari oldida juda jonsizdek tuyuladi: “Behbudiy musulmonlar partiyasi ustida so‘zlab, bu partiya biz musulmonlar uchun juda zarur, shunday partiya yo‘qligi uchun biz hozirgacha ezilib kelmoqdamiz, deydi. Bu partiyaning asosiy vazifasi, uning fikricha, siyosiy masalalarda kadetlar bilan birga harakat qilib, mamlakatda konstitutsion monarxiya tuzumi joriy qilishdan, mafkura maydonidagi vazifa esa islom dinini yanada mustaxqamlab, uning ayrim qoloq, eskirgan aqidalarini isloh qilib, mahalliy mehnatkashlar o‘rtasida musulmonlik va islom axloqini saqlab qolishdan iborat emish. Agar bunday partiya bo‘lmasa, 10-20 yillar orasida bizning dinimiz buzulib, islom axloqi barbod bo‘ladi, biz qiyofamizni yo‘qotamiz”.
S.Qosimovning himoyasiga kelganda, aytishimiz mumkinki, u o‘zining o‘rganish jarayonlarida Behbudiyning millat uchun jon kuydirganligini bilgach, millat nuqtai nazaridan himoya qiladi. Gap bu himoyaning qanday asoslanganligida emas, gap uning himoya qilinganidadir. S.Qosimov Behbudiy haqida ijobiy fikr aytgan birinchi olimlardan edi.
Xulosa shulki, Behbudiy ilm-fanni, ma’rifatni, yurt ravnaqini, ozodligini o‘ylagan, uning uchun halovatidan kechgan islom kishisi edi.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)